Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 35 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

GENDER TENGLIGI

×

 2021-11-25 19:23:19    317

PDF yuklash
Chop etish



Gender tengligi haqida gapirar ekanmiz, mazkur tushunchani o‘ziga aloxida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, gender tengligi bu jamiyatda, oilada ayollar va erkaklarning teng huquqligi ekanligidir.

 O’zbekiston gender tengligi ko‘rsatkichi ro‘yxatida 2019 yildan boshlab qatnashishni boshlagan. 2019 yil holati bo‘yicha O’zbekistonning gender tengligi ko‘rsatkichi ro‘yxatdagi 189 mamlakat ichida 62-o‘rinni egalladi.   

 Hozirgi kunda gender tenglikka davlatimiz tomonidan jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan erkak va ayollarning teng huquqli ekanligi Konstitutsiyamizning 46-moddasida ham keltirib o‘tilgan.

 Bundan tashqari, davlatimiz tomonidan gender tenglikni ta’minlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, ularga  O’zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, O’zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4235-son qarori, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 402-sonli qarori va boshqa qonuniy hujjatlar yaqqol misol bo‘la oladi.

 Birgina O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil

7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4235-son qarorida tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmasida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilganligi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘linmalari, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilganligi, shuningdek, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni ta’sis etilganligi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilganligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, Qarorga asosan xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida:

 2019 yil 1 maydan:

ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilindi;

 tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxati tasdiqlandi;

 bola parvarishlash ta’tilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qo‘shimcha bir oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili berildi;

 ikki yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi berildi;

 ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlandi;

 erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadigan bo‘ldi.

 Qarorga ko‘ra ya’na Xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O’zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magidagi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tuzildi.

 Quyidagilar Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

 mamlakatda gender tenglikni ta’minlashga va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish;

 davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish;

 kasbiy segregatsiya, ish haqi o‘rtasidagi farq, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ulushini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

 ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

 ayollarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda keng qamrovli targ‘ibot ishlarini tashkil etish.

 Bu kabi tashkilotlarni tuzishdan maqsad ayollarni hayotda qiyinchilik ko‘rishlariga yo‘l qo‘ymaslik, ularni har tomonlama ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham siyosiy qo‘llab-quvatlashdir.

 Gender tenglik yurtimizda keng ko‘lamda ta’minlanayotganligini biz ayollarni davlat tashkiloti va korxonalarining muhim rahbarlik lavozimlariga tayinlanayotganligi hamda saylanayotganligida ko‘rishimiz mumkin. Bu ayolarga hozirgi kunda davlatimiz, hukumatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilganligidan dalolat beradi.

 Yuqoridagilardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, gender tengligi asosida ayollar huquqlari va manfaatlari davlatimiz siyotining muhim bo‘lagi hisoblanib, doimo uning diqqat markazida bo‘ladi.  

  A.AKBAROV,

Marg‘ilon tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.    

F.OBIDOV,

Marg‘ilon tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri.                                                                  




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram