Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
9 FEVRAL-ALISHER NAVOIY TAVALLUD TOPGAN KUN: “INSONLARNING YAXSHISI INSONLARGA MANFAAT KELTIRADI”
2023-02-09 07:56:26 180
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz tavalludi munosabati bilan har yili 9-fevral kuni yurtimizda tantanali va bayramona kayfiyatda nishonlanib kelinadi. Navoiy bobomizning ijodi jahon adabiyoti durdonasiga javohir bo‘lib qo‘shilganligi bilan ahamiyatlidir.
Alisher Navoiy turkiy va forsiy tillarda g‘azallar bitgan. Uning nazmiy asarlari 120 ming baytdan ortiq. 51230 misradan tashkil topgan. “Xamsa” esa shoirning shoh asaridir. “Xazoyin ul-maoniy” (Ma’nolar xazinasi) devoni qariyib 45 ming misradan iborat.
Mir Alisher Navoiy butun umrini nafaqat ijodga, balki xalq farovonligi yo‘lida bunyodkorlik hamda ezgulik va xayr-saxovat ishlariga bag‘ishlagan. Bobokalonimiz faqat Hirotda emas, Xurosonning barcha viloyatlarida ham ko‘plab xayriya uylari, ko‘prik va rabotlar, hovuzlar barpo ettirgani tarixdan bizga ma’lum. Barchamizga yaxshi ayonki, Navoiy o‘z davrida zamondosh shoirlar, olimlar va san’at ahlining moddiy va ma’naviy ko‘makchisi, san’at va adabiyotning haqiqiy homiysi bo‘lganlar.
Shu sabab shoir: “Insonlarning yaxshisi insonlarga manfaat keltirganidir” deganlar va quyidagi misrani keltiradi:
Xalq aro yaxshiroq deding kimdir,
Eshitib ayla shubha raf’andin.
Yaxshiroq bil ani ulus arokim,
Etsa ko‘prak ulusg‘a naf’andin.
Xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilish har bir kishining insoniylik burchidir. Ya’ni Navoiy bobomiz aytganidek:
Odami ersang demagil odami,
Oni yo‘q, xalq g‘amidin g‘ami.
Alisher Navoiy umri davomida o‘zbek xalqi va madaniyati manfaati uchun tinmay mehnat qildi, durdona asarlar yaratdi. Bir so‘z bilan aytganda, yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida beqiyos hissa qo‘shdi. Bu o‘z navbatida, odamlarning yaxshisi degan nomga musharraf bo‘lish emasmi?!
Hayot aslida tarix va bugunning, kerak bo‘lsa istiqbolni bog‘lovchi ko‘prikdir. Alalxusus, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, har tomonlama komil insonlar etib tarbiyalash esa tarixdan Navoiy bobomiz orzu qilgan yorug‘ kunlar saodatiga asos bo‘ladi.
Boshqacha qilib aytganda, Temur tig‘i yetmagan joyni Navoiy bobomiz qalam bilan zabt etgani ham ayni haqiqat emasmi...