Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 57 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

KANDAKORLIK MAKTABI DAVOMCHILARI

×

 2021-04-03 14:35:46    548

PDF yuklash
Chop etish



“QO’ShTEPANING MISGAR-KANDAKORChILIK MAKTABI BO’LADI” – DEYDI HUNARMAND AKRAMXON YuNUSOV

Kunlarning birida Akramxon Yunusovning qo’liga tasodifan kelib qolgan qadimiy mis idish uning hayotini tubdan o’zgartirib yubordi. Shu tarixiy idish tufayli misgarlikka bo’lgan qiziqishi oshdi. Bu sohaga oid kitoblarni topib misgarlik tarixi va buguni bilan tanishib chiqdi. Sarmazor mahallasida tadbirkorlik orqasidan ro’zg’or tebratib kelayotgan Akramxonning dilida “men ham misgar-kandakor bo’lsam”, degan bir umid uchquni yiltilladi. O’ttiz uch yoshida ko’p emas, bundan sakkiz yil oldin shu hunarni boshini tutish uchun bir nechta misgarlarga uchrashib ko’rdi. Uning maqsadi usta misgarlardan biriga shogird tushish va bu hunarning sir-asrorlarini o’rganish edi.

Afsuski, holva degan bilan og’iz chuchimas, har yerda toshu tarozi bor ekan.

– Misgar ustalarga shogird tushmoqchi bo’ldim, lekin bu ishlar o’z-o’zidan bo’lmas ekan, – deydi Akramxon Yunusov. – Misgar-kandakorlik hunari avloddan avlodga o’tib kelgani uchun usta hunarmandlar o’z sir-asrorlarini birovga o’rgatishga ro’yxushlik bermas ekanlar. Har safar bir ustoz topganimda shu holat takorlanaverdi... Lekin hunar o’rgangani borgan joylarimdan baribir nimalarnidir o’rganishga harakat qilaverdim. Shu zayl ancha vaqt o’tsada, taslim bo’lmadim. Albatta shu hunarni o’rganaman, meni ham ustaxonam, ustaxonamda esa o’z qo’llarim bilan yasagan buyumlarim bo’ladi deb qat'iy ahd qildim. 


Ustoz borasida omadi chopmagan shogird uyida o’ziga sharoit yaratib, misdan buyum yasash uchun kerakli bo’lgan asbob-anjomlarni topib keldi, yo’g’ini o’zi yasadi. Shu hunarga oid kitoblarni topib o’qidi, izlandi. Avvaliga eski buyumlarni ta'mirladi, juda yaroqsizlarini buzib, o’rniga nimalarnidir yasashga harakat qildi. O’zi mustaqil faoliyatini yo’lga qo’ygach, marg’ilonlik usta A'zamxon akadan so’rab surishtirib, bilmaganlarini o’rgandi. Ustadan olgan bilimlarini o’z ustaxonasiga kelib amaliyotda qo’lladi. Ish ustida ba'zan tunni tongga ulgan kunlari ham bo’ldi. 


 Vaqt yuguruk, mana oradan sakkiz yil o’tdi. Qo’shtepalik misgar-kandakor Akramxon Yunusov qisqa vaqt ichida o’z sohasini yaxshi biladigan, ishbilarmon usta darajasigacha yetishdi. 


Bu ishda unga o’g’llari yordam bermoqda. Farzandlari – Muhammadalixon va Muhammadyusufxon ota izidan bormoqdalar. Ular hali yosh bo’lishlariga qaramay darsdan bo’sh vaqtlarida bu san'atning zahmati va sirlarini otasidan o’rganmoqdalar.

Akramxon Yunusov o’z asarlarida noyob mis buyum yasash texnalogiyasini tikladi. Hunarmand hozirda ularni san'at darajasiga olib chiqmoqda. Uning ustaxonasidan tarixiy mis buyumlardan tortib, bugungi kunimizning zamonaviy buyumlari ham joy olgan. Hozirda u “Hunarmand” uyushmasi Qo’shtepa tumani bo’limining misgar-kandakorlik yo’nalishidagi a'zosi sifatida faoliyat ko’rsatib kelmoqda.


Yurtimizda an'anaviy kandakorlik maktablari shakllangan. Ularga Buxoro, Samarqand, Qo’qon, Farg’ona, Xiva, Qarshi, Shahrisabz, Toshkent kabi va boshqa maktablarni kiritish mumkin. Ko’plab ustalarning nomlari qo’lyozmalarda, ularning asarlarida saqlanib qolgan. Ushbu maktablarning ustalari o’zlaridan nodir osori-atiqalarni qoldirgan. Ularning san'atini o’g’illari, nabiralari davom ettirib kelmoqdalar.

Shu sababdan hunarmand Akramxon Yunusov “Nima uchun bizni Qo’shtepa tumanida misgar-kandakorchilik maktabi bo’lmasin?” deya misgarlik-kandakorlikning yo’qolib ketayotgan jihatlarini tiklab kelajak avlodga yetkazib berishda o’zining bilm va tajribasini ayamay mehnat qilib, o’z maktabini yaratishga intilmoqda.

Shu o’rinda hunarmand bilan bir oz suhbatlashishni joiz deb topdik. 

– Odatda, misdan qanday buyumlar yasaysiz, ular qancha muddatda tayyor bo’ladi va narxi qancha?

–  Samovar, oftoba, chilopchin, choydish, choynak hamda boshqa uy-ro’zg’or buyumlarini yasayman. Keyingi paytda ko’proq choynak yasamoqdaman. Bir dona choynak yasash uchun bir hafta vaqtim ketadi. Qadimiy o’zbek usulida yaratilgan mis choynaklarning narxi bir million besh yuz ming so’mgacha sotilmoqda.

–  Sizningcha bu narx qimmat emasmi?

– To’g’ri, bu summa bir qarashda qimmatga o’xshashi mumkin. Lekin uning ortida hunarmandning bir necha kunlik qo’l mehnati, ko’z nuri yotibdi. Tarixga nazar solsak qadimda kandakor ustalar oltin, kumush, mis, birinj (bronza) buyumlarga, shuningdek, po’latdan yasaladigan qurol-yarog’lar, xatto to’p (zambarak)larga ham g’azal, naqshlar solganlar. Ularning mehnati sermashaqqat, uzoq vaqt talab qilganligi uchun mahsulotlari yuqori bahoda yurgan. Shu tufayli, ularning mahsulotidan boy xonadonlar, yuqori unvonli harbiylargina foydalanganlar.


Hozirgi kunga kelib mis idishdan foydalanish yana urfga kirmoqda. Chunki misdan yasalgan idishni ishlatish inson salomatligi uchun foydali ekanligini xalqimiz bilib bormoqda. Ko’pni ko’rgan nuroniylarimizdan “mis idishda taom tortish va tanavvul qilish inson salomatligi uchun koni foyda” degan gaplarni ko’p eshitamiz. Masalan mis ko’zada suv saqlansa suvni filtirlaganday qilib qo’yadi. Ko’zadagi suv qancha tursa ham aynimaydi, yoz oylarida suv muzdek bo’lib turadi. Yozda choynakka choy damlansa ko’p turmay aynib qoladi. Mis choynakka damlangan choy esa bir haftada ham achimaydi. Faqatgina rangi o’zgaradi. Choy mis idishda turgani uchun ta'mi ham boshqacha, lazzatli bo’lib turadi.

–  Biror buyum yasalgandan so’ng unga naqsh solish kerak. Andozasini oldin chizib olasizmi yoki shunday xayolan buyumga muhrlayverasizmi?

–  Bilasizmi, bu ish bilan shug’ullanaversangiz, chizma yoki andozaga hojat ham qolmas ekan. Naqshning o’zi ich-ichi­ngizdan otilib chiqadi va uni buyumga ko’chirasiz. Buni yillar davomida mahorat va tajribaning oshib borishi mahsuli, deb o’ylayman. Xullas, bizning hunarda bir-birini takrorlaydigan nusxalar bo’lmaydi. Har biri asl nusxa –  yagona.

–  Ko’rgazmalarda ham ishtirok etganmisiz?

– Festivallarda bir misgar sifatida yasagan buyumlarim bilan qatnashib kelmoqdaman. To’g’risini aytsam, shu vaqtgacha yasagan buyumlarimni sotish uchun harakat qildim. Nolimayman hunarimni ortidan uy-joy, mashina deganlaridek... Bugun davlatimiz tomonidan milliy hunarmandchilikka alohida e'tibor qaratilmoqda. Albatta biz yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli va oqilona foydalanishimiz kerak. 



Suhbat yakunida Akramxon Yunusov: «Kandakor usta sifatida o’zim yasagan asarlarim bilan yurtimizdagi ko’rik, tanlov, ko’rgazmalarda, qolaversa xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etib, kandakorlik san'ati shuxratini olamga yoysam deyman. Qaniydi, bizni usta-hunarmandlarimizning ishlari ham jahonning mashhur muzeylaridan joy olsa, deb orzu qilaman. Shunday san'at asarlarini yarata oladigan hunarmadlar ko’p yurtimizda. Har bir ustaning o’z «dastxat»i bo’ladi va u yashayotgan davri, o’z hissiyotlari-yu, kechinmalarini yaratayotgan asarlariga jo etadi. Ularda milliylik bo’lishi, milliy tarixiy obidalarimiz aks etishi nur ustiga nur.  Men ham kelgusida yaratadigan asarlarimda misgarlik-kandakorlikning yo’qolib ketayotgan jihatlarini tiklab kelajak avlodga yetkazib berish niyatidaman», degan fikrlarni bildirib qoldi.

Qo’shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram