Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 35 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

MISGAR-KANDAKORLIK MAKTABI DAVOMCHILARI

×

 2022-09-19 15:23:01    214

PDF yuklash
Chop etish



“O’zim yasagan asarlarim bilan misgar-kandakorlik san’ati shuhratini olamga yoysam deyman” – deydi hunarmand Akramxon Yunusov

Kunlarning birida Akramxon Yunusovning qo‘liga tasodifan kelib qolgan qadimiy mis idish uning hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Shu tarixiy idish tufayli misgarlikka bo‘lgan qiziqishi oshdi. Bu sohaga oid kitoblarni topib misgarlik tarixi va buguni bilan tanishib chiqdi. Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanining Sarmazor mahallasida tadbirkorlik orqasidan ro‘zg‘or tebratib kelayotgan Akramxonning dilida “men ham misgar-kandakor bo‘lsam”, degan bir umid uchquni yiltilladi. Hechdan ko‘ra kech deganlaridek, o‘ttiz uch yoshida shu hunarni boshini tutish uchun bir nechta misgarlarga uchrashib ko‘rdi. Uning maqsadi usta misgarlardan biriga shogird tushish va bu hunarning sir-asrorlarini o‘rganish edi.

Afsuski, holva degan bilan og‘iz chuchimas, har yerda toshu tarozi bor ekan.

– Misgar ustalarga shogird tushmoqchi bo‘ldim, lekin bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmas ekan, – deydi Akramxon Yunusov. – Misgar-kandakorlik hunari avloddan avlodga o‘tib kelgani uchun usta hunarmandlar o‘z sir-asrorlarini birovga o‘rgatishga ro‘yxushlik bermas ekanlar. Har safar bir ustoz topganimda shu holat takorlanaverdi... Lekin hunar o‘rgangani borgan joylarimdan baribir nimalarnidir o‘rganishga harakat qilaverdim. Shu zayl ancha vaqt o‘tsada, taslim bo‘lmadim. Albatta kandakorlik hunarini o‘rganaman, meni ham ustaxonam, ustaxonamda esa o‘z qo‘llarim bilan yasagan bejirim buyumlarim bo‘ladi deb qat’iy ahd qildim. 

Ustoz borasida omadi chopmagan shogird uyida o‘ziga sharoit yaratib, misdan buyum yasash uchun kerakli bo‘lgan asbob-anjomlarni topib keldi, yo‘g‘ini o‘zi yasadi. Shu hunarga oid kitoblarni topib o‘qidi, izlandi. Avvaliga eski buyumlarni ta’mirladi, juda yaroqsizlarini buzib, o‘rniga nimalarnidir yasashga harakat qildi. O’zi mustaqil faoliyatini yo‘lga qo‘ygach, marg‘ilonlik usta A’zamxon akadan so‘rab surishtirib, bilmaganlarini o‘rgandi. Ustadan olgan bilimlarini o‘z ustaxonasiga kelib amaliyotda qo‘lladi. Ish ustida ba’zan tunni tongga ulgan kunlari ham bo‘ldi. 

Vaqt yuguruk, mana oradan yillar o‘tdi. Qo‘shtepalik misgar-kandakor Akramxon Yunusov o‘z sohasini yaxshi biladigan, ishbilarmon usta darajasigacha yetishdi. 




Bu ishda unga o‘g‘llari yordam bermoqda. Farzandlari – Muhammadalixon va Muhammadyusufxonlar ham ota izidan bormoqdalar. Ular hali yosh bo‘lishlariga qaramay darsdan bo‘sh vaqtlarida bu san’atning zahmati va sirlarini otasidan o‘rganmoqdalar.

To‘ng‘ich o‘g‘il Muhammadalixon naqsh chizsa, kichigi Muhammadyusufxon idish yasaydi.  Usta kelajakda ikki o‘g‘lini ham yetuk usta qilib yetishtirmoqchi.

Akramxon avvallari  yasagan idishlarini joylash uchun 150 ming so‘mdan quti sotib olardi. Keyinchalik bu ishni oilaviy yasay boshladilar. Hozirda onasi va turmush o‘rtog‘i qutini o‘zlari yasashyapti. Qutiga joylangan san’at asarlarini esa chet ellarga olib ketishmoqda.

Akramxon Yunusov o‘z asarlarida noyob mis buyum yasash texnalogiyasini tikladi. Hunarmand hozirda ularni san’at darajasiga olib chiqmoqda. Uning ustaxonasidan tarixiy mis buyumlardan tortib, bugungi kunimizning zamonaviy buyumlari ham joy olgan. Hozirda u respublika “Hunarmand” uyushmasi a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Yurtimizda an’anaviy kandakorlik maktablari shakllangan. Ularga Buxoro, Samarqand, Qo‘qon, Farg‘ona, Xiva, Qarshi, Shahrisabz, Toshkent kabi va boshqa maktablarni kiritish mumkin. Ko‘plab ustalarning nomlari qo‘lyozmalarda, ularning asarlarida saqlanib qolgan. Ushbu maktablarning ustalari o‘zlaridan nodir osori-atiqalarni qoldirgan. Ularning san’atini o‘g‘illari, nabiralari davom ettirib kelmoqdalar.





Shu sababdan hunarmand Akramxon Yunusov “Nima uchun bizni Qo‘shtepa tumanida misgar-kandakorchilik maktabi bo‘lmasin?” deya misgarlik-kandakorlikning yo‘qolib ketayotgan jihatlarini tiklab kelajak avlodga yetkazib berishda o‘zining bilim va tajribasini ayamay mehnat qilib, o‘z maktabini yaratishga intilmoqda.

Shu o‘rinda hunarmand bilan bir oz suhbatlashishni joiz deb topdik. 

– Odatda, misdan qanday buyumlar yasaysiz, ular qancha muddatda tayyor bo‘ladi va narxi qancha?

– Samovar, oftoba, chilopchin, choydish, choynak, tovoq hamda boshqa uy-ro‘zg‘or va sovg‘a uchun buyumlar yasayman. Keyingi paytda ko‘proq choynak yasamoqdaman. Bir dona choynak yasash uchun bir hafta vaqtim ketadi. Qadimiy o‘zbekona usulda yaratilgan mis choynaklarning narxi bir million besh yuz ming so‘mgacha sotilmoqda.

– Sizningcha bu narx qimmat emasmi?

– To‘g‘ri, bu summa bir qarashda qimmatga o‘xshashi mumkin. Lekin uning ortida hunarmandning bir necha kunlik qo‘l mehnati, ko‘z nuri yotibdi. Tarixga nazar solsak qadimda kandakor ustalar oltin, kumush, mis, birinj (bronza) buyumlarga, shuningdek, po‘latdan yasaladigan qurol-yarog‘lar, xatto to‘p (zambarak)larga ham g‘azal, naqshlar solganlar. Ularning mehnati sermashaqqat, uzoq vaqt talab qilganligi uchun mahsulotlari yuqori bahoda yurgan. Shu tufayli, ularning mahsulotidan boy xonadonlar, yuqori unvonli harbiylargina foydalanganlar.

Hozirgi kunga kelib mis idishdan foydalanish yana urfga kirmoqda. Chunki misdan yasalgan idishni ishlatish inson salomatligi uchun foydali ekanligini xalqimiz bilib bormoqda. Ko‘pni ko‘rgan nuroniylarimizdan “mis idishda taom tortish va tanavvul qilish inson salomatligi uchun koni foyda” degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Masalan mis ko‘zada suv saqlansa suvni filtirlaganday qilib qo‘yadi. Ko‘zadagi suv qancha tursa ham aynimaydi, yoz oylarida suv muzdek bo‘lib turadi. Yozda choynakka choy damlansa ko‘p turmay aynib qoladi. Mis choynakka damlangan choy esa bir haftada ham achimaydi. Faqatgina rangi o‘zgaradi. Choy mis idishda turgani uchun ta’mi ham boshqacha, lazzatli bo‘lib turadi.

– Biror buyum yasalgandan so‘ng unga naqsh solish kerak. Andozasini oldin chizib olasizmi yoki shunday xayolan buyumga muhrlayverasizmi?

– Bilasizmi, bu ish bilan shug‘ullanaversangiz, chizma yoki andozaga hojat ham qolmas ekan. Naqshning o‘zi ich-ichi­ngizdan otilib chiqadi va uni buyumga ko‘chirasiz. Buni yillar davomida mahorat va tajribaning oshib borishi mahsuli, deb o‘ylayman. Xullas, bizning hunarda bir-birini takrorlaydigan nusxalar bo‘lmaydi. Har biri asl nusxa – yagona.

– O’zingiz qatnashib kelayotgan ko‘rgazma va tanlovlarda haqida ham ikki og‘iz so‘zlab berasangiz?

– Avvallari festivallarda bir misgar sifatida yasagan buyumlarim bilan qatnashib kelayotgan edim. To‘g‘risini aytsam, shu vaqtgacha yasagan buyumlarimni sotish uchun harakat qildim. Nolimayman hunarimni ortidan uy-joy, mashina deganlaridek... Lekin, hozirda davlatimiz tomonidan milliy hunarmandchilikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Men ham endilikda bizga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli va oqilona foydalanishga harakat qilmoqdaman. “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lganimdan keyin faoliyatimda tubdan o‘zgarish bo‘ldi – deydi Akramxon Yunusov.

Darhaqiqat, xalq amaliy san’ati namunalaridan foydalanib, bir biridan go‘zal buyumlar yaratib kelayotgan misgar-kandakor usta o‘z ijod namunalari bilan Respublika va turli xalqaro ko‘rgazmalar ishtirokchisi va yurtimizda o‘tkazilgan tanlovlarning g‘olibi hisoblanadi.

Shu kungacha uning ijod maxsullari 15 dan ortiq davlatlardagi O’zbekiston elchixonalari tomonidan o‘tkazilgan ko‘rgazmalardan o‘rin oldi. Joriy yil 17-18-iyun kunlari Xo‘jand shahrida o‘tkazilgan biznes forum va Xalqaro ko‘rgazmada ham ishtirok etdi.

Qolaversa, shu yil 30 iyunda “Yoshlar kuni” munosabati bilan poytaxtimizdagi “Yangi O’zbekiston” bog‘ida tashkil etilgan tadbirlarda ham qatnashdi. Ushbu tadbir misgar-kandakor Akramxon Yunusovning hayotida unutilmas lahzalardan biri bo‘lib qoldi. Chunki bu tadbirga  yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev ham tashrif buyurdilar. Davlat rahbari bog‘da “Besh tashabbus” yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan pavilonlar faoliyati bilan tanishib, yoshlar va tadbir ishtirokchilari bilan muloqot qildi.

Ushbu tadbirda to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammadalixon bilan ishtirok etayotgan misgar-kandakor usta Akramxon Yunusov ham davlatimiz rahbari bilan bo‘lgan muloqotda ishtirok etdi.

Shuningdek, uning mehnatlari e’tirof etilib, mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.

Bu safargi suhbatimiz ham misgar-kandakor ustaning mo‘jazgina ustaxonasida bo‘ldi. Akramxon Yunusov yurtboshimiz bilan bo‘lgan muloqot va o‘ziga bildirilgan ishonchdan ruhlanib, yangidan-yangi ijodiy ishlar ustida izlanayotgan ekan. Darhaqiqat, bunday e’tibor va e’tirof Akramxon Yunusovga o‘z ishidan yanada zavq olib ishlashga, yangi ijodiy marralarni zabt etishga undamoqda.

Suhbat yakunida Akramxon Yunusov: “Misgar-kandakor usta sifatida o‘zim yasagan asarlarim bilan kandakorlik san’ati shuhratini olamga yoysam deyman. Qaniydi, bizni usta-hunarmandlarimizning ishlari ham jahonning mashhur muzeylaridan joy olsa, deb orzu qilaman. Shunday san’at asarlarini yarata oladigan hunarmadlar ko‘p yurtimizda. Har bir ustaning o‘z “dastxati” bo‘ladi va u yashayotgan davri, o‘z hissiyotlari-yu, kechinmalarini yaratayotgan asarlariga jo etadi. Ularda milliylik bo‘lishi, milliy tarixiy obidalarimiz aks etishi nur ustiga nur. Men ham kelgusida yaratadigan asarlarimda misgar-kandakorlikning yo‘qolib ketayotgan jihatlarini tiklab kelajak avlodga yetkazib berish niyatidaman”, degan fikrlarni bildirib qoldi.

Qo‘shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram