Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 25 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

65 YOSHIDA HAM QUROQCHILIKNI E'ZOZLAB KELAYOTGAN AYOL

×

 2021-10-27 10:38:02    287

PDF yuklash
Chop etish



Qo’shtepa tumanining Bo’ston mahalla fuqarolar yig’inida asosan qirg’iz millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilishadi. 65 yoshli Roziyaxon Sotvoldiyeva 1979 yili Qirg’iziston Respublikasining Batken viloyatidan, Bo’ston mahallasida istiqomat qiluvchi Maxsudovlar xonadoniga kelin bo’lib tushdi. Bolalikdan 2-guruh nogironi bo’lgan turmush o’rtog’i Odiljon aka bilan baxtli hayot kechirib, qiz farzandli bo’lishdi.

Roziyaxon Sotvoldiyeva ham 2-guruh nogironi bo’lishiga qaramay tikuvchilik qilardi. Gapirish va eshitish imkoniyati cheklangan bo’lsada uy ishlaridan, oila tashvishlaridan ortinib qurokchilik bilan shug’ullanardi. Qo’li gul ayol mahalladagi kelin-qizlarni sepiga buyurtmaga ko’ra quroq yostiqlar tikib berardi. Gohida to’planib qolgan yostiqlarini ona yurti Batkenga borganida hamqishloqlariga sotib kelardi.   



Roziyaxon opa yillar davomida quroqchilikni Bo’ston qishlog’ida yashovchi ayollarga ham o’rgatib keldi. Uning farzandi Sojidaxon ham onasining hunarini o’rganib ulg’aydi.

Oradan yillar o’tib qiz uzatildi, Odil aka va Roziyaxon opa qator-qator nabirali bo’lishdi. Shunday quvonchli kunlarning birida Odil aka vafot etdi.

Taqdir, qismat deganlari shu ekan-da, Roziyaxon opa hozirda yakka yolg’iz yashaydi. Lekin hayotidan nolimaydi. Qizining oilasi tinch, uch nafar bir- biridan shirin nabirasi bor.

Yakka o’zi yashayotgan Roziyaxon Sotvoldiyevani mahalladagilar yolg’izlatib qo’yishmadi. Bo’ston mahalla fuqarolar yig’inidagilar har doim uning holidan xabar olib turishadi.

Roziyaxon opa mahallaning “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Aslida u olayotgan nafaqasi va mahalladan berilayotgan yordamlar hisobiga ham tirikchiligini o’tkazishi mumkin edi. Lekin tinib tinchimas, g’ayratli va shijoatli ayol, 65 yoshida ham hamon quroqchilik bilan shug’ullanadi.

– To’g’ri, meni imkoniyatlarim cheklangan, nogironman. Lekin oyoq-qo’lim ishlaydi, ko’zlarim ko’radi. Buning uchun Allohga behisob shukur. Bundan battari bo’lsa nima qilar edim, – deydi Roziyaxon opa. – Uyda tomorqaga qarab, quroqchilik bilan shug’ullanaman. Bu ishim menga zavq bag’ishlaydi.



Darhaqiqat, hunarmandchilikning ushbu noyob turi bugungi kunda respublikamizning ayrim hududlarida e'zozlab kelinadi. Xususan, Roziyaxon opa ham quroqchilikni san'at darajasiga ko’tarib, mato parchasidan bejirim naqshlar tikadi.

Bo’lib o’tgan suhbatimiz davomida Roziyaxon Sotvoldiyeva imo-ishoralar bilan quroqchilik haqida bizga ma'lumot berdi.

Uning ishiga sinchiklab nazar soldik. Turli rang va shakldagi mayda-mayda mato parchalaridan bezak hosil qilinar ekan. Bu ish bir qarashda oddiy ko’rinsada, aslida juda mashaqqatli ekan.

Roziyaxon opa ayni kunlarda kasanachilik asosida faoliyat yuritmoqda. Shu mahallada istiqomat qiluvchi tadbirkor ayol Kimyoxon Zokirova milliy hunarmandchiligimizning betakror turlaridan hisoblangan quroqchilik bilan shug’ullanadi. Tadbirkor ayol bu ishni ustoz-shogird an'anasi darajasida davom ettirayotganligi bois, mahallada u tobora ommalashib bormoqda. Eng quvonarlisi, shu quroqchilikning ortidan ishsiz ayollarning bandligi ta'minlanmoqda. Hozirda mahalladagi 60 foiz ayollar kasanachilik bilan shug’ullanadi.

Roziya opa ham quroq yostiqlarni tikib kimga sotsam ekan deb, o’ylanib o’tirmaydi. Tadbirkordan mahsulotlarni olib, tikib beradi va tikkaniga haq oladi.



– Yurtboshimizga mingdan ming rahmat, – deydi Roziyaxon Sotvoldiyeva. Biz kabi nogiron va yakka-yolg’iz yashovchilarni e'tibordan chetda qoldirmayapti. Har doim ularning g’amxo’rliklari ostidamiz. Shu yurtda yashayotganimga, shu yurtning baxtli ayoli bo’lganimdan g’oyat mamnunman.

Roziyaxon opa bilan suhbatlashib qaytar ekanmiz, uning yuz-ko’zlarida bir olam quvonchni va hayotdan mamnunlik ifodasini ko’rdik.

Qo’shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram