Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Qo‘shtepa tumani hokimi I.Novikovning “21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami” tadbirida so‘zlagan nutqi
2022-10-21 13:51:06 150
Assalomu alaykum, Xurmatli tadbir qatnashchilari!
Bugun Sizlar bilan “21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirda uchrashib turibmiz.
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni ulug‘ ayyom — O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Albatta, keyingi yillarda mamlakatimizda yangicha ruhda keng nishonlanayotgan bu bayramning alohida fayzi va shukuhi borligini barchamiz yaxshi bilamiz. Ushbu qutlug‘ sanada milliy qadriyatlarimiz gultoji bo‘lgan ona tilimizning tariximiz va taqdirimiz, bugungi hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini, uni rivojlantirish borasida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni yanada chuqur his etamiz.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan xabardorsiz. Buning tasdig‘ini o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida ona tilimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, ona tilimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.
O‘tgan qisqa davrda o‘zbek tilini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lug‘at nashr qilinganini alohida qayd etish lozim. Ayni vaqtda 5 jilddan iborat «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» fundamental tadqiqoti vazirlik va idoralar, ta’lim-tarbiya maskanlariga, mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalariga yetkazildi. Shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini o‘rgatadigan onlayn platforma, o‘zbek tili izohli lug‘atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlarimiz uchun maxsus veb-sayt yaratilgani ham, albatta, muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lgani tashkilot doirasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bilan birga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz tashabbusi bilan mazkur tashkilotning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etilgani buyuk ajdodimiz xotirasi va bebaho merosiga, shunday ulug‘ zotlarni voyaga yetkazgan xalqimizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Hozirgi kunda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ezgu intilish va harakatlarimiz hal qiluvchi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘lda milliy o‘zligimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli bo‘lgan ona tilimiz, hech shubhasiz, beqiyos kuch-qudrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ana shunday hayotiy e’tiqod va buyuk maqsad bilan yashayotgan xalqimiz doimo omon bo‘lsin!
Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman. Ona tilimiz mangu yashasin!
E’tiborlaringiz uchun rahmat!