Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
RASMIY MUNOSABAT
2021-02-02 16:26:32 175
Joriy yil 31 yanvar kuni “Farg’ona | Kun.uz” saytida «Qishloqda bir kun» ruknida Kun.uz muxbiri Sarvar Ziyayevning «Tong sahardan o’tin tergani zovur bo’yiga — Qo’shtepaning Langarida o’tgan bir kun» sarlavhasi ostida tanqidiy maqolasi chop etilgan edi.
Qo’shtepa tumani Langar mahallasida yashovchi qishloq odamlarining turmush manzaralari, hayoti va yumushlari aks ettirilgan ushbu maqola yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.
Langar mahalla fuqarolar yig’ini hududida yashovchi aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida ushbu mahalla 2021 yilda “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan bo’lib, dasturga asosan hududdagi tik ichimlik suv qudug’ini tozalash, Mardlik ko’chasiga 1 dona yangi suv minorasi o’rnatish, Mardlik, Mustaqillik, Bog’ishamol ko’chalariga qo’shimcha 8.0 km yangi ichimlik suvi tarmog’i tortish ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Birlamchi texnik ma'lumotlar taqdim etilib, hozirda loyiha-smeta ishlari davom etirilmoqda.
Bundan tashqari 2021 yil “Obod qishloq” dasturi asosida Langar mahalla fuqarolar yig’inida 7,6 km ichki yo’llarni ta'mirlash, 700 metr piyodalar yo’laklari qurish, 5,2 km ichki irrigatsiya tarmoqlarini ta'mirlash, 1200 dona manzarali daraxtlar ekish, 120 dona tungi yoritish chiroqlari o’rnatish, elektr energiya tizimini yaxshilash maqsadida 120 dona tayanch ustunlar o’rnatish, 9,9 km elektr tarmoqlari tortish, 1 dona transformator o’rnatish, aloqa tizimini yaxshilash maqsadida 48 km optik tolali aloqa tarmog’i tortish va ijtimoiy soha ob'ektlarini ta'mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
Tanqidiy maqola bo’yicha tuman hokimligining mas'ul rahbarlari va muammoga daxldor mutasaddi idora xodimlari Langar mahalla fuqarolar yig’ini Mardlik ko’chasi, 10-uyda yashovchi Shoira Xoliqovaning xonadonida bo’lib, suhbat o’tkazdilar.
Shoira Xoliqova boquvchisini yo’qotganligi uchun Langar mahalla fuqarolar yig’inidagilar ushbu oilaga doimo e'tibor qaratib kelishadi. Ular mahalla fuqarolar yig’inida kam ta'minlangan oilalar ro’yxatida turadi. Mahalla fuqarolar yig’inining tavsiyasiga ko’ra, 2016 yilda kasaba uyushmasi tomonidan 14 million so’m mablag’lar hisobidan uy-joylari ta'mirlab berilgan.
Ushbu oila 2020 yilda “Temir daftar”ga kiritilib, “Saxovat va ko’mak” markazi hamda ixtiyoriy xomiylik qilish istagini bildirgan fuqarolar tomonidan ularga muntazam yordam berib kelinmoqda. Shoira Xoliqovaning voyaga yetgan ikki nafar qizlari bo’lib, ularga bir necha marotaba mahalla fuqarolar yig’ini hamda sektor rahbari tomonidan ish joyi taklif qilingan. Lekin qizlar ishga joylashish taklifini rad etgan. Oila boshlig’i Shoira Xoliqova betobligi uchun 2020 yilda kasaba uyushmasi orqali bepul yo’llanma bilan “Chimyon” sihatgoxiga dam olish va davolanish uchun yuborilgan.
Langar mahallasi GRSdan olisda joylashganligi sababli tabiiy gaz ta'minoti yetib borishi qiyin bo’lgan hudud bo’lib, 2012 yilda 576 ta xonadon tabiiy gaz tarmog’idan to’xtatilgan va suyultirilgan gazga moslashtirilgan. Ushbu xonadon ham № 2375-sonli shartnomaga asosan suyultirilgan gazga moslashtirilib, vaqtincha foydalanib turish uchun maishiy gaz balloni bilan ta'minlangan. “Hududgaz” Farg’ona filiali mas'uliyati cheklangan jamiyati Qo’shtepa tumani bo’limi tomonidan belgilangan muddatlarda suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
Oilaning yashash sharoiti hisobga olinib, xomiylar tomonidan tez kunlarda ushbu xonadonga alohida oshxona quriladigan va xovlining ko’cha devorlari ta'mirlanadigan bo’ldi.
Shoira Xoliqovaning qizlari Gulchehra va Gulnoralarga ishlash uchun tumanimizdagi mavjud bo’sh ish o’rinlari yana bir bor taklif qilindi.
Shu o’rinda maqolada ta'kidlangan “Allaqachonlar muddatini o’tab bo’lgan, tagidan yemirilib, chirib bo’lgan” simyog’ochlar joriy yil 1 fevral kuni temir-beton tayanchlarga almashtirib berilganini ham ma'lum qilamiz.
Qo’shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati.