Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
YUKSAK ISHONCHGA MUNOSIB BO’LAYLIK
2020-06-29 16:46:16 204
Zamonaviy bilim va ko’nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o’z zimmasiga ola biladigan, maqsadga intiluvchan va serg’ayrat barkamol yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim shartidir. Shu bois, so’nggi bir necha yil davomida O’zbekistonning 10 million fuqarosi yoki mamlakat aholisining 31 foizini tashkil etuvchi yoshlarga bo’lgan e'tibor tobora ortib bormoqda. Ana shunday yangilanishlar zamirida biz, yoshlar uchun ham yangi bir davr boshlandi.
Har bir yoshning tayanchi va suyanchi bo’lish kabi muhim vazifani o’z zimmasiga olgan Yoshlar ittifoqining asosiy faoliyatiga kirgan yigit-qizlar manfaatlarini himoya qilish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, ish bilan ta'minlash, kam ta'minlangan va imkoniyati cheklangan oilalar farzandlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, yosh oilalarga imtiyozlar berilishiga erishish, oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishning yangicha va samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, kitobxon yoshlarni kashf etish hamda ularni rag’batlantirish borasida samarali loyihalar tashkil etildi va izchil amalga oshirilmoqda.
Yigit-qizlarning biznes loyihalari uchun “Yoshlar - kelajagimiz!” jamg’armasi o’z faoliyatini boshladi. Joylarda “Yoshlar mehnat guzari”, “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari foydalanishga topshirildi.
Ta'kidlash joizki, tashkilotimizning tuman kengashi faoliyatini boshlagandan so’ng yoshlar bilan bog’liq eng muhim masalalarni belgilab olgan holda muammolarga yechim topish yo’lidan bordi. Tumanimizda yoshlar bandligini ta'minlash, ularga munosib ish o’rinlarini yaratish hamda ishsizlik muammosini hal etishga qaratilgan yangi loyihalar, uzoqni ko’zlab amalga oshirilgan chora-tadbirlar bugun anchagina sezilari, ijobiy natijalar bermoqda.
Xususan, joriy yil avvalida manzilli reja asosida 51 ta mahalla fuqarolar yig’ini kesimida doimiy ish joyiga ega bo’lmagan yoshlar o’rtasida so’rovnoma o’tkazilib, 2820 nafar ishsiz yoshlar ro’yxatga olindi. “Ustoz-shogird” an'anasiga ko’ra, hunarmandchilik, kasanachilikka jalb etish, hududlarda mehnat yarmarkalari tashkil qilish bilan ish topa olmayotgan yoshlarga ko’maklashish, “Har bir yoshga-bir gektar” loyihasi orqali yoshlarni fermerlarga biriktirish hamda dehqon xo’jaliklari va tomorqa yerlarida bandligini ta'minlash, “Yoshlar-kelajagimiz!” jamg’armasi va “Har bir oila-tadbirkor” Davlat dasturlari doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlar evaziga yangi ish o’rinlari yaratish orqali joriy yilning shu davrigacha qariyb 2000 nafarga yaqin ishsiz yoshlar bandligi ta'minlandi.
Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish dolzarb vazifa. Shu maqsadda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus yoshlar siyosatidagi muhim islohotlardan. Tumanda besh tashabbus yo’nalishlari bo’yicha umumiy qiymati 2 milliard 115 million so’m bo’lgan 11 ta loyiha ishga tushirildi. Jumladan, zamonaviy “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi. Markazda yoshlarning xorijiy tillarni puxta o’zlashtirishi, kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishini tashkil etish maqsadida kompyuter, ingliz hamda rus tili to’garaklari faoliyati yo’lga qo’yildi. 135 turdagi ilmiy va badiiy adabiyotlar hamda 10 000 dona elektron kitoblar fondiga ega yoshlar kutubxonasi yosh kitobxonlar uchun xizmat ko’rsatmoqda.
Qayd etish joizki, besh muhim tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishini oshirish bilan boshlangani bejiz emas. Azaldan san'at inson qalbini go’zallikka oshufta etib kelgan. San'atga astoydil mehr qo’ygan inson yomon yo’ldan yurmaydi. Shuning uchun ham yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib 13 yo’nalish bo’yicha 60 ta to’garak faoliyati yo’lga qo’yildi. Ayni vaqtda mazkur to’garaklarda 9049 nafar o’quvchi-yoshlar musiqa va san'at sirlarini puxta o’zlashtirmoqda.
Ikkinchi tashabbusni ilgari surishdan yoshlarni jismoniy chiniqtirish, sport bilan shug’ullanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadi ko’zlangan.
Mazkur yo’nalish doirasida 835 million so’m mablag’ evaziga “Qumtepa” mahalla fuqarolar yig’ini hududida sun'iy qoplamali yopiq sport inshooti va sog’lomlashtirish markazi tashkil etildi. Hozirda tumandagi mavjud 307 ta sport inshootida 941 ta to’garak faoliyati yo’lga qo’yilib, 11950 nafar o’g’il-qiz uchun muntazam jismoniy tarbiya bilan shug’ullanish imkoniyati yaratildi.
Axborot texnologiyalar davrida ular bilan ishlashni yoshlikdan o’rganish, yangi avlod dasturchilarini yaratishga qaratilgan tashabbusning uchinchi yo’nalishida tumandagi 74 ta to’garaklarda 9684 nafar yosh kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanmoqda.
Kelajak avlod ma'naviyatini yuksaltirish, ular o’rtasida kitobxonlikni keng targ’ib qilishga yo’naltirilgan to’rtinchi tashabbus doirasida tumanda kutubxonalar soni 12 taga oshirilib, ulardagi mavjud kitob fondi qariyb 50 ming donaga yetkazildi, 2 ta yangi “BOOKLAND” xizmati joriy etildi. Bundan ko’zlangan maqsad esa bugun muntazam mutolaa bilan band bo’lgan 48 ming 700 nafar kitobxonlar sonini 58 ming 968 nafarga yetkazishdir.
Yoshlar - kelajak bunyodkori. Bu shior har bir yigit-qizni shu aziz yurt, shu muqaddas zaminning ertangi istiqboli uchun fidoyi bo’lishga da'vat etadi. Shu bilan birga, har birimizda Vatan ravnaqiga daxldorlik hissini oshiradi. Ayni chog’da, mazkur so’zlar zamirida yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch ham mujassamdir. Shubhasiz, bugun yangi-yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan, barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishayotgan, o’z bilim va mahorati bilan O’zbekiston nomini jahonga tanitayotgan yurtimiz yoshlari ana shu yuksak ishonchga munosib bo’lishga astoydil harakat qiladilar. Zero, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo’shish - eng oliy baxt, buyuk kelajak bunyodkorlariga zarur imkoniyatlar yaratish esa - Vatan taraqqiyotiga qo’shilgan munosib hissadir.
Abdulqosim ABDUMALIKOV,
O’zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisi.