Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Qo’shtepaliklarning katta xirmoni
2020-07-03 18:23:39 217
Dunyo xalqlari uchun o’ta murakkab kelgan bu yilgi pandemiya sharoitiga qaramay, ob-havo injiqliklarini ko’p yillik tajribalar evaziga yenggan tumanimiz g’allakorlari davlat omborlariga 27 ming 508 o’rniga 28,5 ming tonna don topshirdilar.
O’tgan kuzda 8810 gektar maydonga don sochgan g’allakorlarimiz barcha imkoniyatlardan samarali foydalandilar. Ekinlar dehqonlar tomonidan agrotexnika talablari darajasida parvarish qilindi. Sug’orish, oziqlantirish tadbirlariga alohida e'tibor qaratildi.
- Biror yil yo’qki, tabiat dehqonni sinovdan o’tkazmagan bo’lsa, - deydi tuman hokimining qishloq va suv xo’jaligi masalalari bo’yicha o’rinbosari Fazliddin O’rinov. - Barcha sinovlarga qaramay dehqonlarimiz fidokorona mehnat qildilar. Shuning natijasida g’alla turli kasalliklardan asrab qolindi. Astoydil mehnat o’z samarasini berdi. Bugun fermerlarimiz 70-80 sentnerdan xirmon ko’tardilar. Xirmonlar donga, dasturxonlarimiz nonga to’ladigan bo’ldi.
Qo’shtepada dehqonchilikning siru, sinoatini egallagan fermerlar ko’p. “Nasibaxon-Habibaxon fayzli yeri”, “Otabek Ravshanov zamini”, “Vahobjon Abdullajon o’g’li”, “Hayotjon Ismoiljon o’g’li”, “Nusratullo Mahkamov”, “Xondamir-Saydullo yeri”, “Saydaliyev Davlatjon fayzli yeri” nomli fermer xo’jaliklari dehqonlari shular jumlasidan. Ular ham har gektar yerdan 70-80 sentnerdan xirmon ko’tarishdi.
G’alaba marrasiga yetib kelishimizda kombaynchilarni, hosilni "Farg’onadon" korxonasining Marg’ilondagi filialiga peshma-pesh tashib turgan yuzdan ortiq haydovchilarning hissalari beqiyos bo’ldi. Bugungi quvonchli kunlarda kuniga 1500-1600 tonna donni nobud qilmay o’rib-yanchib bergan Karimjon Mirzamatov, Sirojiddin Isomiddinov, Muhammadjon Rahimov, Nurillo Abdullayev, A'zamjon Miraabdullayev singari kombaynchilar nomini alohida ehtirom bilan tilga olamiz.
Otryadlarni talabchanlik bilan boshqargan, zarbdor otryadga barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga harakat qilgan barcha otryad rahbarlariga, qolaversa g’alla o’rim-yig’imida qatnashgan barcha-barchaga tasannolar aytamiz.
Tumanimiz ahlini, shartnoma rejalarini sharaf bilan bajargan fermer xo’jaliklari a'zolarini katta mehnat g’alabasi bilan muborakbod etamiz.
Qo’shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati.