Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
YUKSAK MA'NAVIYAT-YENGILMAS KUCH
2020-05-29 12:25:52 270
JAHOLATGA MA'RIFAT BILAN JAVOB BERAYLIK
Bugungi kunda butun dunyoda islom diniga nisbatan qiziqish va intilish kuchayib, uning xayrixoh va tarafdorlari ko’payib bormoqda. Buning asosiy sababi muqaddas dinimizning haqqoniyligi va pokligi, insonparvarligi va bag’rikengligi, odamzotni komillik va ezgulikka chorlashi bilan bog’liq. Taassufki, hozirda islom dinini niqob qilib, manfur ishlarni amalga oshirayotgan mutaassib kuchlar xali ongi shakllanib ulgurmagan, tajribasiz, g’o’r yoshlarni tuzog’iga ilintirib, ulardan o’zlarining nopok maqsadlari yo’lida foydalanishga urinmoqdalar. Diniy shiorlar ostida siyosiy hokimiyatga intilayotgan diniy ekstremistik tashkilotlar Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga harakat qilayotgani achinarli holdir.
Zero, bunday nojo’ya harakatlar, avvalo dinimizning sha'niga dog’ bo’lishini, oxir-oqibatda esa butun hayotimizga salbiy ta'sir ko’rsatishini chuqur anglab olib, xulosa chiqarishimiz zarur. Jaholat yo’liga adashib kirganlarni davlatimiz rahbari umumiy avf bilan ularning barini kechirdilar va ijtimoiy hayotda o’z yo’llarini topishlari uchun barcha chora-tadbirlarni belgilab berdilar.
Qur'oni Karimda “Jaholatla yomonlik qilib qo’yib, so’ngra tezda tavba qiladiganlarning tavbasi Allohning zimmasidadir” (Niso-17) deyiladi. Biroq, mana shunday eng oliy imtiyozlardan keyin ham tavba qilmay jaholatida davomli bo’lsa, albatta nonko’rlik hosil bo’ladi.
Hozirgiday globallashuv jarayonida yoshlarimiz radio, televideniye, internet kabi vositalardan har-xil axborot va ma'lumotlarni olishmoqda. Ba'zi bir aqidaparastlar o’z g’arazli maqsadlarini ana shu vositalar orqali ham dunyoning istalgan burchagidan turib, ta'sir o’tkazib, qabih ishlarini amalga oshirishmoqda. Ana shundaylarning yo’liga g’ov qo’yish uchun, yoshlarimizda ma'naviy bo’shliq paydo bo’lmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog’lom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg’usini shakllantirish, fikrga qarshi fikr, g’oyaga qarshi g’oya, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish ko’nikmasini singdirish lozim.
Muborak dinimizda musulmon qanday bo’lishi kerak degan savolga oddiy qilib javob berilgan. Rasululloh (s.a.v) so’zlarida “Musulmon, uning qo’li va tilidan boshqa birovlarga aziyat va ozor yetmaydigan kishidir” deganlar. Qur'oni karimda urush chiqarish yo’lidagi fitna qotillikdan ham yomon jinoyat hisoblanadi. Zero, dinlarning birortasida zulm, qotillik, odam o’ldirish yoqlanmagan, aksincha, mehr-oqibatli, sulhparvar, rahm-shafqatli bo’lishga chorlangan. Alloh taolo insonlarga qarata bunday deydi: “Ey insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabilalar qilib qo’ydik...” (Hujurot surasi, 13-oyat). Demak, xalqlarning, elat va qabilalarning har xilligi urushish, janjallashish uchun emas, balki bir-birlari bilan topishib-tanishishlari, bir zaminda ahil-inoq yashashlari uchun ekan. Binobarin, bir ota va bir onadan tarqalgan insoniyatning bir-biri bilan Alloh taqiqlagan ishlar tufayli urushib-talashib yurishi Islom diniga ziddir. Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom ham hadislarida: “Bir-biringizning qoningiz va obro’yingizni to’kishingiz, mol-mulkingizga tajovuz qilishingiz barchalaringizga haromdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Yoshlik inson hayotida bir marta beriladigan g’animat davrdir. Bu g’animat palladan unumli foydalanib ilm va kamolot hosil qilish vojibdir. Islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g’arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo’xtonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini unib-o’sib kelayotgan yoshlarga to’g’ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g’oyalarini keng targ’ib etish asosiy vazifamiz hisoblanadi.
Vaqtimizni g’animat bilib o’zimizni ilm, kasb-hunar, sport va manfaatli ishlar bilan mashg’ul qilishimiz, ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan axborotning manbaasini tekshirish va yolg’onlarini saralash ko’nikmasini hosil qilish, tarqatilayotgan ma'lumotlar ostida qanday manfaatlar bo’lishi mumkinligini o’ylab ko’rish, eng avvalo o’zimiz uchun foydali ekanligini anglashimiz kerak.
Negaki, yurtimizning ertangi kuni qanday bo’lishi siz, aziz yoshlarning bugun qanday ta'lim va tarbiya olishingizga bog’liq. So’zimni hadis ilmining yetuk olimi, bobomiz Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi so’zlari bilan yakunlasam: “Dunyoda ilmdan boshqa najot bo’lmagan va bo’lmaydi ham.”
Tursuntoyir ERBO’TAYEV,
“Mo’yi muborak” masjidi imom-xatibi