Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
8 DEKABR - O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI KUNI
2020-12-07 20:06:17 302
ISLOM VA KONSTITUTSIYA
Bizlarga yuborilgan bu Islom dini insonning 6 xil manafaatini muhofaza qiladi va ulardan zararni daf' qilish ko’zlanadi. Bu 6 xil jihat insonning erkinligi va insoniy hayot guzaronligi uchun asosiy omillardir. Islom dinining insonparvar din ekanligi ushbu 6 xil manafaatini muhofaza qilishligi bilan tasdiqlanadi.
1. Din muhofazasi. Islom shariati dinni muhofaza qilish uchun Insonlarga dindorlik tayanchi bo’lgan iymon asoslarini targ’ib qiladi va kufrni qoralaydi.
Alloh taolo Qur'onda: «Ey, iymon keltirganlar! Allohga, Uning Rasuliga, U O’z Rasuliga tushirgan kitobga va bundan oldin tushirgan kitobga iymon keltiring. Kim Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Rasullariga va oxirat kuniga kufr keltirsa, batahqiq, qattiq adashibdi».
Islom dini insonning Allohdan boshqaga ibodat qilishdan qaytaradi. Shu bilan birga, boshqa din vakillarining e'tiqodiga daxl qilmaydi, Islomga majburlamaydi.
Islom shariati dinni muhofaza qilish uchun din arkonlariga va ibodatlarga amal qilishni joriy qildi.
Dinni muhofaza qilish e'tiqodga oid masalalarga ishonib qo’yish bilangina yuzaga chiqmaydi. Shuning uchun Islom shariatida namoz, ro’za, zakot va haj kabi ibodatlar dinning rukni - ustuni qilingan va ularni bajarish farz - majburiy bo’lgan. Ushbu ibodatlarni bajarish ila insonning dini muhofaza qilinadi. Chunki mazkur ibodatlari bandani dinning egasi - Alloh taologa doimiy tarzda bog’lab turadi va u bilan bo’lgan aloqani mustahkamlab boradi.
Islom shariati dinni muhofaza qilish uchun e'tiqod va dindorlik erkinligi berilishi va ularni himoya qilinishini ta'minladi. Islomda e'tiqod erkinligini belgilovchi asosiy Qoida «Baqara» surasidagi quyidagi oyatda bayon qilingan: «Dinda majburlash yo’qdir».
Din tanlashda majburlash yo’q. Har kim o’zi xohlagan dinga kirsin. Bu qoidada insonning aqli borligi, birov majbur qilmasdan har kim o’zi xohlagan yo’lni tanlab olishi bayon qilingan. Yoki yana boshqa oyatda Alloh taolo insonning e'tiqod erkinligini bayonlab deydi:
«Sen: «Buhaq Robbingiz tomonidandir. Bas, kim xohlasa, iymon keltirsin, kim xohlasa, kufr keltirsin», - degin».
Alloh hyech kimni kuch bilan iymonga kelishga majburlamaydi, zo’rlamaydi. Shuning uchun ham Alloh taolo O’z rasuliga:
“Axir siz odamlarni mo’min bo’lishga majbur qilurmisiz?”
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida shunday deyiladi: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hyech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’yilmaydi».
2. Jon muhofazasi.
Islomda nohaqdan qon to’kish, birovga haqsizlik bilan jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazishning har qanday ko’rininshlari qat'iy harom qilingan. Shuningdek, shaxs o’zining jismi yoki ruhiga zulm qilishi, zarar yetkazishi ham mumkin emas. Xudoi taolo deydi: “Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o’ldirsa, xuddi hamma odamlarni o’ldirgan bo’ladi”
Islom dinimiz har bir jonni juda qadrlaydi, xoh musulmon bo’lsin, xoh g’ayri din bo’lsin, qanday irqqa tegishli bo’lmasin, qaysi millatga tegishli bo’lmasin, baribir barcha-barchasini ardoqlaydi. Bir beayb insonni o’ldirish butun boshli insoniyatni o’ldirgandek jinoyat hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasida ham bu haqida shunday deyilgan: “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir.”
3. Aql muhofazasi.
Shu bois, Islomda aqlga zarar yetkazadigan, uning faoliyatini cheklaydigan taom, ichimlik va boshqalar harom qilingan.
Alloh taolo “Moida” surasining 90-oyatida insonning aqlini ketkazib, o’ziga va jamiyatga zarar yetkazadigan holatga keltiruvchi narsalarni harom qilgan: «Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho’plar iflosdir. Shaytonningishidir. Bas, undan chetda bo’ling. Shoyadki, najot topsangiz»,
Arab tilida «xamr»» so’zi «to’sish», «berkitish» ma'nolarini anglatadi. Tanovul qilgan kishining aqliga ta'sir etadigan, uning aqlini to’sadigan, berkitadigan, boshqacha aytganda, mast qiladigan har bir narsaga «xamr» deyiladi. Ichiladigan, chekiladigan, tanovvul qilinadigan va har qanday yo’l bilan kishini mast qiladigan narsalar harom qilingan.
4. Nasl muhofazasi.
Islomda oila qurish uchun ma'lum shartlar asosidagi shar'iy nikohni farz qilinishi, zinoni harom qilinish, idda va boshqa shu kabi hukmlar aynan mana shu maqsadga xizmat qiladi. “Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o’zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo’ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir”.
Halol-pok yo’l orqali qavmu qarindoshlar guvohligida nikohlanish albatta, insonning naslu nasabini muhofaza qilish bo’ladi. Bir bolaning uning ota-onasi kim ekanligi ma'lum bo’ladi. Ammo zino bu buzuqchilik bo’lib, kishining nasli vayron bo’lib, nasabi buzulib ketadi. Jamiyatda haromdan tug’ilgan yetimlar ko’payadi. Natijada jamiyat tubanlikka qarab ketadi. Shunnig uchun dinimiz Islom dini nikoh to’yini halol deb, benikoh qo’shilishni qat'iyan man' qilgan.
Yana jumhur ulamolarning ijmolari: “Valiysiz va uning roziligisiz nikoh joiz emas”. Bizning hanafiy mazhabimiz ulamolari bunga qo’shimcha qilib: “Qizning ham roziligi zarur” deb qo’ydilar.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida “Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.”
5. (hifzul-'irz) - Obro’ning muhofazasi.
Islomda kishini g’iybat qilmaslik, tuhmat qilgan qattiq jazolanishi, birovni bir gunohda ayblanayotgan albatta uning obro’si behuda to’kilmaslik uchun guvohlar keltirilishi shartligi. Erkaklarning obro’si, bolalar sha'ni va ayollar or-nomusi juda qadrlanadi.
“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko’ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo’yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo’lmanglar”.
Agar xabar Allohdan va Payg’ambar alayhissalomdan bo’lsa, so’zsiz qabul qilish vojibdir. Qabul qilmaganlar gunohkori azim, kofir bo’ladilar. Oyati karimada Alloh taolo «fosiq xabar keltirsa, aniqlab» xabarning sobitligini tekshirib ko’rishga amr qilmoqda. Allohning amriga bo’ysunish vojib. Afsuski, musulmonlar ushbu oyatga amal qilmaganlari oqibatida katta musibatlarga duchor bo’lmoqdalar. Bir xabarni eshitishi bilanoq, surishtirmay, biror ish qilinsa, keyin xabarning yolg’onligi yoki xatoligi ayon bo’lsa, haqiqatdan afsus-nadomatga sabab bo’ladi. Shuning uchun ham, Alloh taolo «bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo’yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo’lmanglar», demoqda.
Fosiq degani biror marta bo’lsa ham yolg’on gapirgan, boshqa gunohlarni odamlar oldida qilgan yoki farz amallarini tark etgan kishi va hokazo...
Bu yerda insonning qadri sha'ni ulug’lanyapti.
Bir kuni Abdulloh ibn Umar roziyollohu anhu Ka'baga nazar solib turib: “Qanchalar ham ulug’san! Sening hurmating qanchalar ham ulug’! Mo’minning hurmati Alloh taoloning huzurida sendan ham ulug’!” dedilar.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida: “O’zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko’ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.”
6. Va nihoyat: Mol muhofazasi.
Shu bois, Islomda pora, ribo, o’g’irlik va boshqa shu kabi nohaq pul topishning barcha turlari, molni tasarrufga layoqati yo’q kishiga berish, birovning moliga tajovuz qilish, hatto shaxs o’zining moliga qasddan talofat yetkazishi, uni isrof qilishi qat'iy harom qilingan. Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, islom shariatidagi bu olti tamoyil va ota-bobolari yurgan pokiza va muqaddas yo’lni o’zida aks ettirgan Bosh Qomusimiz Konstitutsiyamiz 1992 yil 8 dekabrda qabul qilindi. Mana shu baxtli onlarga ham 28 yil bo’libdi. Diniy bag’rikenglik, bir-birmizga samimiy va iliq munosabatlarda bo’lish, irqchilik, millatchilik, tafriqaga barham berish, barchamiz ushbu ona zaminda yakdil va yakjoya bo’lib yashamoqligimiz kabi ulug’ g’oyalar bu Qomusimizda aks ettirilgan.
Inson hur tug’iladi va hurligicha vafot etadi. U tug’ilmasidan oldin va o’limi oldida uning hurriyatiga Allohdan o’zga hyech bir zot daxl qilolmaydi. Asl hurlik o’zi nima? Inson qachon batamom hur, ozod bo’la oladi? Islom mutafakkirlari bu savolga bunday javob berishgan: “Chinakam hurlik Allohga qullik qilishdadir”. Inson Allohga qullik qilmas ekan, bandalarga, shaytonga yo nafsiga qullik qilishga majbur.
Bu haqda Qur'oni karimda oyatlar ko’p, jumladan Alloh taolo marhamat qiladiki:
“Ey mo’minlar, Allohga itoat qilinglar va Payg’ambarga va o’zlaringizdan (bo’lgan) ish egalari (rahbarlar)ga itoat etinglar”
Abduxoshim AXMADALIYEV,
Qo’shtepa tumani bosh imom xatibi.