Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 30 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

ALISHER NAVOIYNING TARIXIY ASARLARIGA NAZAR

×

 2021-02-04 15:22:14    2557

PDF yuklash
Chop etish


Hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub tazkiraviy xususiyatga ega bo’lgan tarixiy asarlar “Tarixi anbiyo va hukamo” va “Tarixi muluki Ajam” o’zining davlatchilik va hukmdorlikka oid falsafiy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy, ta'limiy-mafkuraviy, tasavvufona ruhdagi g’oyalari bilan qimmatli adabiy manbadir. Bu asarlar nafaqat nasrimizning go’zal namunasi, balki bugungi kunda barpo etilayotgan va asosiy maqsadimizga aylangan erkin demokratik jamiyat qurish g’oyasining asosiy mazmuni va mag’zi hisoblangan milliy-ma'naviy qadriyatlar sarchashmasidir. Shu fikrlar mohiyati yuzasidan chiqarilgan xulosalarda o’z aksini topdi.

Shoir bu asarlarda shohlar tasviriga o’ziga xos tarzda yondashgan. Shohlarning jamiyatda tutgan o’rnini ularning jangu jadallari bilan emas, balki xalq va millat farovonligi uchun qilgan ezgu amallari va saxovatli ishlari bilan belgilagan, ana shu nuqtai nazardan ular “odil” va “zolim” shohlar sifatida baholangan. Muallif ularga o’z munosabatini bildirish jarayonida “odil hukmdor” yoki “odil shoh” nazariyasini ishlab chiqadi. Odil hukmdor fazilatlarini, xislatlarini orzulariga monand holda tasvirlaydi.

O’zbek badiiy nasrida podshohlar zikri Navoiy nasriy-tarixiy asarlari misolida o’ziga xos ruh va uslubda mukammal badiiy ifodasini topdi, muallif idealiga mos murakkab obrazlar tizimi vositasida tasvirlandi. Hukmdor, shoh obrazi orqali Navoiy falsafiy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy tasavvur va qarashlarini, g’oyaviy-nazariy maqsadlarini ifodaladi. Shu tariqa u jamiyatdagi voqea-hodisalarga munosabat bildirib, zamonasi ilmiy-badiiy tafakkuri xazinasini ikki nodir asar bilan boyitdi.

 Hozirgi kunda milliy mafkuraning asosiy g’oyalari bevosita tarix va adabiyot butunligida yaratilgan, ota-bobolarimizdan bizga yodgorlik bo’lib qolgan boy ma'naviy merosimizdan oziq oladi, ularga tayanadi, ularga asoslanib o’zining asosiy qonuniyatlarini, tamoyillarini ishlab chiqadi. Navoiyning tilga olingan tarixiy asarlariga ana shu nuqtai nazardan yondashib mulohaza yuritmoq maqsadga muvofiq bo’ladi. Chunki bu asarlar nafaqat o’zining badiiy go’zalligi, til va uslubining o’ziga xosligi, tarixiy voqea-hodisalar, tarixiy hukmdorlar haqida aniq yoki afsonaviy rivoyatlarga qorishiq holda ma'lumot berishi, balki ularning o’tmishi, taqdiri va qismatidan ogoh etishi jihatidan ham ahamiyatlidir. Alisher Navoiy nasriy ijodining yirik ilmiy hosilasi bo’lgan bu ikki tarixiy asar nafaqat hozirgi kunda, balki kelajakda ham fan taraqqiyotini ta'minlovchi muhim manba, ishonchli dastur bo’lib qoladi.

U.Xolmatov,

tuman hokimining maslahatchisi.




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram