Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SO’Z DEPUTATLARGA
2020-07-01 14:24:38 181
Deputat - xalqning ishongan vakili. U xalq nomidan gapiradimi, demak o’zi ham shu xalqqa munosib bo’lishi kerak. Jamiyatda izlanuvchan, fidoyi bo’lmagan deputat bilan hyech qanday yutuqqa erishib bo’lmaydi. Shu sababli deputatlikni ikki karra mas'uliyat deb qabul qilish darkor. Saylovda ovoz bergan insonlarning tanlovda adashmaganliklarini isbotlash uchun deputatlarimiz xalqimiz farovonligi yo’lida qanday mehnat qilmoqdalar? Bugungi deputat talabchan bo’lish bilan birga, odamlar tashvishi bilan ham yashashi kerak.
“So’z deputatlarga” rukni ostida deputatlarimizning faoliyatlari bilan tanishtirib borishga harakat qilamiz.
Bugun 27 - Loyson saylov okrugidan tuman Kengashiga saylangan deputat, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Qo’shtepa tumanidagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi Arabjon Qodirovning fikr mulohazalari bilan tanishamiz.
Deputat nomiga munosib bo’lsin!
Deputat xalqning chinakam xizmatkori deyishadi. Darhaqiqat shunday. Aholining g’amini o’zining dardi-tashvishi deb bilgan deputat doimo xalq orasida bo’lishi kerak. Biz shu el orasida ulg’aydik, kamolga yetdik, o’qidik, o’rgandik. Xalq ardog’i bilan deputatlik rutbasiga ega bo’ldik. Bu shunchaki ko’ksimizga nishon taqib yurish emas. Bugun davr deputatlar oldiga kattadan katta vazifalarni qo’ymoqda. Ularni bajarish esa bilim, matonat va kuyunchaklikni talab qilayapti. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, xalqimiz ertaga emas, bugundan yaxshi yashashi kerak.
Aholi tomonidan bildirilayotgan murojaatlar, aytilayotgan fikrlar bilan ishlash, ertangi kun istiqboli bugundan boshlanishidan dalolatdir.
Har bir deputatning oldida juda muhim vazifalar turibdi. Bularning birinchisi xalq manfaati uchun xizmat qilish, ular bilan doimiy aloqada bo’lib, yechimini kutayotgan masalalarni o’rganib borishdan iborat. Xususan, har birimiz ishimizni reja asosida tashkil etishimiz va bu borada aniq maqsadga ega bo’lishimiz zarur.
Buning uchun, avvalo, deputat va partiya tashkiloti o’rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish kerak. Ya'ni, boshlang’ich tashkilotlar xalqqa eng yaqin bo’g’in sifatida odamlarni o’ylantirayotgan masalalarni o’rganib, deputatlarga taqdim etishi lozim. Aniqlangan muammolar yechimi yuzasidan partiya guruhlari hamda doimiy komissiya yig’ilishlarida hayotiy takliflar berib borish talab etiladi.
Eng muhimi, kattayu-kichik aholi o’z deputati borligini bilsin, dardini eshituvchi kishilar yonida ekanini his etsin. Biz deputatlar esa shunga munosib bo’lgan holda ishlashimiz kerak.
Saylovlardan so’ng okrug hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni har tomonlama o’rganib chiqdim. Dehqonobod mahallasining faollari va oqsoqollari bilan maslahatlashib, mutasaddi tashkilotlarga ushbu muammolarni hal etish uchun deputatlik so’rovlari kiritdim. So’rovlarni ijobiy hal etilgani ham nazoratda turganlari ham bor.
Mahalla bilan hamkorlik asosida ish olib bormoqdamiz. Dehqonobod mahalla fuqarolar yig’inida 2875 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 1433 nafarini ayollar, 1442 nafarini erkaklar tashkil qiladi. Kam ta'minlangan oilalar 14 nafarni, kambag’al oilalar 29 nafarni tashkil qiladi. Joriy yilning may oyi davomida 14 nafar fuqarolar ish bilan ta'minlandi. Ulardan 5 nafari jamoatchilik asosida, 9 nafari fermer xo’jaliklariga ishga joylandi. Pandemiya davrida 43 nafar kam ta'minlangan oilalarga doimiy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari berib borilmoqda.
Dehqonobod va Loyson mahalla fuqarolar yig’inida yashovchi kam ta'minlangan oilalar holidan muntazam ravishda habar olinmoqda. Qolaversa, yoshlar bandligini ta'minlash borasida 2 nafar yoshlar otaliqqa olinib, "Iqboljon Umidli yeri" kooperatsiyasidan 20 sotixdan poliz ekinlari yetishtirish uchun yer ajratilishida yordam berildi.
Hozirgi karantin sharoitida ehtiyojmandlar, kam ta'minlangan oilalarga ko’rsatilayotgan saxovat va moddiy yordamlar o’z egasiga yetib borishini ham nazoratga olib, bunday oilalarga doimiy ravishda yordam berib kelinmoqda. Mana shunday oilalardan 3 nafariga xomiylik asosida issiqxona qurib berildi. Pandemiya sharoitida aholi tomorqalarining bo’sh qolmasligi borasida tavsiyalar, o’rni kelganda o’z yordamimizni berib, targ’ibot ishlarini olib bormoqdamiz.
Koronavirus pandemiyasi davrida mahallada dezinfeksiya ishlarini olib borish yo’lga qo’yilgan. Karantin davrida mahalladagi oziq-ovqat do’konlarida odamlarning birlamchi ehtiyoji uchun zarur bo’ladigan mahsulotlar hamda dori vositalari, tibbiy niqoblar bilan yetarli darajada ta'minlanganligi va narx-navolar bilan muntazam tanishib bormoqdamiz.
Reja asosida haftaning shanba kunlari qabul tashkil etilib, saylovchilarning murojaatlarini tinglab, imkon qadar muammolarni hal etishga harakat qilyapmiz.
Biz xalq vakili sifatida o’z saylovchilarimizni bizga bildirgan ishonchlarini to’liq oqlashimiz, joylardagi muammolarni o’z vaqtida aniqlab, ularga tegishli mutasaddi tashkilotlar orqali ijobiy yechim topish oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri bo’lib qolishi zarur. Har bir deputat har bir murojaatni o’z nazoratiga olishi kerak. Shundagina biz deputatlar, partiyamiz obro’sini saqlagan holda xalqning ishonchini qozongan bo’lamiz.
Arabjon Qodirov,
Xalq deputatlari tuman kengashi deputati.