Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
BOLALARNING SEVIMLI MASKANI KO‘RKAM VA ZAMONAVIY KO‘RINISH OLDI
2023-02-20 15:45:27 212
O’zbekistonda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish uchun a’lohida e’tibor qaratilmoqda. O’quv-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy, ilg‘or shakllari, yangi pedagogik va axborot texnologiyalari, ta’lim-tarbiyaning samarali shakl va usullari joriy etilmoqda. Quvonarlisi, ta’limning poydevor qatlamida bunday muhitning yaratilishidan tumanimiz bolajonlari ham benasb qolmayapti.
Bugun markaz mahallalaridan to olis qishloqlarimizgacha yangi, zamonaviy binolarda tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlarga ko‘zingiz tushadi. Langar mahallasi bolajonlarini o‘z bag‘riga olgan 8-maktabgacha ta’lim tashkiloti ham zamonaviy talablarga mos.
Bu ta’lim maskani ancha yildan buyon qishloq bolalarini tarbiyalab kelishiga qaramay, eski binoda faoliyatini olib borar edi. “Obod qishloq” dasturi doirasida mukammal ta’mirlangan 8-maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘tgan yili foydalanishga topshirildi.
“296-HIKMK” MChJ tomonidan ta’lim tashkilotining 180 o‘rinli bino qismida to‘liq qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgach butunlay ko‘rkam va zamonaviy ko‘rinish oldi.
180 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu muassasa 1984 yilda qurilgan. Dastlab, 2021 yilda viloyat hokimining Farmoyishiga asosan hududdagi maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish maqsadida 90 o‘rinli mobil (konteyner) tipdagi qo‘shimcha bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Muassasada 1 milliard 921 million so‘m mablag‘ evaziga mavjud binolar va guruhlar xonalari mukammal ta’mirlandi, atrof devori qayta tiklanib ko‘rkam qiyofa kasb etdi. Yangi ayvonchalar qurilib, kanalizatsiya va guruh xonalaridagi ichki xojatxona hamda qo‘l yuvish uchun yaratilgan sharoitlar yanada yaxshilandi. Bugungi kunda 270 nafar bolalar uchun zamon talablariga mos ta’lim-tarbiya oladigan maskanga aylantirildi. Mashg‘ulotlar jarayonida foydalanish uchun 32 turdagi tarqatma, ko‘rgazmali materiallar, plakatlar bilan ta’minlandi.
Hozirgi kunda bolajonlar tahsil olayotgan dargoh markaz ta’lim maskanlaridan qolishmaydi. Bolajonlar tarbiyachilarining turli o‘quv mashg‘ulotlarida faol qatnashmoqdalar. Xullas, dunyo mamlakatlarining maktabgacha ta’lim sohasidagi tajribalarini o‘rganish va ulardan milliy mentalitetimizni hisobga olgan holda foydalanish natijasida barpo etilayotgan, foydalanishga topshirilayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari ertamiz avlodlarining yetuk inson bo‘lib yetishishlari uchun qilinmoqda. Bugun nomi tilga olingan bog‘chamiz ham qishloq bolajonlarining ertasi bugunidan obod bo‘lishiga poydevor yaratadi, deb o‘ylaymiz.