Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TERROR - ISLOMGA YOT G’OYA
2020-06-04 10:48:21 216
Islom dini zulm va zo’ravonlikning har qanday ko’rinishini qat'iy qoralagan. Qur'oni karim “Nahl” surasi, 91-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi”.
Hozirda “terror” deb atayotgan harakatlar allaqachon islomda “ulkan gunoh”, deb belgilab qo’yilgan.
Muqaddas dinimizning sof va go’zal ta'limotlarini chuqur va atroflicha o’rganar ekanmiz, u doimo ezgulik, vatanparvarlik, tinchliksevarlik kabi yuksak fazilatlarga chaqiruvchi, ayni paytda adovat, zulm, zo’ravonlik, buzg’unchilik, vatanga xiyonat kabi qabih ishlardan doimo uzoqda bo’lishga buyuruvchi ta'limot sifatida ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi.
Bugungi kunda diniy ekstremizm va terrorizm hozirgi dunyoning global muammosi ekani hyech kimga sir emas. Shu sababdan ham olamdagi barcha ma'rifatparvar kuchlar qatori O’zbekistonda ham unga qarshi kurashning turli keng miqyosdagi faoliyati olib borilmoqda.
Bugun biz axborot asrida yashamoqdamiz. Nosog’lom g’oyalarning urchib ketishiga sabab bo’layotgan internet sahifalaridagi illatlardan yoshlarimizni asrab qolish uchun Axborot-texnologiyalari sohasida yangi zamonaviy ijtimoiy loyihalarni qo’llab-quvvatlashga bag’ishlangan tanlovlar tashkil etish, unda milliy qadriyatlarimizni davom ettira olgan va bu borada yangiliklar kashf qila olgan yoshlarni rag’batlantirib borish kerak. Terrorizmga qarshi kurashda ma'naviy-ma'rifiy usullardan yana biri ta'lim muassasalarida islom dinining dunyoviy-ma'rifiy mohiyatini muqaddas manbalar Qur'oni Karim va Hadislardan kengroq foydalangan holda, ochib berish, din arboblari va mutaxassislarning terrorning islomda umuman mavjud emasligi, islom ma'rifat va ma'naviyat e'tiqodi ekanligini xalqimizga tushuntirish yo’li yaxshi samara beradi.
Zero, biz farzandlarimizni Prezidentimiz aytganidek, islomdagi Imom Buxoriylar, Naqshbandiylar, Yassaviylar, Termiziylar ta'limoti asosida tarbiyalasak, ularni turli islom niqobi ostidagi g’arazli guruhlar bilan buyuk ajdodlarimiz amal qilgan va bizlarga meros bo’lgan musaffo, ma'rifatli islom bilan ekstremizm farqini ajrata oladigan darajada yoshlarimizni bilimli qilishimiz zarur bo’ladi.
Eng zarur choralardan biri bu xalqimizning ogohligidir. Hyech bir terroristik harakat tayyorgarliksiz amalga oshmaydi. Uni qayerda amalga oshirilsa, o’sha yerdagi biron holat avvaldan biron o’zgarishga uchramasligi mumkin emas. Xuddi kuchli zilziladan oldin hayvonlar bezovtalangani kabi, atrofimizda - mahalla ko’yda begona shaxslarning paydo bo’lishiga e'tiborsiz bo’lmaslik lozim. Farzandlarimiz, hatto yoshi kattalar faoliyatida xoh u xoh bu tarzdagi o’zgarishlarga diqqatni qaratish, buning zamirida biron bir katta muammo kelib chiqmasmikin degan o’yda masalani o’rganish muhim sanaladi. Statistik ma'lumotlarga ko’ra, amalga oshmay qolgan terroristik harakatlarning 70 foizdan ortig’i fuqarolarning o’zlari bilib yoki bilmagan tarzda uni fosh etganlariga bog’liq ekan. Shu sababdan butun xalqimiz ana shu masalaga ogohlik bilan qarasa, terrorizmning dahshatli changaliga bandi bo’lmaslikning muhim shartlaridan biri bajarilgan bo’ladi deyish mumkin.
Bu o’rinda, terrorizmga qarshi ma'naviy-ma'rifiy kurashning ayrim jihatlari haqida fikr yuritilar ekan, bu masaladagi tugal fikrlar ana shulardan iborat deb bo’lmaydi. Zamon o’zgarib borar ekan, har qanday yovuz kuchlarga nisbatan kurash uslublaridan ham fundamental o’zgarishlarni yuzaga kelishini taqazo etadi. Shu sababdan bu borada yana bir muhim jihat, ayni terorizmning kelib chiqishi va unga qarshi kurash usullar borasida ilmiy izlanishlar olib borish va bu borada xalqaro tajribalarni tadqiq etish ham zaruriy ekanligini ta'kidlab o’tmoqchimiz.
Z. Turdiyev,
Qo’shtepa tumani Abdusamad Oxund jome masjidi imom-xatibi.