Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 41 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

O’zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va uning tarixiy ahamiyati

×

 2020-09-30 17:23:19    7600

PDF yuklash
Chop etish


1989 yil 21 oktyabrda, O’zbekiston hali o’z mustaqilligini qo’lga kiritmay turib ajdodlarimiz uzoq yillar orzu qilib, intilib va kurashib kelgan Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi mamlakat suvereniteti sari qo’yilgan dastlabki dadil qadam edi. Aynan ushbu tarixiy hujjatga ko’ra, o’zbek tili mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo’ldi.

Istiqlol yillarida o’zbek tili tom ma'noda davlat tili maqomiga erishib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mamlakatda davlat tili o’zbek tilidir, deb qat'iy belgilab qo’yilgan. Aynan mazkur konstitutsiyaviy tamoyilning amalda ta'minlanayotganini so’nggi yillarda qabul qilingan qonun hujjatlari misolida ham yaqqol ko’rish mumkin. Xususan, bu borada davlat va hukumat tomonidan qator amaliy sa'y-harakatlar qilinmoqda. Xususan, joriy yil 10 apreldan kuchga kirgan qonun bilan 21 oktyabr - O’zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.

Undan avvalroq esa, mamlakat Prezidentining “O’zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilinganining o’ttiz yilligini keng nishonlash to’g’risida”gi qaroriga asosan, mazkur sana munosabati bilan o’tkaziladigan ommaviy ma'naviy-ma'rifiy chora-tadbirlar tasdiqlandi va izchil amalga oshirildi. Bunda dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo’lgan o’zbek tili xalqimiz uchun milliy o’zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotida g’oyat muhim o’rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat ekanligiga alohida e'tibor berildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqyeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni bilan esa, hukumat tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilinganini ham alohida qayd etish joiz.

Aynan ushbu farmon bilan bir qator tashkilotlar qatori «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va keng jamoatchilikning o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun - 21 oktyabr sanasini «O’zbek tili bayrami kuni» deb e'lon qilish to’g’risidagi taklifi ma'qullangani ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o’rni va nufuzi tobora yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon qildi.

O’zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy jabhalarda faol qo’llanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga e'tibor va uni o’rganishga qiziqish kuchaymoqda. Shu bois O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish to’g’risida» Farmonining qabul qilinishi ham tilga berilayotgan e'tiborning har tomonlama kuchaytirishga qaratilib, bu borada ilmiy asoslarni ham mustahkamlash nazarda tutildi.

O’zbek tiliga berilayotgan alohida e'tibordan ruhlanib, yurtimizda faoliyat yuritayotgan ko’plab diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ham turli davralarda aynan o’zbek tilida so’zlab, ma'ruzalar qilayotganliklarini ham bu boradagi islohotlarimiz samarasi sifatida baholash mumkin.

S. MAXKAMOV,

Qo’shtepa tumani adliya bo’limi xodimi.