Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Sudlar faoliyati yanada takomillashtirilmoqda
2020-08-14 13:54:32 267
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, odil sudlovga erishish, huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatini takomillashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashishga jiddiy e'tibor qaratilib, sud-huquq tizimida amalga oshirila boshlangan keng ko’lamli islohotlar izchil davom ettirilishiga alohida to’xtalib o’tilgandi.
Davlatimiz rahbari ayni yo’nalishdagi asosiy ustuvor vazifalar, fuqarolik, jinoyat va ma'muriy sud qonunchiligini yanada takomillashtirish va liberallashtirish bo’yicha ishlarni davom ettirish maqsadga muvofiqligi ta'kidlangandi.
Sud sohasidagi islohotlar davom ettirilib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-6034-son farmoni 2020 yil 24 iyulda qabul qilindi.
Sud tizimida 2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi tashkiliy-tuzilmaviy o’zgarishlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi ma'lum qilingan. Unga ko’ra,
Viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo’yicha, jinoyat ishlari bo’yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat'iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo’yicha alohida sudlov hay'atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
Ma'muriy huquqbuzarliklar to’g’risidagi ishlarni ko’rib chiqish vakolatini ma'muriy sudlardan jinoyat ishlari bo’yicha sudlarga o’tkazish;
Ma'muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko’rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma'muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma'muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma'muriy sudlari saqlab qolinishi;
Sud ishlarini nazorat tartibida ko’rish institutini tugatish, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o’rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish;
Jinoyat ishlarini sudda ko’rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda ko’rib chiqilishiga to’sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish;
Farmonga ko’ra, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay'atlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta ko’rib chiqish;
Apellyatsiya tartibida ko’rib chiqilgan sud qarorlarini O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hay'atlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta ko’rib chiqish;
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay'atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko’rib chiqilgan ishlar bo’yicha chiqarilgan sud qarorlarini O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o’rinbosarlari protestiga ko’ra kassatsiya tartibida takroran ko’rib chiqish;
Davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga ko’ra jinoyat ishini tugatish;
Prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo’yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo’lgan holdagina, suddan chaqirib olib o’rganish;
Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo’zg’atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko’rilishida prokuror o’z tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish tartibi joriy etildi.
Farmonning 3-bandida O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo’yicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko’rish bo’yicha sudlov tarkibini tuzish;
Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSh dollari ekvivalentidan kam bo’lmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat organlari o’rtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni ko’rish vakolati berilmoqda.
Investitsiyaviy nizolar bo’yicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar bo’yicha taraflarning xohishiga ko’ra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Sudlov tarkibi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko’rilishi;
Qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga ko’ra, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko’rilishi mumkinligi ko’rsatib o’tildi.
Yurtboshimizning ”Sud ostonasiga qadam qo’ygan har bir inson O’zbekistonda adolat hukm surayotganiga to’la ishonch hosil qilishi kerak”, degan so’zlari sudlar, har bir shu sohaga dahldor shaxslar zimmasiga jiddiy mas'uliyat yukladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-6034-son farmoni qabul qilinishi sud qarorlarini qayta ko’rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi, investorlar huquqlarining sud himoyasida bo’lishi yetarli darajada tashkil etilmaganligi va boshqa bir qator kamchiliklar sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablariga moslashtirish, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta'minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirishda muhim o’rin tutadi.
Q. Abdullayev,
Qo’shtepa tuman ma'muriy sudi raisi.