Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“TIL BAYRAMI - MILLAT BAYRAMI”
2020-04-13 10:55:08 237
Jonajon O’zbekistonimiz bayramlariga yana bir bayram qo’shildi. Bu ham bo’lsa, 21-oktyabr “O’zbek tili bayrami kuni”dir. Bu bayram o’zbek xalqining milliy bayrami sifatida, yangi O’zbekistonning tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev O’zbekiston Respublikasining “O’zbek tili bayrami kuni” ni belgilash to’g’risdagi tarixiy qonunni imzoladi. “Davlat tili haqida” gi qonun qabul qilingan kun - 21 oktyabr sanasining “O’zbek tili bayrami kuni” deb e'lon qilinishi, mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohotlarning yuksak samarasi, mustaqil Vatanimiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-madaniy, ma'naviy hayotidagi ulkan voqyeadir.
Dunyodagi davlatlar oldiga yo’nalishlar va zamonaviy global jarayonlarga qo’shilish vazifasini qo’yayotgan mintaqalashuv va globallashuv davrida, Prezidentimiz tomonidan an'anaviy qadriyatlar, milliy va madaniy o’ziga xoslikni saqlab qolish hamda O’zbek tilining rivoji uchun ilgari surilgan bu tashabbuslari, ona zaminimizda yashab, ijod qilgan, millatning hurligi, baxtu-saodatiga butun iste'dodini bag’ishlagan, kerak bo’lsa jonini tikkan, o’z ona tilini turli zo’rlovlar natijasida ravnaq topishi uchun to’sqinlik qilgan kuchlarga qarshi kurashgan yurt o’g’lonlarini ham ruhlarini shod qilgan bo’lsa ajab emas.
O’zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy ham o’zbek tilini shakllanishida, uni yot unsurlardan asrash, sof, ravon, ifodali til bo’lib yaralishida salmoqli hissa qo’shgan. Abdulla Qodiriy maqolalaridan birida “O’zbek tili kambag’al emas, balki o’zbek tilini kambag’al deganlarning o’zi kambag’al. Ular o’z nodonliklarini o’zbek tiliga to’nkamasinlar degan.” Mana tilga bo’lgan chin muhabbat. Ana shu mahabbat orqali o’zbek adabiyotida, o’zbek tilida ilk roman vujudga kelgan.
“Har bir millatning dunyoda borligini ko’rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo’qotmak millatning ruhini yo’qotmakdur”.
Millatparvar mutafakkir Abdulla Avloloniyning bu so’zlari hyech bir zamonda ahamiyatini yo’qotmaydi. Chunki millat deganlari tilga ko’ra belgilanadi. Til - millatning mavjudlik sharti. Millat vujud bo’lsa, til - ruh. Shu bois o’zini tanigan, o’zligiga ega har bir millat ona tili rivojini hayot-mamot masalasi deb biladi. Til taraqqiysi uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Ona tilimiz davlat tili maqomiga ega bo’lgani, “O’zbek tili bayrami kuni” ni milliy bayram sifatida nishonlashimiz, uning rivoji uchun huquqiy kafolat demakdir.
Niyatimiz ulug’ va yorug’! Prezidentimiz imzolagan ushbu tarixiy hujjat sabab, yangi O’zbekistonda ona tilimizning qaddi yanada yuksalsin, ayni paytda ko’pmillatli xalqimiz totuv va hamjihat yashab barcha sohalarda baland-baland cho’qqilarni zabt etsin, dunyoning qay bir hududida, qaysi mamlakatida bo’lmasin, har bir yurtdoshimiz o’zbekistonlik ekanidan doim g’ururlansin! O’zbekiston bolalari o’zbekcha so’zlab, o’zbekcha kuylab, hammaning havasini keltirsin! Kun kelib dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo’lgan ona tilimiz jahon tillaridan biriga aylansin!
Bu bayramga munosib hozirlik ko’rish, milliy til rivojiga halol mehnat bilan hissa qo’shish, har bir O’zbekiston fuqarosining fuqarolik burchidir.
U. Xolmatov,
tuman hokimining ma'naviy - ma'rifiy
ishlar samaradorligini oshirish
Davlat tili to’g’risidagi qonun
hujjatlariga rioya etilishini
ta'minlash masalalari bo’yicha
maslahatchisi