Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SO’Z DEPUTATLARGA
2021-01-20 13:10:17 175
Biz “So’z deputatlarga” rukni ostida tumanimizdagi deputatlarimizning faoliyatlari bilan tanishtirib borishga harakat qilmoqdamiz.
Bugun siz 14-Yangido’kon saylov okrugidan tuman Kengashiga saylangan deputat, Qo’shtepa tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo’limi mudiri Soxibjon Tursunovning fikr mulohazalari bilan tanishasiz.
XALQ ICHIGA KIRMASDAN, ODAMLAR BILAN MULOQOT QILMASDAN MUAMMOLARNI HAL ETIB BO’LMAYDI
Deputat tom ma'noda xalq vakili. Shu bois, u odamlar dardini tinglashi, ularning muammolariyu tashvishlarini hal etishi, saylovchilar oldida bergan va'dalarini bajarishi lozim. Odamlar ichiga kirmasdan, ular bilan muloqot qilmasdan joylardagi muammolarni hal etib bo’lmaydi.
So’nggi yillarda xalq orasiga kirish, aholi bilan yaqindan muloqot o’rnatish, odamlarning dardini eshitib, og’irini yengil qilishga ko’maklashish xalq vakillarining eng asosiy vazifalaridan biriga aylangani bejiz emas. Negaki, saylovchilar bilan ochiq muloqot yo’lga qo’yilgan joyda farovonlik hukm suradi, taraqqiyot bo’ladi, odamlarning ertangi kunga bo’lgan ishonchi yanada ortadi.
Shu sababli deputatlik faoliyatim davomida ko’proq xalq ichida yurishga, aholining yashash sharoitlarini o’rganib, aksariyat muammolarni joyida hal etishga alohida e'tibor qaratib kelyapman. Chunki bugun odamlarni quruq va'dalar bilan aldab bo’lmaydi, ularga amaliy natijalar kerak. Demak, endi vaqtni behuda o’tkazmasdan faqat xalq ishonchini qozonish, saylovchilarning ko’ngliga kirib borishimiz lozim.
Bo’lib o’tgan saylovdan so’ng eng avvalo hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni har tomonlama o’rganib chiqdim. Yangido’kon va Soybo’yi mahallasining faollari va oqsoqollari bilan maslahatlashib, mutasaddi tashkilotlarga muammolarni hal etish uchun deputatlik so’rovlari kiritdim. Deputatlik so’rovlari kiritishni esa yil davomida amalga oshirib bormoqdaman. Nafaqat men, balki barcha deputatlar mahalla bilan hamkorlik asosida ish olib bormoqdamiz. Chunki, deputat sifatida hududdagi ijtimoiy muammolarni o’rganib borib, ularni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etishga erishish asosiy maqsadimiz sanaladi.
Deputalik faoliyatimizni boshlanimizdan keyin hech qancha vaqt o’tmay butun insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan o’tkaza boshladi. Bu ofat yurtimizni ham chetlab o’tmadi. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun shifokorlarimiz jalb etildilar. Shunday og’ir vaziyatda tibbiyot xodimlari o’z kasbiga sodiq qolib, burchlarini sharaf bilan bajardi va bu jarayon xali ham davom etmoqda. Pandemiya davrida oylab uyiga, oilasi davrasiga bora olmay shifoxonalarda qolgan, kunni tunga ulab zahmat chekkan shifokorlarimizning sabrini va matonatini butun xalqimiz sinovdan o’tkazdi. Men ham ushbu jarayonlarda qatnashib, o’z burchimni bajarishga harakat qildim.
Saylovoldi dasturimni O’zbekiston xalq demokratik partiyasining saylovoldi dasturiga asosan tuzganman va bir shifokor sifatida: “Biz jamiyatning har bir a'zosiga salomatligini mustahkamlash uchun teng imkoniyatlar yaratish tarafdorimiz!” deya olaman.
Men mahalladagi pensionerlar, nogironligi bo’lgan shaxslar, kam ta'minlangan oilalarda yashovchilar hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlariga tibbiy xizmat ko’rsatishga, ularni dori-darmonlar va tibbiy vositalar bilan ta'minlashga harakat qilmoqdaman.
Shuningdek, bir mahalliy Kengash deputati sifatida joylardagi mavjud muammolarni hal etish, saylovchilar va elektorat vakillari bildirgan ishonchni oqlash masalalariga asosiy vazifa sifatida qarab kelmoqdaman.
O’tgan 2020 yilda karantin sharoitida mahalladagi “Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand va kam ta'minlangan oilalarga “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakati tomonidan ko’rsatilayotgan moddiy yordamlarni o’z egalariga yetib borishini deputat sifatida nazoratga oldik. Qolaversa, bunday oilalarga imtiyozli kredit olishda, issiqxona qurishda amaliy yordam berildi. Pandemiya sharoitida aholi tomorqalarining bo’sh qolmasligi borasida muntazam tavsiyalar berilmoqda. O’rni kelganida o’z yordamimizni berib, targ’ibot ishlarini olib bordik. Shuningdek, hududlardagi dezinfeksiya ishlarida ham qatnashdik, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bepul tibbiyot maskalari, antiseptik vositalar tarqatdik.
Karantin davrida mahalladagi oziq-ovqat do’konlari va dorixonalarda odamlarning birlamchi ehtiyoji uchun zarur bo’ladigan mahsulotlar hamda dori vositalari, tibbiy niqoblar bilan yetarli darajada ta'minlanganligini nazorat qilib, narx-navolar bilan muntazam tanishib bormoqdamiz.
Joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etishni va fuqarolarni qabul qilishni yo’lga qo’yganmiz. Ushbu qabulda va bo’lib o’tayotgan uchrashuvlarimizda har bir murojaatchi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularning muammolarini tinglamoqdamiz. Albatta, bunday muloqotlar mavjud muammo va takliflarni xal etishda o’zining samarasini bermoqda.
Har bir inson baxtli yashashni istaydi va uning bunga to’la haqi bor. Shu nuqtai nazardan, insonning hayotdan mamnun yashashi, farovon turmush kechirishi uchun xalq bilan birga bo’lib, odamlarning dardu tashvishiga sherik bo’lishimiz kerak. Bularsiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg’ularini mustahkamlash qiyin.
Xulosa o’rnida shuni aytmoqchimanki, xalqning ishonchli vakili bo’lishning ham o’ziga xos mas'uliyatlari va majburiyatlari bor. Ularni qalb amri va vijdon talabi bilan bajarganlar xalq e'zoziga sazovor bo’laveradilar.
Soxibjon Tursunov,
Xalq deputatlari tuman kengashi deputati.