Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“FIKRNING QUVVATI, ZIYNATI, KENGLIGI, MUALLIMNING TARBIYASIGA BOG’LIQDIR”
2020-11-17 14:44:37 427
Inson paydo bo’lgandan beri tarbiya jarayoni mavjud, tarbiya paydo bo’lgan vaqtdan buyon o’qituvchilik-pedagogik faoliyat uzluksiz davom etib kelmoqda. Jamiyat, fan va madaniyatning rivojlanishi ta'lim va tarbiya ishlarining qay yo’sinda olib borilishiga bog’liqdir. Davlatning buyuk kelajagi, albatta, yoshlarni chuqur bilimli va barkamol shaxs taqdiri bilan bog’liqligini unutmagan holda, ushbu muammoni mahoratli, bilimli pedagoglar faoliyatiga tayanib yechish mumkinligini unutmasligimiz lozim.
Pedagoglik sohasida samarali ish olib borish bilan bir vaqtda adabiy va metodik ishlarni ham zo’r muvaffaqiyat bilan olib borish, ta'limning muvaffaqiyatli bo’lishi oqibat natijada darslik yoki metodga emas, balki o’qituvchiga bog’liq. Yaxshi o’qituvchi o’z fanini mukammal egallab olgan bo’lishi hamda o’z kasbini va bolalarni sevishi kerak. Dars chog’ida hamma bolalar tetik bo’lib turishi, o’qituvchi g’ayrat bilan dars berib, o’quvchilarning aqliy kuchini uyg’otishi, ularning irodasini mustahkamlashi, ularning xarakterini tarkib toptirishi kerak. O’quvchilar o’zlarining olg’a borayotganliklarini hamisha sezib turishlari lozim. O’qituvchining mustahkam xarakter va o’tkir iroda kuchi ham katta ahamiyatga ega. O’qituvchi qattiqqo’l va talabchan bo’lishi bilan birga, adolatli bo’lishi ham kerak, faqat shundagina u o’z o’quvchilari orasida obro’ qozonishi mumkin. O’qituvchi haqiqiy inson, mustahkam e'tiqodli bo’lishi lozim.
Darhaqiqat, o’qituvchilik kasbi sharafli, mas'uliyatli, mashaqqatli kasb hisoblanadi. Albatta, mazkur kasb egalari o’z ishlariga vijdonan, zamon talablariga mos holda yondasha olsa. Bugungi kun o’quvchisini o’qitish, unga ta'lim-tarbiya berish o’qituvchidan katta mas'uliyat talab qiladi. Negaki, bugungi o’quvchi-texnika asrining o’quvchisi. Uning qalbiga yo’l topa olish o’qituvchidan katta mahorat talab qiladi.
Shu o’rinda, maktab davrimizdagi fizika va matematika fanidan dars o’tadigan o’qituvchilarimizni eslashni joiz deb bildim. Tan olish zarur, bu ikki fan bolalar uchun tushunish biroz qiyinroq fan bo’lishiga qaramay, o’qituvchilarimizning bilimi, bolalarga va o’z faniga bo’lgan mehri o’quvchilarini, ya'ni bizni ham shu fanlarni mukammal egallashimizga sababchi bo’lgan. Demak, bolani darsga bo’lgan qiziqishi, albatta o’qituvchiga bog’liq. O’qituvchilarimiz darsda o’tiladigan mashqlar va laboratoriya ishlarini turli qiziqarli voqyealar bilan esda qolarli tarzda oson va o’quvchiga tushunarli qilib tushuntirib berishardi.
Bolalarda fikrlash qobiliyatini o’stirish va bu tarbiya bilan muntazam shug’ullanish benihoya zarur va muqaddas bir vazifa. Taniqli o’zbek pedagogi va olimi A.Avloniy bobomiz aytganlariday, u muallimlarning «diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadir… Negaki fikrning quvvati, ziynati, kengligi, muallimning tarbiyasiga bog’liqdir».
D.Mamadjanova,
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis
Qonunchilik palatasi deputati,
O’zXDP fraksiyasi a'zosi.