Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SESSIYADA TUMANNI "QIZIL" HUDUDDAN CHIQARISH MASALASI MUHOKAMA ETILDI
2020-10-06 22:13:03 216
Qo’shtepa tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari Qo’shtepa tumani Kengashining yigirma birinchi sessiyasi bo’lib o’tdi.
Sessiya ishida xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, sektor rahbarlari, tuman hokimining o’rinbosarlari, siyosiy partiyalar rahbarlari, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar qatnashdilar.
Shuningdek, Farg’ona viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag’allikni qisqartirish masalalari bo’yicha birinchi o’rinbosari Mirzoxidjon Ubaydullayev ishtirok etdi.
Sessiya kun tartibida bitta masala - O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev raisligida joriy yilning 24 sentyabr kuni o’tkazilgan videoselektor yig’ilishida berilgan topshiriqlari ijrosi yuzasidan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko’rsatkichlariga ko’ra faoliyati “yaxshi”, “o’rta” va “qoniqarsiz” baholangan viloyatning tuman, shahar sektor rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida taqdimotlarini eshitish bo’yicha berilgan topshiriqqa ko’ra, tuman sektor rahbarlarining taqdimotlari ko’rib chiqildi.
Sessiyani tuman hokimi Ilyos Novikov ochdi va olib bordi. Sessiya kotibligiga 6 - G’ishtmon saylov okrugidan deputat Abdulqosim Abdumalikov saylandi.
Kun tartibidagi masala - “Qo’shtepa tumanini qoniqarsiz baholanishi va ushbu ahvol yuzaga kelganligi sabablari, yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklar, qilingan xulosalar, shuningdek, tumanni “o’rta” va “yaxshi” baho ko’rsatkichlariga olib chiqishga qaratilgan takliflardan, yil yakuniga qadar va kelgusi yilning birinchi yarmida erishiladigan maqsadli ko’rsatkichlardan iborat aniq rejalar, muddatlar va mas'ul ijrochilari aks ettirilgan amaliy chora-tadbirlar dasturi to’g’risida” tuman hokimi I.Novikov hisobot berdi.
- Xabarlaringiz bor, muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida joriy yil 24 sentyabr kuni bo’lib o’tgan videoselektor yig’ilishida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko’rsatkichlari natijasiga va 2019 yil yakunlariga ko’ra “qoniqarsiz” deb topilgan 33 ta tuman qatorida tumanimiz ham qayd etilgan, - deydi tuman hokimi o’z hisobotida. - Buning sababini har bir yo’nalish kesimida tahlil qilganimizda quyidagi yo’nalishlar bo’yicha past ko’rsatkichlar qayd etilganligini ko’rishimiz mumkin.
Xususan, iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik ko’rsatkichlari bo’yicha hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 2019 yilda 233.6 mlrd. so’mni tashkil qilib, aholi jon boshiga 1,2 mln. so’mga to’g’ri kelgan bo’lsa, bu ko’rsatkich viloyat sanoatidagi ulushi 1,2 foizni tashkil etgan.
Mazkur yo’nalish bo’yicha birinchi navbatda dastlabki hisob-kitoblarimizga ko’ra, joriy yil yakunida tumandagi qiymati 331,6 mlrd. so’mlik 10 ta sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirilishi zarur.
Misol uchun: "Fergana Global textile" MCHJ korxonasining To’qimachilik klasterini tashkil etish (kalava ip, hom-ashyo, bo’yalgan mato, tayyor mahsulot) loyihasi joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi natijasida 2020 yilga 153 mlrd. so’mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda yil yakuniga qadar 2000 ta va 2021 yilning 1-yarim yilligida yana 1000 ta jami 3000 ta yangi ish o’rinlari yaratiladi.
Bundan tashqari tumanda o’tgan 2019 yilda halq iste'mol tovarlari ishlab chiqarish 108,6 foizga (151,0 mlrd. so’m) yoki aholi jon boshiga 800 ming so’mdan to’g’ri kelib, viloyatdagi ulushimiz 2,4 foizni;
Qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 109,9 foizga (1344,8 mlrd.so’m) yoki aholi jon boshiga 7,1 mln. so’mdan to’g’ri kelib, viloyatdagi ulushimiz 6.9 foizni;
Xizmat ko’rsatish 102,4 foizga (165,5 mlrd. so’m) yoki aholi jon boshiga
900 ming so’mdan to’g’ri kelib, viloyatdagi ulushimiz 1,5 foizni;
Chakana savdo 106,6 foizga (802,6 mlrd. so’m) yoki aholi jon boshiga 4,2 mln. so’mdan to’g’ri kelib, viloyatdagi ulushimiz 5.9 foizni;
Kapital qo’yilmalar 129,2 foizga (228,8 mlrd.so’m) yoki aholi jon boshiga
1,2 mln. so’mdan to’g’ri kelib, viloyatdagi ulushimiz 2,5 foizni;
Qurilish ishlari 104,2 foizga (180,8 mlrd. so’m) yoki aholi jon boshiga
1,0 mln. so’mdan to’g’ri kelib, viloyatdagi ulushimiz 4,4 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirishda byurokratik to’siqlarni bartaraf etish, tumanda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida izchil islohatlar amalga oshirilmoqda.
O’tgan 2020 yilning 9 oyi davomida tumandagi tadbirkorlar bilan o’tkazilgan uchrashuvlarda qo’yilgan 173 ta turli yo’nalishlardagi masalalardan faqatgina 119 tasi yoki 68,8 foizi qanoatlantirilgan.
Tumanda 2019 yilda 228 ta sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan 233,6 mlrd. so’mlik sanoat mahsulotlaridan 4,6 foiz sanoat mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan.
Tumandagi mavjud tadbirkorlik sub'yektlarining 44 tasi bugungi kunda o’z faoliyatini to’xtatgan, buning asosiy sabablari korxonalarning aylanma mablag’lari yetarli emasligi, faoliyatini olib borish uchun korxonalarning o’z bino-inshoatlari yoki joylari yo’qligi, korxonalar tomonidan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmaganligi, ishlab chiqarilgan mahsulotlari uchun xaridor yo’qligi sababli ushbu korxonalar o’z faoliyatlarini to’xtatgan.
Ushbu korxonalarning faoliyatini tiklash yoki davom ettirish maqsadida tuman ishchi guruhi a'zolari tomonidan hozirda monitoring ishlari olib borilmoqda.
Tuman hokimi sessiyada hisobot berar ekan, tumanda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va yo’l qo’yilgan kamchiliklarni birma-bir tahlil qilib berdi.
Sessiyada tuman hokimi hamda sektor rahbarlari tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yo’l qo’ygan kamchiliklari uchun muhtaram Prezidentimizdan, tuman xalqidan va deputatlardan uzr so’radilar. Yil yakunida tumanni har tomonlama rivojlantirish uchun deputatlar, faollar bilan hamkorlikda barcha imkoniyatlarni ishga solishga va'da berdilar.
Shuningdek, kun tartibidagi masala yuzasidan tuman Kengashi deputati A.Nabiyev, Farg’ona viloyati televideniyesi muxbiri M.Abdullayeva, “Kun.uz” internet nashri viloyat muxbiri F.Sultonov, “Daryo.uz” internet nashri viloyat muxbiri A.Ermatov hamda mustaqil bloger B.Eliboyevlar tuman hokimi va sektor rahbarlariga murojaat qilishib, o’zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Sessiyada Farg’ona viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag’allikni qisqartirish masalalari bo’yicha birinchi o’rinbosari - viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig’i M. Ubaydullayev so’zga chiqib, kun tartibidagi masala, undan ko’zlangan maqsad, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlar va vazifalar xususida so’z yuritdi.
Ochiq muloqot tarzida o’tgan sessiyada tuman hokimi, sektor rahbarlari OAV vakillari, jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi.
Sessiya yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan tayyorlangan qaror loyihasi bir ovozdan tasdiqlandi.
Qo’shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati.