Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
MILLAT TILINING FIDOYILARI
2020-10-27 08:10:30 403
Tarix sahifalarini varaqlar ekansiz, jonajon tilimizni saqlab qolish maqsadida, uning yo’q bo’lib ketishini, o’lik tillar qatoriga qo’shilib qolishini hohlamasdan, millat tili sifatida saqlab, kelajak avlodga sof holda topshirish maqsadida juda ko’p yurt fidoyilari, millatimiz jonkuyarlari kurashganlar. Ana shunday yurt fidoyilaridan biri Alixonto’ra Sog’uniy ham, yurtimizda hukm surayotgan ixtiyoriy qullik davrida, sobiq qizil imperiya hududida birinchilardan bo’lib, til siyosatini amalga oshirgan. O’zining “Turkiston qayg’usi” nomli asarida, tilimiz yuzasidan quyidagi fikrlarni keltirib o’tgan: «…Milliy hokimiyatimizdan hozircha ajrab turgan bo’lsak ham, milliy hissiyotimizdan ajramay, uni saqlay olsak, kelajakda dushmanlarga yutilishdan o’zimizni qutqara olamiz. Endi bu maqsadga yetish uchun qo’yilgan masalalarning eng birinchi sharti til masalasidir. Agar biz til adabiyotimizni kengaytirib, uning qadr-qimmatini oshirib, boshqa madaniy tillar darajasiga yetqizur ekanmiz, mana bu chog’da millatimiz, milliy hissiyotlarimiz doimiy ravishda o’sib saqlang’usidir. Agar bunday bo’lmay, balki, aksincha, o’z ona tili qadriga yetmasdan unga ahamiyat bermas ekanlar, u chog’da ko’p uzoqlamayoq alvido aytib, o’z tillaridan abadiy ajragan bo’ladilar. Shundoq bo’lib o’z ona tilidan ajramoqlik, milliy hissiyotlarini yo’qotish natijasidir. Bu ish esa insoniyat olami oldida ulug’ xiyonat, kechirilmas jinoyat hisoblanadi».
Sobiq sho’rolar davrida, millatimiz adabiyotshunos yozuvchilari, shoirlari o’zlarining o’zbek tilida yozgan asarlarini, she'rlarini oshkora ommaga tatbiq eta olmaganlar. Chunki ittifoq davrining malakatimiz aholisi ongiga majburan singdirilgan til mafkurasi bunga yo’l qo’ymas edi. Muqaddas tilimizda yozilgan ne-ne noyob qo’lyozmalar, bitiklar o’sha mustabid tuzumning ayanchli voqye'ligiga aylangan. Mazkur qo’lyozmalar mamlakatimizdan olib chiqib ketilgan, mavjudlari yoqib yuborilgan. Hozirgi kunda jonajon tilimizda oid qo’llanmalar, ijod namunalari chet el muzeylarida saqlanmoqda, ularni yurtga qaytarish imkoni hozircha ma'lum emas.
Yurtimiz mustaqillikka erishgach, avvalo, 1989 yil 21 oktyabr sanasini - “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o’rinlidir. O’zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo’lidagi muhim qadamlaridan biri bo’lgan edi. Hozirgi kunimizda, mamlakatimizda til siyosatini amalga oshirishimiz, tilimizni davlat siyosati hamda davlat ramzi darajasida e'zozlashimiz uchun, yetarli asoslarimiz bor. Jonajon tilimizni ulug’lash maqsadida, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlarida ham mazkur jarayon o’z aksini topmoqda.
Shu o’rinda yana bir bor Alixonto’ra Sog’uniyning tilimiz manfaatini o’ylab aytgan gaplarini havola qilmoqchiman: Qaysi bir millatning ona tili o’z hojatini o’tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag’lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko’p uzoqlamayoq, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot davtari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg’izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig’i bilan tarix yuzidan yo’qolishga majbur bo’ladilar.
Muxtasar aytganda, muqaddas tilimizni rivojlantirish “bir tashkilotning vazifasi” qabilida emas, balki tilimizni asrab - avaylash, kelajak avlodga sof holda yetkazish O’zbekiston hududida yashayotgan har bir fuqaroning insoniy hamda muqaddas burchidir.
Tilimizni asraylik, zero o’zbek tili xalqimizni dunyo hamda borliq bilan bog’lovchi vositadir.
U.Xolmatov,
Qo’shtepa tuman hokimining maslahatchisi.