Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
PARALIMPIYA REKORDINI O’RNATGAN YORQINBEK ODILOV TANTANALI KUTIB OLINDI
2021-09-11 14:58:05 134
Barchamizga ma'lumki, XVI Paralimpiya musobaqalari joriy yil 24 avgustdan 5 sentyabrgacha Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo’lib o’tdi.
Ushbu musobaqalarda Paralimpiyachilarimiz yuksak matonat va mahorat ko’rsatib, 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medaliga sazovor bo’lishdi.
Umumiy hisobda mamlakatimiz terma jamoasi 160 dan ziyod davlatlar o’rtasida o’n oltinchi, Osiyo qit'asi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligida to’rtinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o’rinni egalladi.
XVI Paralimpiya musobaqalarida tumanimizning “Shomirza” mahallasida yashovchi Yorqinbek Odilov ham ishtirok etdi.
Paralimpiada o’yinlariga jo’nab ketishdan avval para-engil atletikachi Yorqinbek Odilov OAVlariga bergan intervyusida shunday degan edi:
- “Xudo xohlasa, yurtimiz bayrog’ini baland ko’tarib, yorug’ yuz bilan qaytish maqsadidamiz. Hozirda eng asosiy vazifamiz Tokio paralimpiya o’yinlarining oltin medalini qo’lga kiritish. Tayyorgarlik jarayonlari professional tarzda olib borildi. Karantin sabab yuzaga kelgan bir yillik tanaffus vaqtida ham anchagina tayyorgarlik ko’rdik. Litsenziyalarimiz soni ham ko’p. O’zbekiston milliy jamoasi medallar hisobiga ko’ra, yuqoriroq pog’onalarda bo’lishi kutilmoqda”.
21 yoshli sportchi bo’lib o’tgan musobaqalarda juda faol ishtirok etdi. Para yengil atletikaning F57 klassida nayza uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Yorqinbek Odilov 47.52 metr natijani ko’rsatdi va Paralimpiya rekordini o’rnatdi.
Afsuski, sportchimizga ushbu rekord ham kamlik qildi. Yorqinbek Odilov musobaqani 4-o’rinda yakunladi.
Musobaqalarni yakunlab o’z yurtimizga qaytgan Yorqinbek Odilov bugun oilasiga bag’riga kirib keldi. Matonatli va jasoratli paralimpiyachini mahalla ahli va yaqin insonlari karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi.
Bugun eng yaxshi tilaklar, duolar, kuy-qo’shiqlar Yorqinbek Odilov va uning ota-onasining sharafiga bo’ldi. Sportchiga izzat-ikrom ko’rsatildi.
Ushbu tadbirda tuman hokimi I.Novikov va sektor rahbarlari, tumanimizdagi mas'ul idora rahbarlari ham ishtirok etdilar.
Tuman hokimi I.Novikov Yorqinbek Odilovni erishgan g’alabasi bilan muborakbod etib, uning murabbiyi va ota-onasiga o’z minnatdorchiligini bildirdi.
Tadbirda Yorqinbek Odilovga tuman hokimligining esdalik sovg’asi va “Mustaqillikning 30 yilligi” ko’krak nishoni topshirildi.
Qo’shtepa tumani hokimligi