Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
ALLOH TAOLONING O’ZI BAYRAM QILIB BERGAN KUN
2021-05-13 07:56:53 363
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin.
Payg’ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo’lsin.
Xalqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo’lgan kundan boshlab «Iyd al-Fitr» kunini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan. Iyd namozini o’qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig’ilgan. Namozdan so’ng beva-bechoralar holidan xabar olish, faqiru kambag’allarga moddiy yordam ko’rsatish, bolalarga hayitlik sovg’alari ulashish xalqimiz ichida an'anaga aylangan.
Hali hanuz ko’pchilik odamlarimiz ushbu kunning kelib chiqishi, mo’min-musulmon shaxs uchun ahamiyati, hayotimizda tutgan o’rni haqida yetarli ma'lumotga ega emas. Uni ayrim kishilar oddiy bir urf-odat deb tushunishi ham sir emas. Ana shu jihatlarni e'tiborga olib, siz azizlarga ushbu muborak kunning kelib chiqish tarixi, unga doir odob va ahkomlar haqida qisqacha ma'lumot berib o’tishni maqsadga muvofiq deb topdik.
Islomning avvalida Ramazon ro’zasi ham, Ramazon hayiti ham bo’lmagan. Zotan, bu kabi ahkomlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar Makka shahridan Madinai munavvaraga hijrat qilganlaridan keyin birin-ketin joriy qilingan. Hijratning ikkinchi yili Ramazon ro’zasi farz qilindi va mana shu ibodatning tantanasi o’laroq Ramazon hayiti Alloh taolo tomonidan musulmonlar uchun bayram qilib berildi. Bu haqda muhaddislarimiz quyidagilarni keltiradilar:
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, u (Madinalik)larning ikki kuni bo’lib, ular o’sha kunlarida o’yin-kulgi qilishar edi.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu ikki kun qandoq kun?», – deb so’radilar. Ular:
«Biz johiliyatda shu kunlarda o’yin-kulgi qilar edik», – deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o’rniga ulardan ko’ra yaxshiroq – Azho va Fitr kunlarini berdi», – dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilgan.
Azho – Qurbon hayiti, Fitr – Ramazon hayitini bildiradi.
Demak, bu ikki hayit kunlarini siz bilan biz mo’min-musulmonlarga bevosita Alloh taoloning O’zi bayram qilib bergan ekan. Ularni odamlar o’zlari o’ylab topgan yoki olimlar joriy qilgan emas, balki ilohiy iroda shuni ixtiyor qilgan ekan. Ana shu e'tibordan, ushbu kunlarni bayram qilishning o’zi alohida ibodat hisoblanadi.
Madina ahli Islomdan oldin yilning ikkita kunini – bahorda shamsiy yilning boshlanish kunini, kuzda «Mehrijon» kunini bayram qilishar edi. O’sha kunlarni ular turli o’yin-kulgilar bilan o’tkazishar edi. Alloh taolo ularga o’sha ikki kunning o’rniga boshqa ikki kunni bayram qilib nishonlashni Islom shariatida joriy qilib berdi. Shunday qilib, Islom arkon – asoslaridan hisoblangan ikki buyuk ibodat – ro’za va haj ibodatlarining yakuni musulmonlar uchun eng ulug’ bayram etib tayinlandi.
Ana shundan buyon mo’min-musulmonlar bu kunlarni bayram qilib keladilar. Ularni o’ziga xos go’zal suratda, ibodat, xayru saxovatlar bilan, axloq-odob me'yorlari asosida nishonlaydilar. Bu kunlar doimo ezgulik, xayru baraka, mehr-oqibat ramzi hisoblanib kelgan.
Yaratganga behisob shukronalar bo’lsinkim, mana bugun tumanimizda Hayit namozini ko’tarinki ruhda ado etish uchun masjidlar jamoasi, tuman hokimligi va huquq tartibot idoralari xodimlari qulay shart-sharoitlarni yaratib berdilar.
Qo’shtepa tumanidagi barcha masjidlarda Hayit namozi osoyishtalik bilan ado etildi. Pandemiya sababli karantin qoidalariga to’liq amal qilindi va Iyd namozi ochiq havoda o’qildi.
Imom-xatiblarimiz barchani ushbu ulug’ bayram bilan qutlab, tinch va osuda yurtda yashayotganimiz, xotirjam ibodatlar qilayotganimiz uchun Yaratganga shukronalar aytdilar. Shuningdek, Hayit bayrami fazilatlari xususida ma'ruza qildilar.
Azizlar, shu fursatdan foydalanib barchangizni bugungi, ulug’ ay'yom-Iydi Ramazon hayiti bilan chin qalbdan samimiy tabriklaymiz. Alloh taolo tutgan ro’zangizni va o’tgan kunlarda qilgan toat-ibodatlaringizni qabul qilsin. Ulug’ Rabbimiz qalbingizga shodlik, yuzingizga nur, xonadoningizga baraka, farzandlaringizga, barcha yaqinlaringizga va siz sevgan insonlarga omonlik, sihat-salomatlik, Islomga muvofiq osuda hayot bersin. Kelasi yillarda ham amalda sobit, iymonda ziyoda bo’lib shu bayramni qayta-qayta nishonlashni Alloh barchalarimizga nasib qilsin. Ulug’ ayyom Ramazon hayitingiz qutlug’ bo’lsin!
Abduxoshim AXMADALIYEV,
Qo’shtepa tumani bosh imom xatibi.