Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Iyul 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031    

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 206 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

OILAVIY AJRIMLAR NEGA KO’PAYMOQDA

×

 2021-12-06 20:02:04    550

PDF yuklash
Chop etish



Yurtimizda azaldan oila muqaddas qo‘rg‘on sifatida e’zozlangan. Zero, inson qalbida ahillik, mehr-oqibat tuyg‘ulari, ilm-ma’rifatga oshno bo‘lish ko‘nikmasi, avvalo, shu aziz dargohda shakllana boshlaydi. Bosh qomusimizda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini, deb belgilanganligi zamirida ham ana shu milliy qadriyatlarimiz mazmuni mujassam. Oilani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularni har tomonlama jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida barqarorligini ta’minlash har bir mamlakatning doimiy e’tiborda bo‘ladigan ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi.

 Turmushimiz tobora farovonlashayotgan paytda oilalar mo‘rtlashayotgani, oilaviy ajrimlarning birmuncha ko‘payib borayotganligi tashvishlanarli holat. Buning oqibatida qanchadan qancha oilalarning obro‘si to‘kilmoqda. O’rtadagi farzandlar tirik yetim bo‘lib, bechora farzandlar ushbu holatdan sarson va sargardon bo‘lib, nima qilishni bilmay qolmoqda. Otasiga boray desa ona norozi, onasiga boray desa ota ruxsat bermaydi. Bola ikki o‘tni orasida qolib, bir qancha mashaqqatlarga duch kelmoqda. Natijada esa bolaning tarbiyasi buzilmoqda. Ota-ona ajrimi aksar hollarda farzandni noqobil bo‘lib voyaga yetishiga sabab bo‘lmoqda. Ruhiy iztiroblar bolaning sog‘lom voyaga yetishiga salbiy ta’sir qiladi. Qalbi butun umrga kemtik bo‘lib qoladi.

 Oila mustahkamligi jamiyat mustahkamligining garovi ekan, bu borada oilaviy ajrimlarga yetaklovchi omillarni tahlil etishning hayotiy ahamiyati bor. Oilaviy ajrimlarning salbiy oqibatlarini ko‘pchilik, ayniqsa, katta yoshdagilar yaxshi tushunadi. Shu bois har bir insonning suyanchi sanaluvchi bu muqaddas dargohga darz yetmasin, deymiz.

 Oilaviy ajrimlarga sabab bo‘layotgan omillar juda ko‘p. Keling, bugun ularning ayrimlari haqida fikr-mulohaza yuritsak. Aytaylik, oilalarning bir-biriga mos emasligi (lo‘nda qilib aytganda, teng tengini topmaganligi) ham ajrimlarni yuzaga keltiradi. Ya’ni kuyovning oilasidagi hayot tarzi kelinnikiga umuman o‘xshamaydi. Ularning hayotga munosabati, dunyoqarashi, fikrlashi, moddiy imkoniyatlari butunlay farq qiladi. Oxir-oqibat kelishmovchilik, o‘zaro janjal, dilxiraliklar ro‘y beradi va bu holat ajrim bilan yakunlanishi ham hech gap emas. Bunday vaziyatda ota-onaning bir umr yiqqan-terganlari, to‘yga qilgan xarajatlari, hattoki, shirindan-shakar farzandlar ham ko‘zga ko‘rinmay qoladi.

 Masalan, urf-odatlar, qaynonaning kelinga soliq solishi, kuyovning esa kelin tomondan mulk ta’ma qilishi, kelinlarning ota uyiga “gap tashishi”, telefon va ijtimoiy tarmoqlar, yoshlarning na fikrlash, na pul topish borasida mustaqil emasligi, yigitlarning o‘z so‘zini o‘tkazishga harakat qilishi, qizlarning esa “xo‘p”dan yiroqligi, diniy bilimdan bexabarlik, o‘zaro hurmat tushunchasining yo‘qolishi, besabrlik, aybini tan olmaslik kabilar ham ko‘p hollarda ajrimlarga sabab bo‘layotganini ham tahlillar ko‘rsatmoqda.

 Ayrim erkaklar hech qayerda ishlamaydi. Ro‘zg‘orning butun tashvishlarini ayolining zimmasiga yuklab qo‘yadi. Farzand tarbiyasiga ham qarashmaydi. Bu ayolni ham ma’nan, ham jismonan toliqtiradi.

 Er yoki xotinning uzoq muddat chet davlatlar­­da bo‘lishi ham oraga sovuqchilik tushishi, oilalarga darz ketishiga olib kelmoqda. Haddan tashqari rashk qilish, bir-biriga ishonchsizlik ham ajralish sabablaridan biri.

 Yoshlar kelin-kuyovlik haq-huquqlari, burch va mas’uliyatlarini yaxshi bilmasliklari, oilaviy madaniyatni tushunmasliklari, umuman olganda yoshlarning oila munosabatlariga tayyor emasliklari oila buzilishiga asosiy sabab hisoblanadi. Oila qurish, uni yuritish qanday amalga oshirilishi, oila a’zolarining bir-birlariga munosabati qay tarzda bo‘lishi haqida muqaddas dinimiz ta’limotlaridan xabardor bo‘lish oila mustahkamligining omilidir. Albatta, har bir narsani bilib, uning mazmun-mohiyatiga tushunib yetib, bilim asosida olib borilishi ko‘p yaxshiliklarga sabab bo‘ladi. Oila munosabatlari juda nozik va murakkab bo‘lib, nihoyatda ehtiyot bo‘lish, unga jiddiy qarash lozim. Farzandlarimizning faqat moddiy jihatlari emas, balki ma’naviy dunyosiga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur.

 Eru-xotinlarning o‘zaro munosabatlarida sabr va bag‘rikenglikning yetishmasligi oila buzilishiga sabablardan biridir. Hayot juda murakkab jarayon bo‘lib, unda turli holatlar uchrab turadi. Gohi shodlik, gohi g‘am deganlariday oilada er va xotin o‘rtasida ham turli sabablar ila kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Shoshqaloqlik, jahlning tez chiqishi, qanoatsizlik, manmanlik, tirnoq ostidan kir qidirmoqlik oilaviy munosabatlarga putur yetkazadi. Shuni aytib o‘tish joizki, er xotinining bir yomon xulqidan norozi bo‘lsa, uning boshqa yaxshi tomonlari ham bor ekanligini unutmasin. Ayol ham o‘rni kelganda g‘azabini yutishi, garchi yoqmasada, oilaviy hurmat yuzasidan ba’zi narsalarga chidashga odatlanishi lozim.

 Ma’naviy jihatdan bir-biriga sabr qilish lozim bo‘lganiday, moddiy jihatdan ham qanoatli va sabrli bo‘lish juda muhimdir. Chunki, oilada ko‘pgina kelishmovchiliklar yetishmovchilikdan kelib chiqadi. Oila a’zolariga hurmat, qaynota-qaynonaning duolari degan narsalarga e’tibor kamayib ketayotganday go‘yo. Har qanday vaziyatda ham oila muqaddas ekanligi, uning shu darajaga yetishida ota-onalarning mashaqqatli mehnatlari, harakatu xarajatlari va eng asosiysi vaqt sarf bo‘lganini unutmaslik kerak.

 Xalqimizda “Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketadi”, degan maqol bor. Barakasi, xotirjamligi arigan oilada esa tinchlik, farovonlik bo‘lmaydi. Bir oilaning ravnaqi mamlakat taraqqiyotiga daxldor ekani ham shundan.

 Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, jamiyatimizning kelajagi oilalarning mustahkamligiga bog‘liq. Oila nikoh asosida vujudga keladigan farog‘at maskani bo‘lmog‘i darkor. Uni yuritishda ilohiy ta’limotlarga amal qilinadigan bo‘lsa, u haqiqatda mustahkam va bardavom bo‘ladi. Bu borada har birimiz bir yoqadan bosh chiqarib, oilalarning mustahkamligi, jamiyatimizning sog‘lomligi hamda farzandlarimizning porloq kelajagi yo‘lida o‘stirayotgan o‘g‘il-qizlarimizga to‘g‘ri tarbiya berib bormog‘imiz lozim.

M.O’rmonova,

Qo‘shtepa tumani bosh otinoyisi.




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram