Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
ALLA — BESHIK QO’SHIG’I
2021-02-11 17:34:22 559
Alla qaysi elda, qaysi tilda aytilmasin yuragingda hasrat va hayajon jo’sh uradi. Alla aytmagan ona bormikan bu dunyoda! Alla bo’lajak yigitga quvvat, qizga esa hayo va iffat baxsh etadi! Alla aytgan onalar millat xotirasini asraydilar!
Abu Ali ibn Sino o’zining mashhur «Tib qonunlari» kitobida bola tarbiyasida allaning ahamiyati to’g’risida shunday yozadi: «Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun, unga ikki narsani qo’llamoq kerak. Biri bolani sekin-sekin tebratish, ikkinchisi uni uxlatish uchun odat bo’lib qolgan musiqa va allalashdir. Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo’lgan iste'dodi hosil bo’ladi». Alla — beshik qo’shig’i, u xalq og’zaki ijodi namunalarida ham keng kuylangan. Bolani yo’rgaklash, beshikka solish, uxlatish, uyg’ongan bolani yo’rgakdan yechib olish singari mashg’ulotlar kuylar, chiroyli ohangdor so’zlar bilan bezalgan bo’ladi… Bunday dilni erkalovchi qo’shiqlar bolaga ham xush yoqqan – ana shu she'riy to’qimalar turli voqealarga, ayrim marosimlarga bog’lab aytilgan bu qo’shiqni alla qo’shiqlari deyishgan.
Ona mehrining samimiy ifodasi bo’lmish – ona allasini maromiga yetkazib ijro etish bo’yicha Qo’shtepa tumanidagi MTTning tarbiyachi va uslubchilari o’rtasida “Alla – ma'naviyat poydevori” shiori ostida ko’rik-tanlov bo’lib o’tdi.
Ushbu tanlov Qo’shtepa tumani hokimligining tashabbusi bilan 15-Bolalar musiqa va san'at maktabida tuman MTM hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur ko’rik-tanlovda 34 nafar maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlari qatnashib, belgilangan 2 ta shart bo’yicha o’z iqtidorlarini namoyish etishdi.
Ishtirokchilar birinchi shartda alla tarixiga qisqacha to’xtalib, ilk bor aytgan allalarini aytib berdilar. Sahnada ularning har biri farzandiga alla aytgan ona obrazini jonlantira oldilar. Muxlislar esa har bir ona allasini hayajon bilan tinglab, gulduros qarsaklar bilan olqishladilar.
Beshik qo’shiqlari onalarning orzu va armonlari bilan birgalikda turli tarixiy voqealar, ijtimoiy hayotga munosabat ham bayon etiladi. Onalar hech kimga aytolmagan yurak dardlarini chaqalog’iga, bolasiga alla orqali aytgan va bundan ma'lum darajada yengil tortgan.
Alla o’z davrining lirik kayfiyatdagi ruhiy ko’zgudir. Onaning yoqimli ohanglari ichida davr muhiti, kishilar tirikchiligi, ijtimoiy-maishiy hayot, kishilar o’rtasidagi munosabatlar, qarama-qarshiliklar oddiy so’zlarning go’zal va badiiy, ruhiy qudrati o’z ifodasini topgan.
Alla – umuminsoniy qo’shiqdir. U turli tillarda aytilishi mumkin, ammo uning zamirida bir narsa onaning farzandiga cheksiz mehru muhabbati yotadi… Bugungi ishtirokchilar ham o’z chiqishlarida ona mehrining samimiy ifodasi bo’lmish – ona allasini maromiga yetkazib ijro etib berdilar.
Ikkinchi shart “Ayolning bir kuni” deb nomlandi. Ikkinchi shartni ham har bir ishtirokchi sahna ko’rinishlari bilan ifodalab berdilar. Ishtirokchilarning chiqishlari adolatli hakamlar tomonidan baholab borildi.
Ko’rik-tanlov natijalariga ko’ra, 31-MTT xodimi Maxliyoxon Yunusova 1-o’rinni, 32-MTT xodimi Mavludaxon Ro’ziyeva 2-o’rinni hamda 8-MTT xodimi Mavludaxon Ro’ziyeva 3-o’rinni qo’lga kiritdilar.
Shuningdek, tanlovda 18-MTT xodimi Mashxuraxon Qirg’izova ham faol ishtirok etdi.
Tuman bosqichida ishtirok etib g’oliblikni qo’lga kiritgan ishtirokchilar tuman hokimligi va MTM tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg’alar bilan taqdirlandilar.
Ta'kidlash lozimki, bu kabi tanlovlarning tashkil etilishi maktabgacha ta'lim tashkilotlarida o’sib kelayotgan yosh avlodni xalq og’zaki ijodi namunalarini o’qishga va o’rganishga bo’lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan takliflarni aniqlash va qo’llab-quvvatlash, xalq og’zaki ijodi namunalarini o’qish orqali farzandga o’zbek onasining ma'naviyatini yetkazish, o’zligini anglash, yosh onalarning farzandi oldidagi burchini anglashni shakllantirish, o’zbek tilini asrab-avaylash, nutq sofligi va so’z boyligini oshirish uslublarini kengaytirish, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida xalq og’zaki ijodi namunalarini o’tish orqali bolajonlarning notiqlik san'atini rivojlantirish kabi maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Ko’rik-tanlovda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tuman bo’linmasi rahbari N.Otabekov, tuman Madaniyat bo’limi xodimlari ham ishtirok etdilar.
U.XOLMATOV,
tuman hokimining maslahatchisi.