Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 63 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

“Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O’zbekistonim!”

×

 2020-08-28 15:04:55    206

PDF yuklash
Chop etish


“Vatanning ham haqlari bo’ladi”

Sizu bizga bu jannatmakon diyorni, buyuk allomalar yurtini Vatan qilib bergan Parvardigorimizga hamdu sanolar, shukronalar bo’lsin!

Sizu bizga Vatanni sevishni, o’z xalqiga, tug’ilgan ona yurtiga, diniga sodiq bo’lishni o’rgatgan Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlarimiz bo’lsin!

Vatan - insonning tug’ilgan, kindik qoni to’kilgan joydir, bolalik, yoshlik davri o’tadigan, ta'lim-tarbiya topadigan, safar qilsa, mudom qo’msaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi yo’lida xizmat qilish, uni yomon ko’zdan, qora kuchlardan himoya qilish, uning sha'nini yuqori ko’tarish - bularning barchasi Alloh subhanahu va taologa bo’lgan muhabbatimizning, U Zotning habibi, Rasuli Muhamamd sollallohu alayhi vasallamga bo’lgan muhabbatimizning mahsulidir. Zero, Alloh subhanahu va taolo bu tuyg’uni insonning fitratiga qo’shib yaratgan. Bu tuyg’u nafaqat insonda, balki boshqa maxluqotlarda ham bor. Vatanni yaxshi ko’rish, vatanni qo’msash tuyg’usi jonivorlarda ham bor. Baliq suvga, hayvon o’zining iniga, hasharot uyasiga intiladi. O’sha aqli yo’q jonivorlar ham, hasharotlar ham o’zining uyini taniydi, uni quradi, unda jufti bilan yashab, naslini davom ettiradi, zarur paytda uni himoya qiladi. Shunday ekan, aqlu zakovat, tafakkur ato etilgan, borliqdagi mavjudotlarning gultoji bo’lgan insonda esa bu tuyg’u yuksak darajada rivojlangan bo’lishi lozim.

Imom Muhammad G’azzoliy alayhirrohma shunday degan ekanlar: “Vatanning ham haqlari bo’ladi. Ularning birinchisi shu Vatanda yashaganda tinch-xotirjam, shukrona qilib yashash haqqidir. Shuningdek, Vatandan ketganda uni sog’inish, Vatan kamsitilganda g’azablanish, Vatanga hujum qilinganda uni himoya qilish ham Vatanning shu yurtda tug’ilib-o’sganlar zimmasidagi haqqidir. Shu jannatmakon Vatanda yashayapmizmi, unda tinch-totuvlik bilan yashaylik, bunga shukrona qilaylik, ilm izlabmi, tijorat maqsadidami, Vatandan safar qildikmi, uni sog’inaylik”.

Ta'kidlash joizki, Vatan sevgisining masdari bizning e'tiqodimizdadir. Zero, bu muborak tuyg’uni qalbimizga Alloh taolo solgan. Vatanni sevishni, ota-onani yaxshi ko’rishni bizga Robbimiz o’rgatgan. Shunday ekan, bu tuyg’ular Robbimizga, U Zotning habibi Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga bo’lgan sevgimizdan ortiq bo’lmaydi, balki ana shu sevgidan kelib chiqadi.

Bu yilgi Vatan Mustaqilligini tinchlik, osoyishtaligimizga shukronalar keltirib, “Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O’zbekistonim!” degan ulug’vor shior ostida nishonlayapmiz.  Mamlakatimizda o’tgan yillar davomida istiqlolimizni mustahkamlash, xalqaro maydonda nufuzga ega bo’lish va albatta, rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olish uchun misli ko’rinmagan ishlar amalga oshirildi va bu borada yuzlab loyihalar tatbiq etildi.

Ta'kidlash lozim, bu yil yurtimiz uchun ancha og’ir keldi. Bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan va insonlar salomatligi, iqtisodiy o’sishga jiddiy zarar yetkazayotgan pandemiya ming afsuski, malakatimizni ham chetlab o’tmadi. Mart oyida boshlangan karantin hali-hanuz aholi uchun bir qancha noqulayliklar va xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Kasallik tarqalishining oldini olish, aholini virusdan himoya qilish, sog’liqni saqlash tizimini isloh etish va rivojlantirish, pandemiyadan kasallanganlarni davolash uchun joy hozirlash va kerakli tibbiy jihozlar bilan ta'minlash, shuningdek, tibbiyot xodimlarini rag’batlantirish,  ishchi-xodimlarning maoshini saqlab qolgan holda masofadan turib faoliyat olib borishlarini ta'minlash uchun qator muhim loyihalar amalga oshirildi.

Yil qanchalik og’ir kelmasin tumanimizda erishilgan yutuqlar, iqtisodiy rivojlanish, ishlab chiqarish va aholini ish bilan ta'minlash masalalari ham salmoqli bo’ldi.

Istiqlol shukuhi barchamizga ko’tarinkilik ulashish bilan birga, oldimizda hali uzoq yo’l borligini, mana shu yo’lda birdamligimiz, birligimiz va xalqparvarligimiz bilan mardonavor qadamlarni birga bosib, ko’plab yutuqlarimizga qanot bo’lishini bot-bot eslatib turibdi. Shu bois, har yili bu sanani eng aziz, eng mo’'tabar, qadrli, betakror bayram sifatida keng nishonlab kelamiz.  

Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan ulug’ ayyom bilan barcha azizlarimizni muborakbod etamiz, oilalariga baxtu saodat, farzandlariga salohiyat tilaymiz! Alloh taolo yurtimizni jamiki yomonliklardan asrasin! Hamisha omad va tavfiqu hidoyat Sizga yor bo’lsin!

Abduxoshim Axmadaliyev,

Qo’shtepa tumani bosh imom xatibi.