Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 31 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

QO’SHTEPA TUMANI HOKIMI I.NOVIKOVNING NAVRO’Z AYYOMI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

×

 2023-03-20 19:52:46    83

PDF yuklash
Chop etish


Assalomu alaykum, aziz qo‘shtepaliklar, qadrli yurtdoshlar!

Avvalo Sizlarni, Sizlar orqali oila a’zolaringiz va yaqinlaringizni sharqona Yangi yil, yangilanish va yosharish ayyomi - Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Azal-azaldan xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlarini, uning oliyjanob orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o‘lmas meros sifatida bezavol o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylandi.

Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg‘onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z insonning tabiat bilan uyg‘un va hamohang bo‘lib yashashida, jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-sahovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotgani uchun ham bu qutlug‘ ayyomni yuksak saviyada nishonlab kelmoqdamiz.

Darhaqiqat 2023 yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning g‘oyalari, tashabbuslari va bevosita rahnamoligi ostida olib borilayotgan islohotlar, reja va dasturlar amaliy sa’iy harakatlar avvalambor inson va uning manfaatlari,  farovon hayoti, xavfsizligi va orzu tilaklarining ro‘yobga chiqishi uchun qaratilgandir.

Buni birgina tumanimiz misolida kuzatadigan bo‘lsak,  so‘ngi yillar davomida tumanimiz markazi yildan yilga ko‘rkamlashib, bir biridan salobatli binolar qad rostladi, qishloq massivlarida esa namunaviy loyihalar asosida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega, shaharlardagi uylardan qolishmaydigan, kommunikatsiya tarmoqlari mujassam bo‘lgan  uy-joylar qurilib foydalanish uchun topshirildi va bunday bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.

Investitsiya Davlat dasturi doirasida umumta’lim maktablarimizda kapital rekonstruktsiya ishlari va yangi o‘quv binolari, sport sog‘lomlashtirish zallari qurilib tumanimiz yoshlarining zamon talablari asosida puxta bilim olishlari uchun jahon andozalariga mos o‘quv maskanlari bilan ta’minlandi.

Tumanimizda amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlaridan g‘ururlangan bobo-dehqon fermerlarimiz, sohibkoru sabzavotkorlarimiz Navro‘zi olamni yangi-yangi maqsadlar bilan kutib, dalalarga baraka urug‘i qadayotgan bo‘lsalar, sohibkoru chorvadorlar, dehqon xo‘jaligi a’zolari baland ruh, jo‘shqin kayfiyat bilan yuksak marralarni ko‘zlab, mehnat qilishayotganligi barchamizni birdek quvontiradi.

Har yilgidan yuksak paxta va g‘alla xirmoni bunyod etish, el dasturxoniga mo‘l-ko‘l qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetkazib berib, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shish fermerlarimizning azmu qaroridir.

O’lkamizga tashrif buyurayotgan, ko‘ngillarni, borliqni obodlikka, ezgulikka chulg‘ayotgan Navro‘zi olam Vatanimizning, jumladan, tumanimizning har bir fuqarosini bunyodkorlik tuyg‘usi bilan yashashga chorlab turibdi.

Muhtaram Prezidentimiz takidlaganlaridek, barchamizning harakat va intilishlarimiz negizida, avvalambor, yurtimizni, tumanimizni har tomonlama obod qilish, tinch, to‘kis va farovon hayot barpo etish g‘oyasi mujassamdir.

Aziz yurtdoshlar!

Yaqinlashayotgan eng ardoqli va eng sevimli Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

Oilalaringiz, xonadonlaringizdan fayzu baraka arimasin. Keksalarimizga umri ziyodalik, oilasi, jamiyati, yurti ravnaqi yo‘lida halol va fidokorona mehnat qilayotganlarga kuch-quvvat, yoshlarimizga fidoiylik, mustahkam sog‘liq tilayman.

Vatanimiz tinch, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lsin, azizlar. Yangi kun, Sharqona yilboshi tumanimiz ahli uchun ham omadli va barakotli kelsin!

Yana bir bor Navro‘z bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin!


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram