Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Ehtiyotkorlik - beparvolik emas
2020-08-10 11:30:07 239
Alloh taolo bandalarini sinashi, ularni imtihon qilishini ko’p bor Qur'oni karimda eslatgan. Bu borada payg’ambarimiz alayhissalomning hadisi muboraklarida ham yetarlicha ma'lumotlar kelgan. Hammamiz ham hayotimiz mobaynida turli sinovlarni boshdan o’tkazamiz: ba'zida yo’qchilik, ba'zida bemorlik, ba'zida mol-dunyodagi tanqislik, ba'zida esa yaqinlarimizdan ajrash...
Ayni damda esa boshimizdan o’tkazayotgan sinov ajib bo’lmoqda. Nega deysizmi? Butun dunyo va xalqlarni tahlikaga solgan COVID-19 yohud Koronavirus infeksiyasi go’yo hayotimizni ostin-ustun qilib yuborganday...
Mana qariyb besh oydirki, boshqa xalqlar qatori yurtimiz mo’min-musulmonlari ham jamoatdan uzilib qoldi, juma namozi o’rniga peshinni, hatto yilda ikki marotaba keladigan eng ulug’ bayram - Ramazon va Qurbon hayitlarini ham uyda, oila davrsida nishonlashga to’g’ri keldi. Hayit namozining o’rniga nafl o’qib, ko’nglimiz biroz bo’lsada tasalli olgan bo’ldi.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “masjidlarni ochib berish to’g’risida” turli mulohaza va munosabatlar tarqaldi. Ayrimlar hatto bu borada diniy idora yoki imom-xatiblarni “beparvolik”da ayblashmoqda ham. Keling, shu o’rinda ayrim nuqtalarga e'tibor qilib ko’raylik!
Ayni kunlarda tojdor virus bilan kasallanayotganlar soni, afsuski, kamaygani yo’q. Bu esa hali-hanuz oramizda xavf-xatar mavjud ekaniga ishoradir. Siz va men “Hammasi Xudodan, peshonamda borini ko’raman” deyishimiz mumkin. Mabodo, Alloh saqlasin, shu infeksiya bilan kasallanib qolsak, unga chidashimiz, sog’ayib ketishimiz ham mumkin. Lekin jamoatda qariyalar yoshlar, salomatligi turli darajadagi kishilar bor. Ehtimol bu hastalik ularga yetib qolsa, ular buni ko’tara olmasliklari ehtimoldan xoli emas.
Shu o’rinda aytishingiz mumkin: bozorlar va shu kabi jamoat to’pladigan joylarda shundoq ham karantin qoidalariga rioya qilmayotganlar talaygina, masjidda esa bu talablar va qoidalarga rioya qilinadi. Aslida qayerda bo’lishidan qat'iy nazar, bugungi sharoitda karantin qoidalariga rioya qilish barchaning vazifasidir. Endi ushbu qoidalarni buzayotgan, unga amal qilmayotganlarning hatti-harakati bizni ham shu ishni qilishimizga hujjat bo’la oladimi?
Masalaning ikkinchi jihati, diniy idora va imom-xatiblarning o’zi bunga “beparvo” deyuvchilarga:
O’zingiz o’ylab ko’ring, siz masjidga namoz uchun azon aytilganda kelasiz. Ehtimol, ayrim sabablar bilan jamoatga bir kunda besh mahal kela olmasligingiz ham mumkin. Imomlar esa deyarli kuni masjidda o’tadigan kishilar. Siz imomga ergashib, uning ortida tursangiz, ular barchaning oldida - mehrobda turadiganlar, siz jumaga azon vaqtida yetib kelsangiz, ular hyech bo’lmaganda ikki soat oldin keladi, hayitda boshqa paytlardagiga nisbatan ertaroq kelsangiz, ular bir kun avvaldan masjidda qoladigan kishilar, ya'ni ularning hayoti bevosita masjidga bog’lanib qolgan. Aytingchi, ayni damda masjidni, jamoatni kim ko’proq sog’inyapti, kim ko’proq unga talpinyapti ekan? Lekin kasallik xavfi to’la bartaraf bo’lmagani uchun bunga sabr qilyapmiz. O’zimiz emas, boshqalarni ehtiyot qilinmoqda. Ehtiyotkorlik - beparvolik emas. Shunday ekan, ey do’stim, hozir bir-birimizni ayblab, bir-birimizga ta'na toshini otadigan emas, sabr va duo bilan Allohdan so’raylik, ko’pi ketib ozi qoldi, qirqiga chidagan qirq biriga ham chidaylik, ehtimol bugungi sharoitda bizga shunisi xayrlidir.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg’ona viloyati bosh imom-xatibi.