Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
BYUDJET JARAYONI TAKOMILLASHTIRILISHI MUNOSABATI BILAN QONUN HUJJATLARIGA O’ZGARTIRISH VA QO’SHIMCHALARI KIRITILDI
2021-01-06 17:22:26 193
O’zbekiston Respublikasining “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalari kiritish to’g’risida” Qonuni qabul qilindi.
Qonun bilan 4 ta qonun hujjatlariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi.
Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksda byudjet jarayonining ochiqligini ta'minlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan mansabdor shaxslarga BHMning 2 baravarigacha miqdorda jarima qo’llaniladi. (Mazkur tartib 2021 yil 1 apreldan kuchga kiradi).
Byudjet kodeksi Soliq kodeksi hamda amaldagi boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi.
Byudjet kodeksiga tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlarga oid norma kiritildi.
Unga ko’ra, tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar qaytarmaslik sharti bilan hududiy byudjetlar, davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari xarajatlarining tegishli daromadlar prognozidan oshgan qismini qoplash uchun beriladi.
Byudjet jarayonining ochiqligini ta'minlash tartibi belgilandi.
Byudjet mablag’lari taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg’armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi har chorak yakuni bo’yicha keyingi oyning
25 sanasiga qadar o’z saytlarida quyidagi ma'lumotlarni joylashtirishi lozim:
● o’ziga tegishli byudjet tashkilotlari kesimida byudjet mablag’lari taqsimoti;
● davriy moliyaviy hisobotlar;
● davlat maqsadli jamg’armalaridan subsidiyalar va kredit oluvchilar;
● kapital qo’yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi.
Davlat moliyaviy nazorat organlari har chorak yakuniga ko’ra nazorat tadbirlari natijalari bo’yicha aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ijobiy natijalar haqidagi ma'lumotlarni o’z saytlariga joylashtiradi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining, tuman va shaharlar byudjetlarining qo’shimcha manbalari hisobidan xarid qilingan ishlar va xizmatlar to’g’risidagi ma'lumotlar Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli mahalliy hokimliklar saytlarida joylashtiriladi.
▫️Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Ziyodbek HALIMJONOV,
Qo’shtepa tumani adliya bo’limi yetakchi maslahatchisi.