Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Fevral 2023 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 29 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Mustaqillik bayrami munosabati bilan Qo‘shtepa tumani hokimi I.Novikovning tabrigi

 2021-08-31 22:13:24    6

PDF yuklash
Chop etish


OZOD VA OBOD YuRTGA BAYRAMLAR YARASHADI

Mustaqillik bayrami munosabati bilan Qo‘shtepa tumani hokimi I.Novikovning tabrigi

Qadrli yurtdoshlar!

Avvalambor, bugungi quvonchli ayyomda butun tumanimiz ahlini Vatanimiz Mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

O‘tgan qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli istiqlol yo‘lini bosib o‘tdi.

Ayniqsa, so‘nggi besh yil mobaynida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning butun dunyoga ochilishi uchun barcha sharoitlarni yaratmoqda. Jahon ham o‘z o‘rnida, O‘zbekistonga yuz tutmoqda.

Biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan shu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini yana bir bor chuqur his etamiz.

Aziz do‘stlar!

Mustaqillik tufayli biz dunyo hamjamiyatining teng huquqli a’zosi bo‘lib, yorug‘ kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etmoqdamiz.

Istiqlol yillarida erishgan yutuqlarimizga tayanib, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari dadil qadam qo‘ymoqdamiz.

Biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lgan aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. 

Tumanimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ham barqaror o‘sishga erishilmoqda, sanoat salohiyatini rivojlantirish, servis va xizmat ko‘rsatish dasturi loyihalari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Tumanimizda paxta va g‘allachilik, chorvachilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilik tarmoqlarini ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish, eksport imkoniyatlaridan samarali foydalanish, qayta ishlashning istiqbolli tizimini yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, qishloq mulkdori bugungi kunning peshqadam tadbirkoriga, jahon bozorining ishonchli ishtirokchisiga aylanmoqda.

Fermerlarimiz boshoqli dondan barakali xirmon ko‘tardilar. Ular tomonidan 24362 tonnadan ziyod don topshirildi. Topshirilgan donning 3925 tonnadan ziyodi urug‘likka sotildi.

Yurtimizda koronavirus pandemiyasi bo‘lishiga qaramay qurilish ishlari qizg‘in olib borilyapti.

Ayniqsa, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari tumanimizning eng chekka hududlariga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirmoqda. Odamlarning fikri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda, qishloqda turmush madaniyati oshib bormoqda.

Joriy yilda ham “Obod qishloq” dasturi asosida tumanimizning “Do‘rmon” va “Istiqbol” mahallalarida katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qishloqlarimizda bir-biridan chiroyli va barcha qulayliklarga ega ko‘pqavatli uy-joylar qurilmoqda. Qolaversa, tumanimizda xar jabhada ana shunday keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Bir yilda shunday katta hajmdagi bunyodkorlik ishlarini bajarish bundan 30 yil oldin ushalmas orzu, katta armon edi.

Yoshlarning ertangi porloq kelajagiga barchamiz mas’ulmiz. Tumanimizda “Yoshlar daftari”ga 4921 nafar yoshlar kiritilgan bo‘lib, ularning 1591 nafari doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi.

267 nafariga 5,8 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. 2014 nafariga “Har bir yoshga – bir gektar” tamoyili asosida 201,4 gektar yer maydonlari ajratildi. 611 nafari “Ustoz-shogird” tamoyili asosida, 222 nafariga esa “Subsidiya” ajratildi.

  “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 260 nafar yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 491 mln. so‘m mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, tumanda yoshlar o‘rtasida 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash maqsadida madaniyat, san’at, kitobxonlik sport yo‘nalishlarida tashkil etilgan ko‘rik-tanlov, sport musobaqalari, intelektual o‘yinlari, yoshlar oyligi doirasida faol qatnashgan hamda g‘olib va sovrindor yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tgan 6 oy mobaynida 12 mln. 475 ming so‘m mablag‘ sarflandi.

Tumanda 2021 yilda 39 ta yangi investisiya loyihalari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun jami 235 mlrd. 589 mln. so‘m (o‘z mablag‘laridan 202 mlrd. 908 mln. so‘m, bank kreditlaridan 12 mlrd. 200 mln. so‘m, xorijiy kreditlar 1 mln. 579 ming dollar, xorijiy investisiya 300 ming dollar) mablag‘lar sarflanishi hamda 1024 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda yuqoridagi investisiya loyihalaridan 17 tasi ishga tushirilgan. Ushbu loyihalarga 55 mlrd. 869 mln. so‘m (o‘z mablag‘lardan 40 mlrd. 518 mln. so‘m, bank kreditlaridan 9 mlrd. 966 mln. so‘m, xorijiy kreditlar 494 ming dollar) mablag‘lar sarflandi. Hamda 217 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Barcha ishlarimizning zamirida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik mujassam. Axir osudalik bor ekan, biz ertangi kunga yorug‘ umidlar bilan qaraymiz, yuksak marralarni ko‘zlab mehnat qilamiz.

Tinch ekanmiz, har bir kunimiz mazmunli kechadi, to‘ylar to‘ylarga ulanadi, xalqimiz uchun ardoqli, ulug‘ sanalarni keng bayram qilamiz.

    Aziz va qadrli tumandoshlar!

Eng ulug‘, eng aziz ayyom-mustaqillik bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, Ona vatanimizdan tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjixatlik, fayzu baraka arimasin. 

Mustaqillik quyoshi Vatanimiz uzra abadiy porlayversin, azizlar! Yana bir bor mustaqillik bayramingiz muborak bo‘lsin!