Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
ASALARICHILIK: HAM DARMON, HAM DAROMAD
2021-05-28 23:42:08 379
Qo’shtepa tumanining Soybo’yi mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi Ma'mirjon Xolmatov 1985 yildan buyon yetti xazinaning biri asalarichilik bilan shug’ullanadi. 50 nafarga yaqin shogirdi bor. Ma'mirjon aka bu sohani miridan sirigacha juda yaxshi biladi. Bu inson oila a'zolari bilan birga mehnat qilib, asalarichilikdan yiliga 60 million so’m daromad topadi.
Ma'mirjon Xolmatovning mehnatlari munosib taqdirlanib, “Namunali tomorqachi” ko’krak nishoniga sazovor bo’lgan.
Biz bilan bo’lgan suhbatda Ma'mirjon Xolmatov asalarichilik ham darmon, ham daromad ekanligi haqida so’zlab berdi.
– Xalqimiz, asalarini yetti xazinaning biri, deb hisoblaydi. Haqiqatan ham shunday. Bu mitti hasharotning foydasi juda katta. Asalari zahri, suti, propolisi, gulchangi ko’pgina xastaliklarga davodir.
O’simlik gulini chetdan changlantirishi natijasida, ularning turlarini sog’lomlashtirish va yuqori mahsuldor navlarni vujudga keltirishga sharoit yaratadi va hosilini ma'lum darajada oshiradi.
Asalarining normal oilasi 50-80 ming ishchi asalari, yuzlarcha erkak asalari va bitta ona asalaridan tashkil topadi.
Asalarichilikda shu paytgacha hali inson tomonidan birorta ham asalari zotlari yaratilmagan. Shunga qaramasdan har bir hududning tabiiy-iqlim sharoitiga moslashgan asalari zotlari bor.
Yurtimizda ko’p asal beradigan mahalliy asalari zoti bilan birga «O’rta rus», «Kulrang Kavkaz tog’ asalarisi», «Karpat» «Italiya» va «Krainka» asalari zotlari tarqalgan.
Asalari oilasining asal berish miqdori va sifati turli omillarga bog’liq. Umuman bitta asalari oilasi uy sharoitida o’rtacha 15–20 kg. gacha asal bera oladi. Agar asalari oilasi to’g’ri parvarishlansa undan ham ko’p asal olish mumkin. Bular albatta, ularni serasal o’simliklar joylashgan joyga ko’chirib turishga va asalari zotiga bog’liqdir.
Xullas, uy sharoitida 10 tagacha asalari oilasini boqish bemalol o’zini oqlaydi. Xo’sh, uy sharoitida asalari oilasini boqishni qanday yo’lga qo’yish mumkin? Agar hovlingizda yetarli sharoit bo’lsa, hech ikkilanmay, bu ishni boshlayverishingiz mumkin. Buning uchun eng avvalo yaxshi asalari zotlarini tanlab, xarid qiling.
Agar, siz asalari oilasini xarid qilmoqchi bo’lsangiz, avvalo sog’lomligiga e'tibor bering. O’zingizga yoqib qolgan asalari oilasiga chetdan turib razm soling, asalarilarni uyadan uchish va qaytib kelishiga e'tibor bering. Ularning uchish parvozi bir tekis bo’lishi kerak. Negaki, ba'zi asalari oilalarida asalari parvozi ancha sust bo’ladi. Bu asalari oilalarida ona asalari keksa va kammahsulligidan darak beradi.
Bundan tashqari, uyadagi ona asalari yoshiga ham e'tibor bering. Yosh ona asalarilar harakatchan, keksa ona asalarilar esa sekin harakat qilib, qanotlarining uchki qismi bir oz yeyilib, qirqilganday bo’ladi.
Uyadagi ramkalardagi naslni joylashishiga e'tibor qarating. Ramkadagi ochiq va yopiq nasl bir tekis joylashgan bo’lsa, demak ona asalari yosh, serpusht bo’ladi. Oilada erkak asalari ko’p bo’lsa, bilingki, ona asalarining yoshi kattadir. Bunday ona asalarini almashtirishga to’g’ri keladi.
Ko’p asal beradigan asalari oilasini qanday aniqlasa bo’ladi? Asalari oilasini kuchiga qarab, albatta, ko’p asal beradigan asalari oilasida ramkalar soni 10–15 ta va undan ham ko’p, asalari soni esa 50–60 ming atrofida bo’ladi. Bu ramkalarda 8–10 tagacha ochiq va yopiq nasllar (qurtchalar) bo’lishi lozim. Ramkalar orasidagi yo’lakchalar asalari bilan zich joylashgan bo’lishi kerak. Bu belgilar, albatta asalari oilasi kuchli va ko’p asal to’plashidan dalolat beradi.
Uy sharoitida asalari boqishni tashkil qilganingizda joy tanlashga ham alohida e'tibor bering. Buning uchun asalari qutilarini joylashtirishda quyoshli joy tanlang, asalari uchadigan tuynuklarni janubga qaratib qo’ying. Qutilar ostida qoziqchalar bo’lishi lozim, aks holda har xil zararkunandalar uyaga kirib, asalarilarga zarar yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, maxsus idishlarga suvdonlar qo’yish lozim. Bu esa asalarilarni suv izlab boshqa iflos suvlardan ichishining oldini oladi.
Asalari oilasini parvarish paytida daladan yaxshigina shira kelayotgan bo’lsa, yangi mumpardali ramkalarni bir kunda to’qiydi. Bunday davrda uyadagi ramkalarni ustki qismi oqaradi, hatto uyadagi ramkalar ustidagi surp-matoni ham mum bilan yopishtirib tashlaydi. Bu asal tortish davri boshlanishini bildiradi.
Asal tortish mavsumi yil davomida 2–3 marotaba, ayrim yillarda esa undan ham ko’p bo’lishi mumkin. Asal tortish mavsumi tugagach, asalari oilasi qishlovga tayyorlanadi. Buning uchun asalari oilalarida ko’proq yosh asalarilar bo’lishini ta'minlash lozim. Har bir asalari oilasiga qishlov uchun uning kuchiga qarab 10–15 kg gacha sifatli ozuqa-asal qoldirish maqsadga muvofiqdir.
Asalari oilasini tashqi harorat salqin joyda 14 oS dan past bo’lmaganda, tekshirishga kirishiladi. Agar umumiy ahvoli qoniqarli bo’lsa, u holda to’liq tekshirish ishlari havo harorati 16–18 oS bo’lguncha qoldiriladi.
Asalari oilasini tekshirayotgan vaqtda asalarichining qo’li toza, oq yoki qora xalat hamda qo’lansa hid kelmaydigan (atir, upa, piyoz, sarimsoqpiyoz, benzin, kerosin, ter hidi) kiyimlarni kiyishi kerak, shunda asalarilar kam bezovtalanadi va chaqishga harakat qilmaydi.
Tekshirishda tutatgich yordamida asalari uyasiga asalari kiradigan tuynukcha orqali 2–3 marta tutun tutatilada, oradan 1–1,5 daqiqa o’tgach uya qopqog’i ochilib, ustki yopqichning bir chekkasini qaytarib, sekin-asta ramkalarni asalarichi iskanasida sug’urib olib, tekshirishga kirishiladi.
Uyani tekshirish vaqtida asalarilar bilan ishlash qoidasiga (uyani taqillatmay, asalarilarni bezovtalantirmay) amal qilish kerak. Asalarichi asalari kiradigan tuynukcha oldini to’sib qo’ymasligi lozim, u uyaning yon tarafida turib ishlashi zarur, aks holda asalarilar bezovtalanadi. Bundan tashqari, asalari uyasi tekshirilayotgan paytda, qo’shni uya asalarilari o’g’irlikka kirayotganini sezsa ham asalarilar bezovtalanadi. Shuning uchun tekshirishni darhol keyingi qatordan boshlash kerak.
Uyadan sug’urib olingan ramkalarni uya ustida kuzatish tavsiya etiladi, shunda ramkadan to’kilgan yosh asalarilar uyaga tushadi.
Ramkalarni asalarilardan tozalash kerak bo’lsa, g’oz patidan tayyorlangan supurgi yoki boylangan bir tutam o’t yordamida, asalarilar supurib tushiriladi. Agar o’sha ramkada yosh asalari qurtchalari va yangi keltirilgan gul shirasi bo’lmasa, u holda ramkaning ikki chetidan mahkam ushlab, asalarilarni silkitib tushirish mumkin.
Oilaning ichki hajmi kengaytirilayotganda yuzaki tekshiriladi va chekkadagi ramkalarni bir oz chetga surib, ularning o’rniga kengaytirishga mo’ljallangan ramkalar qo’yiladi. Agar tabiatdan shira kelayotgan bo’lsa, u holda asalari uyasining kerakli joylariga mumpardali ramkalar beriladi.
Asalari oilasining rivojlanishiga asosan varroatoz, akarapidoz, amerika va yevropa chirish, nozematoz, askosferoz kasalliklari va pestitsidlar bilan zaharlanish va boshqa bir necha xil infektsion va invozion kasalliklar halal beradi. Varroatoz kasalligi asalarilarning eng xavfli kasalligi bo’lib, kanalar ishchi, erkak va yosh asalari nasli tanasida parazitlik qilib yashaydi. Agar yil davomida varroatozga qarshi kurashilmasa, asalari oilasi nobud bo’lishi mumkin. Bundan tashqari, har xil asalarixo’r qushlar ham asalarilarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Asalari kasalliklarining oldini olishning asosiy yo’llaridan biri – baquvvat oilalarni saqlash, zooveterinariya qoidalariga asosan har yili asalari oilalarini veterinariya vrachi ko’rigidan o’tkazish va asalarilarga bahorda antibiotik dorilar qo’shilgan qo’shimcha oziqalar berishdir.
Asalarilardagi ko’pgina kasalliklar deyarli bir xil belgiga ega. Shuning uchun ham faqat mutaxassislargina kasallikni aniqlay olishlari va unga qarshi muvaffaqiyatli davolash tadbirlarini qo’llashlari mumkin. Kasallikning dastlabki belgilari paydo bo’lishi bilanoq, asalarilardan namuna olib, yaqin oradagi veterinariya laboratoriyalariga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir.