Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SO’Z DEPUTATLARGA
2020-06-08 11:34:35 236
Deputat - xalqning ishongan vakili. U xalq nomidan gapiradimi, demak o’zi ham shu xalqqa munosib bo’lishi kerak. Jamiyatda izlanuvchan, fidoyi bo’lmagan deputat bilan hyech qanday yutuqqa erishib bo’lmaydi. Shu sababli deputatlikni ikki karra mas'uliyat deb qabul qilish darkor. Saylovda ovoz bergan insonlarning tanlovda adashmaganliklarini isbotlash uchun deputatlarimiz xalqimiz farovonligi yo’lida qanday mehnat qilmoqdalar? Bugungi deputat talabchan bo’lish bilan birga, odamlar tashvishi bilan ham yashashi kerak.
“So’z deputatlarga” rukni ostida deputatlarimizning faoliyatlari bilan tanishtirib borishga harakat qilamiz.
Bugun 18 - Qalmoqlar saylov okrugidan tuman Kengashiga saylangan deputat, Yong’inga qarshi kurash jamiyati Qo’shtepa tuman hududiy bo’linmasi rahbari Ikromjon Mamadaliyevning fikr mulohazalari bilan tanishamiz.
XALQ VAKILI IZLANISHDAN CHARCHAMASLIGI KERAK
Deputat aholi tomonidan davlat hokimiyatining oliy, mahalliy vakillik organlariga saylangan ishonchli vakildir. Shuning uchun uning zimmasida saylovchilar manfaatlarini ifoda etish vazifasi turadi. Deputat qaysidir masalada mutasaddi tashkilotlarga so’rov yuborish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat o’rnatish, aniqlangan masalani xalq deputatlari mahalliy Kengash sessiyasida ko’rib chiqish uchun taklif kiritish va boshqa huquqlarga ega. To’g’ri, berilgan huquq va vakolatlar keng, lekin ulardan samarali foydalanish o’ziga xos va murakkab jarayon hisoblanadi.
Biror masalani chuqur tahlil etish, uning kelib chiqish sabablarini o’rganish kerak. Shundan so’ng muammoga bevosita aloqador va mas'ul bo’lgan tegishli tashkilotlarga so’rov yuborish, uning natijalarini umumlashtirish, kerak paytda, uni xalq deputatlari mahalliy Kengash muhokamasiga olib chiqish zarur bo’ladi. Albatta, bu bilan masala hal bo’lib qolmaydi. Mutasaddi tashkilot rahbarining deputat yuborgan so’rovga javobi, sessiya qarori ijrosi ustidan deputatlik nazoratini o’rnatish ham talab etiladi. Ish shu tartibda izchil yo’lga qo’yilsagina natijasi ijobiy bo’ladi. Eng muhimi, biror muammo hal etiladi, odamlarning og’iri yengil, saylovchilarning esa murodi hosil bo’ladi.
Ochig’i, deputatlikka saylanishim oson kechgani yo’q. Saylovchilar har bir nomzodning faoliyatini sinchiklab o’rgandi. Saylovoldi dasturimizdagi har bir yo’nalishlar bo’yicha izoh talab qildi va o’zi ishongan nomzodga ovoz berdi. Xalq bildirgan bu yuksak ishonch men uchun katta mas'uliyatdir. Bu ishonchni oqlash, joylarda to’planib qolgan muammolarni bartaraf etish uchun bor kuch g’ayratim bilan ishlayman.
Saylovlardan so’ng okrug hududidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni har tomonlama o’rganib chiqdim. Kichik Beshkapa mahallasining faollari va oqsoqollar bilan maslahatlashib, mutasaddi tashkilotlarga ushbu muammolarni hal etish uchun deputatlik so’rovlari kiritdim. So’rovlarni ijobiy hal etilgani ham nazoratda turganlari ham bor.
Mahalla bilan hamkorlik asosida ish olib bormoqdamiz. Kichik Beshkapa mahalla fuqarolar yig’inida 4150 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 2122 nafarini ayollar, 2028 nafarini erkaklar tashkil qiladi. Kam ta'minlangan oilalar 2 nafarni, kambag’al oilalar 23 nafarni tashkil qiladi. Joriy yilning may oyi davomida 50 nafar fuqarolar ish bilan ta'minlandi. Ulardan 8 nafari jamoatchilik asosida, 20 nafari tumanimizdagi paxta-to’qimachilik klasteriga, 22 nafari fermer xo’jaliklariga ishga joylandi. 3 nafar kam ta'minlangan oilalarga imtiyozli kredit asosida 2 boshdan qo’y berildi.
Hozirgi karantin sharoitida ehtiyojmandlar, kam ta'minlanganlarga ko’rsatilayotgan saxovat va moddiy yordamlar o’z egasiga yetib borishini ham nazoratga olganmiz. Qolaversa bunday oilalarga doimiy ravishda yordam berib kelinmokda. Mana shunday oilalardan 4 nafariga xomiylik asosida issiqxona qurib berildi. Pandemiya sharoitida aholi tomorqalarining bo’sh qolmasligi borasida tavsiyalar, o’rni kelganda o’z yordamimizni berib, targ’ibot ishlarini olib bormoqdamiz.
Koronavirus pandemiyasi davrida mahallada dezinfeksiya ishlari olib borilib, tibbiyot maskalari tarqatildi. Karantin davrida tumandagi oziq-ovqat do’konlarida odamlarning birlamchi ehtiyoji uchun zarur bo’ladigan mahsulotlar hamda dori vositalari, tibbiy niqoblar bilan yetarli darajada ta'minlanganligi va narx-navolar bilan muntazam tanishib bormoqdamiz.
Reja asosida haftaning juma kunlari qabul tashkil etilib, saylovchilarning murojaatlarini tinglab, imkon qadar muammoni hal etishga harakat qilyapmiz.
Hayot o’zgarib, kundan-kunga oldimizga yangi talablar qo’yilmoqda. Deputat hayotni ziyrak bo’lib kuzatib borishi, o’ylashi, aholini tashvishlantirib kelayotgan masalalarni hal etish choralarini doimiy izlashi kerak. «Bu muammo bo’yicha hyech kim murojaat qilmadiku, kimdir murojaat qilsagina masalani hal etishga ko’maklashaman», degan fikrda ishlasak, odamlarga, taraqqiyotga nafimiz tegmaydi.
Ikromjon MAMADALIYEV,
Xalq deputatlari tuman kengashi deputati.