Maxsus imkoniyatlar

Ekran o‘lchami:

50 %

Shrift o‘lchami:

50 %
Saytni baholash
0
0
Sayt test rejimida ishlamoqda...

3892025-06-04 21:53

Odam savdosiga qarshi kurash: xalqaro hamjamiyat va O‘zbekiston tajribasi

https://api3.fergana.uz/files/150400/news/news_1749055972863.jpg
Odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlar xalqaro huquq doirasida uzoq yillardan beri tan olingan muammolardan biridir. Bu boradagi ilk asosiy hujjatlardan biri sifatida 1949-yil 2-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan “Odam savdosi va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikni ekspluatasiya qilishga qarshi konvensiya”ni tilga olish mumkin. Bugungi kunda odam savdosi transmilliy uyushgan jinoyatchilikning ajralmas qismi sifatida butun dunyo miqyosida xavotir uyg‘otmoqda. BMT va Xalqaro migrasiya tashkiloti ekspertlarining fikrlariga ko‘ra, bu jinoyatdan jabr ko‘rganlar soni millionlab insonlarni tashkil etadi. Ayniqsa, chaqaloqlar savdosi — bugungi davrning eng og‘riqli va dolzarb muammolaridan biridir. Statistik ma‘lumotlarga ko‘ra, odam savdosidan tushadigan daromad miqdori dunyodagi eng daromadli jinoyatlardan biri sifatida, giyohvandlik vositalari va qurol savdosidan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Bu jinoyatchilik turi orqali yillik 7 milliard AQSh dollariga teng daromad aylanadi. Jinsiy ekspluatasiya, majburiy mehnat, bolalar mehnatini ekspluatasiya qilish kabi holatlar shu darajada keng tarqalganki, bu nafaqat inson huquqlari, balki har bir millatning genofondi va milliy xavfsizligiga ham bevosita tahdid solmoqda. Mazkur jinoyat insonning shaxsiy erkinligi, sha‘ni, qadr-qimmati va sog‘lig‘iga qarshi sodir etiladi. Ayniqsa ayollar savdosi va jinsiy qullik ularning huquqlarini qo‘pol tarzda buzish, ularga nisbatan zo‘ravonlik shakllaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu jinoiy faoliyatga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, mamlakatimiz 2000-yil 15-noyabrda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyani va uni to‘ldiruvchi “Odam savdosiga, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish, unga chek qo‘yish va jazolash to‘g‘risida”gi Protokolni imzolagan va ratifikasiya qilgan. Mazkur Protokolning 3-moddasida odam savdosi tushunchasiga quyidagilar kiritilgan: Kuch bilan qo‘rqitish, zo‘rlik ishlatish, majburlash, o‘g‘irlash, tovlamachilik, aldash, zaif ahvoldan foydalanish kabi vositalar orqali odamlarni yollash, tashish, yashirish, topshirish yoki egallash; Jabrlanuvchining roziligi ta‘sir ko‘rsatish vositalari ishlatilgan holatlarda e‘tiborga olinmasligi; Bola bilan bog‘liq har qanday yollash, tashish, topshirish, yashirish va egallash, hatto ta‘sir ko‘rsatish vositalari bo‘lmasa ham, odam savdosi deb e‘tirof etilishi. O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ushbu yo‘nalishdagi siyosati doirasida, ayniqsa ayollar va bolalar savdosiga qarshi kurashish, jabrlanuvchilarni ijtimoiy himoya qilish, jinoyatchilarni jinoiy javobgarlikka tortish, shuningdek fuqarolar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz mazkur tahdidga qarshi kurashish borasida boshqa mamlakatlar, ayniqsa mintaqaviy hamkorlar bilan o‘zaro hamjihatlikda harakat qilmoqda. ©️ Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi sudyasi Avazjon Ergashev

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!

Tavsiya etamiz