Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TUYG’U: SIZGA TA'ZIM, SHIFOKORLAR!
2020-04-14 15:36:16 186
Koronavirus infeksiyasi dunyoga tahdid solib turgan bir paytda, tibbiyot xodimlari zimmasidagi mas'uliyat yanada oshishi bilan birga, ular faoliyatining har kuni, kerak bo’lsa, har daqiqasi qahramonlik ekanligi yaqqol namoyon bo’lmoqda. Ayni vaziyatdan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasiga chalingan yoki gumon qilinganlarga birinchi bo’lib, tibbiyot xodimlari ro’baro’ kelishadi. O’z kasbiga sodiq qolgan holda, bemorlarni tibbiy kuzatuvga olib, zudlik bilan davolash choralarini ko’rishmoqda.
Sinoatli baloga giriftor bo’lganlarni hayotga qaytarayotgan xaloskor shifokorlarimiz bugunning haqiqiy qahramonlari. Ular bor bilimi, iqtidori, kuchi va mehrini ishga solib xastalikka chalinganlarni ajal yoqasidan qutqarmoqdalar! Gippokrat qasamiga sodiq qolgan holda o’z kasblariga sadoqat bilan xizmat ko’rsatmoqdalar. Ta'bir joiz bo’lsa, bemor va xastalik o’rtasida turib, virusga qarshi jasorat bilan “jang” qilishmoqda.
Kamiga tuzalib chiqayotgan hamyurtlarimizni guldastalaru olqishlar bilan kuzatib qo’ymoqda. Aslida kurrai zaminimizdagi barcha shifokorlarni har qancha olqishlasak, dunyoning bor gulu lolalarini qahramon tibbiyotchilar poyiga keltirsak oz.
Uyiga, qadrdonlari, jondan aziz farzandlari huzuriga haftalab bormayotgan, yuzidagi niqobiyu egnidagi havo o’tkazmaydigan maxsus muhofaza libosidan kechishga oshiqmayotgan qadrdon shifokorlar! Kasbingizga sadoqatingiz, kamtarligingiz sabab sizning ismingizni bilmaymiz, chehrangizni tanimaymiz. Lekin matonatingiz bilan qancha-qancha odamlarni hayotga qaytarayotganingizni el-yurt bilib, ko’rib turibdi.
Osongina yuqadigan bu darddan forig’ bo’lish qanchalar mushkul ekanini ham xalqimiz astoydil anglamoqda. Shunday ekan, sizlarga qancha ta'zim qilsak, tashakkurlar aytsak shuncha oz, aziz xaloskorlar!
Qo‘shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati