Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
ODIL SUDLOV TIZIMI YANADA TAKOMILLASHADI
2020-07-09 10:40:39 248
Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev raisligida 2020 yil 30 iyun kuni odil sudlovni ta'minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishi o’tkazildi.
Odil sudlovni ta'minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari yuzasidan o’tgan 2016-2020 yillar davomida 20 dan ortiq Qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2.273 nafar fuqarolarga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yo’liga bilib-bilmay kirgan 3.500 dan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan jinoyat ishlari bo’yicha sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo’llanmasdan, ular yoshlar ittifoqi va mahalla fuqarolar yig’inlari kafilligiga olindi. Inson huquqlarini buzganligi uchun 60 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi. Bundan tashqari, 2020 yilning 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qo’ygan 323 nafar fuqarolar sudlar tomonidan oqlangan, 1.854 nafar shaxslarga nisbatan qo’yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan. O’tgan yilning o’zida 236 nafar oqlangan shaxslarga davlat hisobidan 6,7 milliard so’mlik moddiy va ma'naviy zarar to’lab berilgan. Bunday o’zgarishlar fuqarolarda haqiqat va adolatga bo’lgan ishonchni mustahkamlamoqda.
Shuningdek, 2018-2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishlari bo’yicha 307 nafar shaxslar oqlangan bo’lsa-da, hyech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o’tirmasdan, o’z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi belgilandi.
“Sud binosiga kelgan har bir inson O’zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!” - deya ta'kidladi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga ilg’or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud - bir instansiya” tamoyili asosida qayta ko’rib chiqish, shuningdek sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish bo’yicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta'sir o’tkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va Bosh prokurorining protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Sudlar tizimida eskilik sarqiti bo’lgan, o’z nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga to’g’ri kelmaydigan nazorat tartibida ishlarni ko’rish amaliyotidan to’liq voz kechiladi.
Sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligi ta'kidlandi. Ayrim sudyalar tergov materiallariga bog’lanib qolgani, bu esa qonun, sud va davlat obro’siga putur yetkazishi qayd etildi. Odil sudlov xalqning ko’z o’ngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligi aytib o’tildi.
Sudyalarning faoliyatiga to’sqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish bo’yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig’ilishi davomida sudlar faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bugungi davr talabi ekanligini alohida ta'kidlab, 2020 yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona “Adolat” axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish vazifasini yukladi. Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma'lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, sudlar 2020 yilda videokonferensiya aloqa tizimi bilan 100 foiz qamrab olinishi lozimligi ta'kidlandi.
Avazjon Ergashev,
jinoyat ishlari bo’yicha
Qo’shtepa tuman sudining raisi.