Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 38 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

TABRIK

×

 2022-05-01 22:57:20    152

PDF yuklash
Chop etish



HAYIT MUBORAK!

Yurtimizda tinchlik-omonlikda o‘tayotgan ushbu kunlarning fayziga hech narsani tenglashtirib bo‘lmaydiki, muborak Ramazon oyining oxirgi kunlarini ado etib, ulug‘ ayyom—Hayit bayramiga peshvoz chiqyapmiz.

Kuzatib qolayotganimiz sharif oyda musulmonlarning xayru saxovati, mehr-muruvvati jo‘shib, himmatlari yuksaldi. Ramazonning imkoniyatlaridan foydalanib, ajru savoblarni chandon oshirib olish niyatidagi yurtdoshlarimiz yordami bilan ko‘plab muhtojlar, ko‘ngli yarimlarga mehr-muruvvat ko‘rsatiladi va ko‘rsatilmoqda.

Shundayin shukuhli kunlarda mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik, e’tiqod borasida olib borilayotgan ezgu ishlarga ham to‘xtalib o‘tish joiz. Bunga Ramazon oyida masjidlarimizda ado etilgan ommaviy xatmi Qur’onlar, ish va o‘qish joylarida ro‘zadorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yaqqol misoldir. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ramazon oyining ilk oqshomida diyorimizning 2080 dan ziyod masjidida taroveh namozlari boshlangan bo‘lib, oy davomida 1520 dan ortiq jomeda xatmi Qur’onlar amalga oshirildi. Inshoolloh, bu ulug‘ amallar Yaratganning fazlu karami ila o‘lkamizga xayr-barakot, ofiyat, ravnaq ato etilishga zamin bo‘ladi, deya umidvormiz.

Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalariga asosan Ramazon hayiti munosabati bilan besh kunlik dam olish belgilanganligi diniy e’tiqodimizga nisbatan yuksak e’tibor va ehtirom belgisi sifatida xalqimizni behad mamnun etdi. Sayru sayohatga chiquvchilar uchun imtiyozlar yaratib berildi.

Ushbu hordiq kunlarini islom odobi, ahkomlariga ko‘ra mazmunli, bid’at-xurofotlardan xoli o‘tkazish muhimligini ta’kidlamoqchiman. Zero, bu ayyom ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz ifodasini mujassam etadi: xalqimiz o‘zaro mehr-oqibat, xayru saxovat tadbirlarini uyushtiradi, ko‘ngli o‘ksik, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinadi. Ota-ona va farzandlarga sovg‘a ulashish, keksalarni, zaif va betoblarni ziyorat qilish, ularga hadya berib quvontirish dinimiz targ‘ib qilgan amallardandir.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda hayit kunlari isrofgarchilikka sabab bo‘ladigan turli marosimlar o‘tkazish odat tusiga kirganini ham yashirolmaymiz, bu, shariatimizda yo‘q.

Yaqinlari vafot etgan xonadonlardagi, nikoh to‘ylari bo‘lgan oilalardagi “yangi hayit”, “hayit yo‘qlovi” kabi marosimlar bid’atdir. Bayramni xursandchilikda, mehr-saxovat ko‘rsatish bilan o‘tkazish buyurilganini unutmaylik. Shu qutlug‘ kunlar ostonasida arazlashganlarni yarashtirganlar qanday ajrli ish qilgan bo‘ladilar.

Alloh taolo mohi Ramazonning sharofati bilan, saharligu iftorlarda, Qadr kechalarida qilingan xolis duolarimiz barakoti bilan el-yurtimizni tinch, xotirjam, iymon-e’tiqodimizni mustahkam, buyuk allomalar yurti bo‘lmish jannatmakon Vatanimizning kelajagini munavvar etsin! Qilayotgan ziroatlarimizga barakotlar yog‘dirsin.

Hayit bayrami barchamizga muborak va xayrli bo‘lsin, azizlar!

Abduhoshim AHMADALIYEV,

tuman bosh imom-xatibi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram