Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
HOKIM YORDAMCHILARI – XALQ ORASIDA
2023-02-15 11:56:38 143
Langar mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Zuhriddin Turdiyevni mahallada, ish ustida uchratdik. Suhbat asnosida birgalashib, ko‘chama-ko‘cha, xonadonma-xonadon kezdik.
Zuhriddinning ta’kidlashicha, Langar MFYda 3700 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Xatlov jarayonida 621 ta xonadonning ijtimoiy ahvoli, tomorqasidan foydalanish darajasi, tadbirkorlikka ishtiyoqi bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borildi. Aholi asosan issiqxona, chorvachilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan mashg‘ul. Ayniqsa, langarliklar issiqxonada yetishtirgan mahsulotlari bilan tanilgan. Mahalla ahli mehnatkash, har faslni yeng shimarib qarshi oladigan xalq.
Hokim yordamchisi mahalla ahlining tadbirkorlik tashabbusini rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, shu orqali o‘zini va boshqalarni band qilishga erishish, mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘ygan.
Uning ta’kidlashicha, 2022 yilda dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 54 nafar fuqaroga 10-15 sotixdan uzoq muddatli ijara asosida 7 gektar yer maydoni ajratish uchun tavsiya berilgan. Tushuntirish ishlari natijasida 138 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. 278 nafar fuqaroning ishga joylashishiga erishildi, 45 nafar fuqaro 1,2 milliard so‘m oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit olishga tavsiya qilindi. Kasb-hunar va tadbirkorlikka ishtiyoqi baland bo‘lgan 27 nafar yoshlar esa 2 turdagi kasblarga o‘qitildi. 8 nafar fuqarolarga subsidiya asosida mehnat qurollari berildi. 29 ta YaTT va yuridik korxonalar tashkil etildi. Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Lekin biz quruq raqamlardan ko‘ra, amaliy ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishni ma’qul topdik.
Keyingi paytda mahalladagi odamlarni asalarichilikka ham ishtiyoqi ortib borayotgan ekan. Sarvinoz Mo‘minova ishsizligi tufayli xonadonida asalari parvarishlashni rejalashtirib, hokim yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra o‘tgan yili 30 million so‘m imtiyozli kredit evaziga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Boshlanishiga 70 kilogram asl olib, 7 million so‘mdan ortiq daromad oldi. Bu yil esa 20 million so‘m daromad olishni va kelajakda asalarichilik faoliyatini kengaytirishni rejalashtirgan Sarvinoz mahalladagi boshqa ayollarga ham bu ishni tavsiya qilmoqda.
Mahalladagi ishsiz fuqarolardan biri Zaylobiddin Yusupov esa 15 million so‘mlik imtiyozli kreditga 200 ta nasilli tovuq olib, ularni parvarishlamoqda. Uning takidlashicha, bu zotdor tovuqlarning har biri yiliga 300 tagacha tuxum berar ekan. O’tgan yili noyabr-dekabr oylarida tuxumdan yetti million so‘m daromad olindi.
Keyingi manzilimiz Elyorbek Abdurahmonovlarning xonadoni bo‘ldi. 30 million so‘mlik imtiyozli kredit evaziga barpo etilgan issiqxonada 75 yoshli Lolaxon opani uchratdik. 2022 yil aprel oyida hokim yordamchisining ko‘magi bilan tashkil etilgan 4 sotixli issiqxona ularning daromad manbaiga aylangan.
– Hokim yordamchisining uyimizgacha kelib, o‘g‘limga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgani meni hayron qoldirdi. Mana bo‘larkan-u shunaqa ishlasa… Men islohotlar samarasini oilamizda sezishni boshladim, – deydi Lolaxon opa. – O’tgan yili issiqxonaga ikki marotaba ekin ekdik, tajribamiz ham kun sayin oshib bormoqda. Daromad olayotgan joyga inson o‘z mehrini berar ekan. Uyda bekorchi odamni topa olmaysiz. Hammamiz issiqxonadagi nihollarni parvarashlash bilan ovvoramiz. Hozirda ko‘katlar ekkanmiz, daromadga kirdik.
Bir so‘z bilan aytganda Lolaxon opa singari mahalla ahli
“Mahallabay” ishlash tizimi rahbarlarni xalq bilan yanada yaqinlashtirganidan mamnun.