Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
KELAJAKNI KIMLARNING QO’LIGA TOPSHIRAMIZ?!
2020-06-22 20:20:51 187
Bu yil Qo’shtepa tumanida maktab va kasb-hunar kollejlarini tamomlayotgan yoshlar orasida chempionlar, bilimlar bellashuvlari g’oliblari, hunarmand va tadbikorlar ko’pchilikni tashkil etadi.
Qo’shtepa tumanining bir necha tillarda ravon so’zlashuvchi, bilimdon, g’ayrat-shijoatli yoshlari viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev bilan bo’lib o’tgan yuzma-yuz suhbatda kelajak bilan bog’liq orzulari, reja-maqsadlari xususida maroq bilan fikr almashdilar.
Bizning talabalik yillarimiz bilan taqqoslaganda bugungi yoshlar chinakamiga baxtli,-dedi viloyat rahbari. – Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotasi keyingi uch yilda 90 mingdan 204 mingtaga yetkazildi. Bu yil Farg’ona viloyatidagi oliy ta'lim dargohlariga 23 ming nafar yigit-qizlar o’qishga qabul qilinadi. Hozirgi kunda Farg’ona viloyati oliy ta'lim muassasalari soni ko’pligi jihatidan poytaxt Toshkent shahridan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Bugungi kunda nafaqat son, balki ilmiy salohiyat, professor-o’qituvchilar erishayotgan yutuqlar salmog’i jihatdan ham Farg’onadagi institut va universitetlarimiz nufuzi tobora yuksalib borayotgani quvonarlidir.
Madinaxon Hoshimova tumandagi 2-IDUMIning 11-sinfini oltin medal bilan tamomladi. Madina kelajakda ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi sifatida barkamol avlodni tarbiyalash niyatida. O’zaro suhbat chog’ida viloyat rahbari Madinaning orzulari albatta ro’yobga chiqishiga ishonch bildirdi.
Shohistaxon Hamroliyeva, Ominaxon Jabborova, Sherzodbek Odilov, Zilola Mo’minova, Muhammadrasul Mirolimov, Marjona Nazirova singari bitiruvchi o’g’il-qizlar viloyat hokimi, viloyatdagi oliy ta'lim muassasalari rektorlari bilan suhbatda o’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Harbiy, arxitektor, sport murabbiyi, chet tillar o’qituvchisi, bolalar bog’chasida tarbiyachi kabi sharafli kasblarni tanlash istagidagi navqiron avlod vakillarining orzu-intilishlari quvonishga arziydi.
Qo’shtepa transport kolleji bitiruvchisi Amirbek Oripov boks bo’yicha ko’plab musobaqalar g’olibi. U Farg’ona davlat universitetida o’qib, boks maktabi tashkil etish va murabbiylik faoliyatini olib borishni niyat qilgan. Fayzullo Ma'rufjonov trikotaj tsexi tashkil etib, 7 ta tengdoshi uchun ish o’rni yaratgan. Ahliddin Karimovning asalarichilikda 5 yillik tajribasi bor. Viloyat hokimi bu ikki yosh yigitga “Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida 30 million so’m miqdorida imtiyozli kredit ajratish bo’yicha shu yerning o’zida tijorat banklariga tavsiya berdi.
Yuzma-yuz suhbat davomida Farg’ona davlat universiteti, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti Farg’ona filiali, Toshkent Tibbiyot akademiyasi Farg’ona filiali, Farg’ona politexnika instituti rektor va prorektorlari yoshlar bilan bevosita muloqotga kirishdi. Suhbatlarda qabul jarayonidagi yangiliklar, bitiruvchilarga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar batafsil tushuntirildi.
Uchrashuvda ko’zlari chaqnab turgan, bilimli va tarbiyali yoshlar Qo’shtepa tumanining kelajagi istiqbolli ekanligini anglatuvchi yo’lchi yulduzlari ekanligi e'tirof etildi.
Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.