Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
QONUNCHILIK YANGILIKLARI
2021-06-29 19:28:51 133
Er munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta'minlash,
erga bo’lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to’g’risidagi Prezident Farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyati
Farmonning maqsadi – Er uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta'minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy muomalasining ob'ekti sifatida erkin muomalaga kiritish.
Farmonga ko’ra, 2021 yil 1 avgustdan:
yer uchastkalari xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida ajratiladi;
yer uchastkalari davlat tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi;
(bunda ilgari ajratilgan yer uchastlariga bo’lgan huquqlar saqlanib qoladi)
ijaraga olingan yer uchastkasidagi ko’chmas mulk boshqa shaxsga o’tgan taqdirda, yer uchastkasiga ijara huquqi ham yangi mulkdorga o’tadi;
qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov orqali faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
qishloq xo’jaligiga mo’ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auktsion orqali realizatsiya qilinadi;
barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo’sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi;
(ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtda yer uchastkasini olib qo’yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi)
davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
(ushbu yerlar xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin)
ko’p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi mulkdorlarga umumiy foydalanish uchun doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
2021 yil 1 avgustdan Vazirlar Mahkamasi faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini to’g’ridan-to’g’ri ijaraga berishga haqli:
davlat ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalariga –Qishloq xo’jaligi vazirligining taklifiga asosan;
agrosanoat klasterlariga – yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag’i depozitga qo’yilganda, Qishloq xo’jaligi vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (er maydoni hajmiga ko’ra ortib boradi) bo’lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun – loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag’ avvaldan maxsus hisob raqamga joylashtirilganda;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga – ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq to’lagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).
YEr to’g’risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo’yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi (ishchi organ – prokuratura).
Kadastr organlari yerdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda ushbu yerga bo’lgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to’g’ridan-to’g’ri sudga murojaat qilishi mumkin.
Farmonga ko’ra, 2021 yil 1 avgustdan hokimliklarning yerga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:
yerni to’g’ridan-to’g’ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo’l bilan tasarruf qilish;
tuman va shahar hokimliklari tomonidan yerga bo’lgan huquqlarni belgilash, e'tirof etish, o’zgartirish, bekor qilish;
sug’oriladigan yerlarni sug’orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug’orilmaydigan qishloq xo’jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o’tkazish;
jamoa bog’dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo’jaligini yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yerga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash;
2021 yil 1 avgustdan qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar to’liq bekor qilinadi.
Davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini to’g’ridan-to’g’ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlanadi.
Avazjon ERGAShEV,
jinoyat ishlari bo’yicha Qo’shtepa tumani sudining raisi.