Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 18 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

AYOLLARGA EHTIROM BUYUKLIK RAMZI

×

 2021-05-19 22:20:27    200

PDF yuklash
Chop etish



Farg’ona viloyati hokimi Hayrullo Bozarovning tashabbusi bilan respublikada birinchi bor “Onalarga ehtirom” festivali o’tkazilmoqda. Bir necha kundir ushbu tadbirlar Qo’shtepa tumanida ham keng nishonlanmoqda. Tadbir doirasida tuman hokimi Ilyosbek Novikov va sektor rahbarlari tomonidan yurtimiz ravnaqi yo’lida samarali va fidokorona mehnat qilgan va qilayotgan onaxonlarga, opa-singillarga ehtirom ko’rsatilmoqda. Xullas, shu tadbir bahona farzandlar onalariga, opa-singillariga yana bir bora hurmat va ehtirom ko’rsatmoqdalar. Xatto onalari bilan murosalari kelishmay qolgan o’g’il-qizlarimiz volidai muhtaramalaridan uzur so’rab, ularning nozik ko’ngillariga yo’l topmoqdalar.  

Alloh taolo insoniyat silsilasini davom ettirish uchun ayolga onalik imkonini bergan. Ayol erkak uchun taskin va osoyishtalik va libos timsoliga aylangan. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “U sizlarni bir jondan yaratgan va orom olsin uchun undan juftini yaratgan Zotdir” (A'rof surasi, 189-oyat)

Boshqa bir oyatda esa shunday deyiladi: “Ular (Ayollar) sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz”. (Baqara surasi, 187-oyat)

Ayol – borliq ko’zgusi. Uning nafis go’zalligi olamni charog’on etadi, chunki uning niyati pok, o’zi pok.  Barchalarimizga ayonki, onalarni, ayol zotini e'zozlash el-yurtimiz uchun azal-azaldan ezgu qadriyat bo’lib kelgan.

Ayol deganda ko’z oldimizga eng avvalo mo’'tabar onamiz, qadrli buvijonlarimiz, munis opa-singillarimiz keladi. Ularga qancha e'tibor, g’amxo’rlik qilsak, quvontirishga urunsak baribir ozdir. Chunki, mana shu ayollar dunyoda yangidan-yangi chaqaloq yig’isi eshitilishiga sabab bo’layotgan zotlardir. Dunyoda shunday bir zot borki, uni har kuni e'zozlasak ham, dillarini hushnud qilishga urunsak ham uning haqqini ado eta olmaymiz. Bu mo’'tabar zot–onadir.

Ona shunday bir zotki duolarida o’zini unutishi mumkin, ammo hech qachon farzandlarini unutmaydi. Shu bilan birga, onaning munisligi, mushtiparligi, jism nozikligi, ko’ngil nozikligi va boshqa taraflari ham bor. Ular otalarga nisbatan yordamga, yaxshilikka, inoyatga, lutfga, marxamatga ko’proq muhtojligi uchun ham ularga ortiqroq darajada ehtirom ko’rsatish zarur.

Payg’ambarimiz Rasululloh (s.a.v.): vidolashuv xutbalarida ummatlarini uch narsadan ogoh etib, shunday dedilar:

 “Namoz, namoz, namozga diqqat qiling, unga hech ham beparvo bo’lmang! “Qo’l ostingizdagilarga kuchlari etmaydigan vazifalarni yuklamang! Xotinlarning haqlarini hurmat qilinglar, men bu xususda Allohdan qo’rqishingizni tavsiya etaman. Xotinlarning haqqi masalasida Allohdan qo’rqinglar! Zero, ular sizning yordamingizga muhtojdirlar. Ular sizga Allohning omonatidirlar...”

Payg’ambarimiz (s.a.v.) e'tibor qaratish lozim bo’lgan asosiy 3 masalaning biri bu ayollarning haqqi hususida Allohdan qo’rqish va ularni Allohning omonati deb asrab avaylash kerakligi ekanini o’z ummatlariga nasihat qilmoqdalar.

Shunday ekan,omonatga sodiq qolib, ayollarimizning turmushini farovon qilishlikka, ularga doimo e'tiborli va muhabbatli bo’lishga harakat qilishimiz lozimdir.

Hozirda yurtimizda ayollarga qaratilayotgan e'tibor va g’amxo’rliklar ham taxsinga loyiq ishdir. Vatanimizda yashayotgan ayollarga ular xohlagan barcha shart-sharoitlar mavjuddir. Qisqa qilib aytganda, bizning yurt – ayollar qadr topgan yurt desak mubolag’a bo’lmaydi. Shunday bo’lsada, har qanday ayol suyukli yor, mehribon ona, fayzli xonadon bekasi sifatida o’rni, e'zozini topgandagina o’zini chinakam baxtli his etadi. Ayollarimizni mana shunday chinakam baxtga ega bo’lishlari uchun biz erkaklar ham mas'ulmiz. Zero ayollarga ehtirom – bu buyuklik ramzidir.

Shunday ekan, har birimiz boshimizda toj bo’lib, xonadonlarimizni nurga to’ldirib bizning haqqimizga to’xtovsiz duolarni qilib turgan volidai mehribonlarimizni dillarini shod qilib, xizmatlarida bardavom bo’lib, ularni g’animat bilib e'zozlab yashashligimizni Parvardigorimiz barchamizga nasib etsin!

Abduxoshim AXMADALIYEV,

Qo’shtepa tumani bosh imom xatibi.

 




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram