Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 19 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

YOT G’OYALARGA QARSHI KURASHISHNING ENG SAMARALI USULI YOSHLARNI ISLOM MA'NAVIYATI BILAN EMLASHDIR

×

 2020-06-08 13:50:51    245

PDF yuklash
Chop etish


Shifokorlar “Kasalni davolagandan ko’ra, oldini olgan afzal” deyishadi. Shuning uchun ham ular doimo bemorlarga tashxis qo’yganlarida «kasalni o’tkazib yuboribsiz, shuni oldinroq kelib tekshirtirsangiz va birinchi alomatlari sezilgandayoq oldini olsangiz bo’lar edi, mana endi buni davolash uzoq muddatga cho’ziladi va qiyinlashadi», deb aytadi. Haqiqatan ham har qanday illat xoh u jismoniy yoki ma'naviy bo’lsin o’z vaqtida oldi olinib, unga qarshi kurashilsa, kerakli natijaga erishish oson bo’ladi. Shuning uchun ham tibbiyot xodimlari, mutaxassislari tomonidan «emlash» degan davolash uslublaridan biri, yana ham aniqroq aytadigan bo’lsak, biror go’dak yoki katta kishilarni ham kasallanish xavfi bo’lganda uni oldini olish uchun mazkur kasallikka qarshi kurashuvchi immunitetni hosil qiladigan dori yuboriladi va bu uslub butun dunyo bo’yicha kasallikni oldini olish borasida eng yaxshi va samarali uslubdir. E'tibor beradigan bo’lsak bu uslub ko’proq yangi tug’ilgan chaqaloqlar yoki maktab yoshiga yetmagan bolalarga nisbatan qo’llaniladi. Sababi ular nozik va har qanday illatlardan pok va musaffo xilqatdirlar. Har qanday illat esa odatda nozik va pok narsalarga tez ta'sir qiladi.

Mana shu borada xalqimizning aksariyati, barcha aloqa vositalari, xossatan internet yo’nalishi bo’yicha tarqatilayotgan buzg’unchi yot g’oyalar va mafkuralarga nisbatan nozik va pok xilqatdirlar. Chunki xalqimizning yoshlarida mazkur illatlarga qarshi kurashish quvvati umuman yo’q yoki o’ta oz bo’lishi mumkin. Buning uchun esa yuqorida aytib o’tilganidek yoshlarning ongida mazkur illatlarga qarshi kurashish immunitetini hosil qilish uchun ularni ommatan emlash kerak. Voqyelikda esa mana shu emlashdan yuz o’girilib, «yoshlarning ongi hali shakllanmagan, o’zlari oq bilan qorani ajratadigan bo’lib, hayot yo’lini tanlash yoshiga yetganida o’zi ajratib olaveradi, hozir esa ularni har xil g’oyalar va mafkuralar bilan chalg’itmaslik kerak» deb kerakli fursat qo’ldan boy berilmoqda. Albatta, hozirgi kunda bong urib xalqimizni ogohlantirilayotgan yot g’oyalardan biri diniy ekstremistik g’oyalarni tarqatayotgan turli-tuman firqalarning g’oyalaridir.

Bunga qarshi kurashishni esa bir qancha yo’llari bor, ulardan:

Birinchi va eng muhimi, hozirgi kunda e'tibor berilmayotgani yoshlarning ongida o’zlarining dini, e'tiqodiga bo’lgan ma'lumotlarni to’g’ri, sof va rejali asosda joylashtirish kerak. Buning uchun esa yoshlarni shifokorlar tomonidan ommatan emlash yo’lga qo’yilganidek, diniy mutaxassislar tomonidan yoshlarni sof Islom aqiyda va tushunchalari bilan emlash kerak. Bu ma'naviy emlashni esa barcha majburiy ta'lim muassasalarida qo’llash eng samarali uslubdir. Aks holda kech bo’ladi. Kasallik rivojlanib, katta jarohatlarni, balki qurbonlarni keltirib chiqaradigan darajaga borganidan keyin unga har xil chora va muolajalarni qo’llashning foydasi bo’lmay qoladi. Mazkur haqiqatni bir emas, bir necha mamlakatlarning aholisini ichida bo’layotgan hodisalardan ham bilib olsak bo’ladi.

Ikkinchi: hozirgi kunda hayotni internetsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Demak, o’z-o’zidan uni mutlaqo man etib, uning faoliyatini to’xtatib qo’yishga imkoniyat yo’q. Shuning uchun ham yoshlarni ongida ularga ijobiy ta'sir qila oladigan uslub bilan internetdan foydalanish qonun-qoidalari va birinchi o’rinda dinimiz belgilab bergan odoblar bilan tanishtirish kerak va bu borada tanishtiruvchilarni o’zlari ibrat bo’la olar darajada bo’lishlari maqsadga muvofiqdir.

Uchinchi: Yoshlarning ongida har xil ko’ngilochar o’yinlar yoki bo’sh vaqtlarni zerikmaslik uchun har xil bekorchi mashg’ulotlar bilan zoye qilishni o’rgatadigan har qanday tashviqot va targ’ibot uslublariga qarshi kurashish kerak.

To’rtinchi: yoshlarni mazkur illatlardan ogohlantirib, qaytarish bilan birgalikda ularni ko’ngillarini egallay oladigan, har taraflama foydali va samaraliroq bo’lgan g’oyalar bilan ta'minlash kerak.

Beshinchi: Internet saytlarida yoshlarni zeriktirmaydigan, balki ular uchun yangilik va kashfiyot sifatida qabul qilinadigan darajadagi ijobiy, axloqiy, diniy ma'lumotlarni ko’plab tarqatish kerak (bunda savob nimayu gunoh nima va bu ikkalasiga nisbatan qanday munosabatda bo’lish kerak va ularni amalga oshirayotganlarga Alloh taolo tarafidan qanday muomala qilinadi). Yoshlarning qalbida esa har qanday narsani bilib, har qanday maxfiy narsani ko’rib va kuzatib turuvchi Alloh taoloning borligi va Yagonaligi to’g’risidagi e'tiqodni shakllantirish kerak.

Oltinchi: Yoshlar nima uchun yot g’oyalarni tarqatayotgan internet saytlaridan ko’plab foydalanadiyu kerakli g’oyalarni tarqatayotgan internet saytlaridan deyarli umuman foydalanmaydi. Buni ham tahlil qilib, o’z o’rnida muolaja qilish kerak. Buning asosiy sabablaridan biri esa, yot g’oyalarni tarqatayotgan saytlar bir necha o’n minglab bo’lsa, milliy qadriyatlar, diniy va axloqiy ma'lumotlarni to’g’ri holda tarqatayotgan saytlar barmoq bilan sanarli darajada ozligidir. Qolaversa, yot g’oyalarni tarqatayotganlar uchun hyech qanday cheklov va har xil to’siqlar umuman yo’q. Lekin ularga qarshi immunitetni hosil qiladigan ma'lumotlarni tarqatadiganlar uchun esa albatta har xil cheklov va to’siqlar bor. Ba'zida mana shu cheklov va to’siqlar taqdim qilinayotgan ma'lumotlarni soxtalashtirib, uning ijobiy ta'sirchanligini yo’qotadi. Natijada u ma'lumotni o’rganayotganlar bir ikki marta kirib o’qiganlaridan keyin o’zlarida zerikishni his qiladi, natijada “qarmoq” sifatida taqdim qilingan yot g’oyalarning o’ljasiga aylanadi. So’zimiz isboti uchun ba'zi bir ma'lumotlarni taqdim etamiz. Masalan: jamiyatimiz ravnaqi va yoshlarimizning tarbiyasi uchun hyech qanday manfaati bo’lmaydigan saytlar borki bir kunda bir necha minglab yoshlar aynan shu saytlarga kiradi va o’zlariga qandaydir befoyda ma'lumotlarni oladi. Biz bu o’rinda xorijdan turib yot g’oyalarni va har xil ko’ngilochar o’yinlar, buzg’unchilik va fahshni targ’ib qiladigan saytlarni keltirmadik. Chunki ularning son-sanog’i yo’qdir.

Va shunday rasmiy saytlar ham borki (ba'zilarning shaxsiyatiga tegib ketmasligi uchun ularning nomlarini zikr qilmaymiz) ularga barmoq bilan sanarli darajada odamlar kiradi, hattoki o’sha sohaning mutaxassislari majbur bo’lganligidan foydalanadigan saytlar ham bor. Yoki milliylik, ma'naviyat va ba'zi bir diniy ma'lumotlarni tarqatadigan saytlar ham borki, ulardan foydalanayotganlar ham o’ta ozchilikni tashkil etadi. Buning sababi esa hammaga ma'lum.

Yettinchi: Yot g’oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish uchun safarbar qilingan mutaxassislar xolis, haqiqiy vatanparvar, millatparvar va shu bilan birga o’zi targ’ib qilayotgan milliylik va ma'naviyat talablariga haqiqatan amal qilib, jonli o’rnak bo’la oladigan bo’lishi kerak.

Sakkizinchi: Bu borada har taraflama xalqning hurmat va e'tiboriga sazovor bo’lgan, ularning ishonchini qozongan, doimo o’zining shaxsiy manfaatlaridan ko’ra yurt va xalqining manfaatlarini yuqori ko’ra oladigan darajadagi namunali mutaxassislar ish olib borishlari kerak. Buni belgilash uchun esa har xil ilmiy unvonlarining ko’pligi emas, balki uning yetkazayotgan ma'lumotlariga ko’pchilikning quloq solib, unga amal qilayotganiga nazar solish kerak.

K. MAMASAIDOV,

“Sulaymonbek xoji” jome masjidi imom-xatibi.