Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi doirasida seminar o‘tkazildi
2024-10-03 13:16:29 181
Asr vabosi deya atalgan giyohvandlik illati butun dunyoda avj olib, minglab odamning yostig‘ini quritmoqda, yuzlab oilani murakkab vaziyatga solib qo‘ymoqda. Shu bois ham bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bugun Qo‘shtepa tumani hokimligining majlislar zalida tumandagi barcha maktab va kasb-hunar maktablarining yoshlar tarbiyasiga mas’ul o‘qituvchilari, shuningdek, tashkilotlardan mas’ul xodimlar ishtirokida giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha “Dolzarb oylik” doirasida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimi A.Abdullayev va sektor rahbarlari ham ishtirok etishdi.
Shuningdek, tadbirda so‘z olgan tuman tibbiyot birlashmasining xodimi A.Siddiqov, tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Madaminov, “Gʻanijon ota” jome masjidi imom hatibi D.Qoraboyev, 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari U. Axmedovlar mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, salomatligiga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar to‘g‘risida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdi. Yoshlarni giyohvandlik va og‘ufurushlikdan hamda turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish eng dolzarb vazifa ekani alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, mutaxassislar giyohvandlik, tamaki va alkogol moddalar girdobiga tushganlarning organizmidagi salbiy o‘zgarishlar, ularning umumiy sog‘lig‘iga, jumladan naslga, miya va yurak, qon-tomir faoliyatiga, ruhiyatiga, shu bilan birga, ongi va tafakkuriga salbiy ta’sir o‘tkazishi haqida tahliliy ma’lumotlar va faktlar asosida, ko‘rgazmali targ‘ibot materiallaridan foydalangan holda tushuntirdilar.
Qolaversa, giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan qonuniy choralar hamda giyohvandlik bilan bog‘liq oqibatlardan xabardor bo‘lish muhimligi ta’kidlanib, giyohvandlik illatining oqibatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida “Dolzarb oylik” doirasida hamda doimiy ravishda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar har bir ta’lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda, mahallalarda o‘ziga xos tarzda, yuqori saviyada o‘tkazilishiga kelishib olindi.