Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
BAYRAMINGIZ MUBORAK, AZIZ USTOZLAR!
2020-09-30 16:59:17 247
Qo’shtepa tumani hokimi I.Novikovning 1 oktyabr - O’qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Aziz ustozlar!
Qadrli o’qituvchi va murabbiylar!
Avvalo, barchangizni mamlakatimiz hayotidagi qutlug’ sana - O’qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. O’qituvchilar esa hayotimiz charog’bonlaridir. Kim bo’lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga muallimlar ta'lim va tarbiya berishgan.
Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug’", degan so’z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan e'zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o’qituvchisiga bo’lgan hurmat abadiy muhrlanadi.
Shuning uchun ham Sizlardan ta'lim va tarbiya olgan, o’zini oldingizda umrbod qarzdor deb his etadigan barcha insonlar nomidan Sizlarga har qancha minnatdorlik bildirsak shuncha oz. Hayot bor ekan, o’qituvchilik kasbi o’zining ma'no-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hyech qachon yo’qotmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning "Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo’lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi", - degan so’zlari fikrimizning yaqqol tasdig’idir.
Biz shu qutlug’ ayyomni keng nishonlar ekanmiz, Sizlarning yosh avlodga bilim berishdek murakkab, ammo sharafli mehnatingiz uchun barchamiz samimiy minnatdorchilik bildirishni o’zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.
Qadrli ustozlar!
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida misli ko’rilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi. Bu mamlakatimizning barcha hududlarida yaqqol ko’zga tashlanmoqda. Xususan, bizning tumanimizda ham bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligi quvonarlidir.
Mamlakatimiz o’z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo’ygan hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi asosida barcha sohalarda keng ko’lamli o’zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu islohotlarning muvaffaqiyati, mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o’rin egallashi avvalo ilm-fan va ta'lim-tarbiya sohasining rivoji bilan, bu borada bizning dunyo miqyosida raqobatdosh bo’la olishimiz bilan uzviy bog’liq, desak, hyech qanday mubolag’a bo’lmaydi.
Bugungi kunda tumanimizda 50 ta umumta'lim maktablari, 2 ta kasb-hunar kolleji, 1 ta Bolalar musiqa va san'at maktabi, 33 ta maktabgacha ta'lim muassasalari, 1 ta Bolalar va o’smirlar sport maktabi mavjud. Ularda bugungi kunda ko’plab fidoiy pedagog va murabbiylar faoliyat ko’rsatib kelmoqda.
Bizning asosiy maqsadimiz dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdan iborat. Ana shu vazifani sidqidildan uddalaydigan bilimli va iste'dodli, hyech kimdan kam bo’lmagan navqiron avlodni tarbiyalash bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan. Bu borada Siz fidoyi o’qituvchi va murabbiylarning zahmatli mehnatingiz har qancha maqtovga loyiq.
Bugungi bayramda farzandlarimizga ta'lim-tarbiya berishda alohida ibrat ko’rsatayotgan tumanimizdagi peshqadam kasb sohiblarining har birini alohida hurmat-e'tibor bilan tilga olamiz.
Hurmatli ustozlar!
Bundan keyin ham farzandlarimizga zamonaviy ilm-fan va kasb-hunar asoslarini o’rgatish, yuksak insoniy tuyg’u va fazilatlarni singdirish, ma'naviy-axloqiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash borasida bor kuch-g’ayratingiz, bilim va mahoratingizni ayamasdan astoydil xizmat qilishingizga ishonamiz.
Siz borsizki, hayotimiz nurafshon, ertangi kunimiz - farzandlarimizdan ko’nglimiz to’q. O’zbekiston farzandlari chehrasidagi nur - bu tinchlikning nuri. Ozod diyorimizdagi ana shu osuda, farovon hayotimizga ko’z tegmasin. Siz o’quvchi va talabalaringiz huzuriga - sinf xonalariga hamisha chehrangizda ishonch va tabassum bilan kirib boring!
Sizlarni 1 oktyabr - O’qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Doimo sog’- omon bo’ling, aziz ustozlar!
Tuman hokimi I.Novikov.