Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
NAVRO’Z - QADIM QADRIYATLAR TAROVATI
2020-03-20 14:10:18 629
ch ming yildan ziyod tarixga ega bo’lgan Navro’zi olam - sharqona yangi yil o’zining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ongu tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shodu xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayramdir. Navro’z milliy ma'naviyatimiz rivojidagi eng muhim shodiyonadir. Bu kunda yurtimizning har bir go’shasida bahoriy taomlaru, turli milliy o’yinlarga alohida urg’u beriladi. Xususan, milliy taomlarimizdan sumalak, halim, ko’ksomsa, ko’kchuchvara kabilar bayram dasturxonining ko’rkiga aylanadi. Ayniqsa, sumalak bazmlarining o’zgacha gashti bor.
Navro’z bayramining uch asosiy taomlari:
Sumalak tayyorlash an'anasining tarixi qadim - qadimlarga borib taqaladi. «Sumalak» atamasi - «sharbat uchun qilingan», «undirilgan arpa» ma'nosini anglatuvchi qadimgi turkiy so’z bo’lmish “suma”dan kelib chiqqan.
Manbalarda qayd qilinishicha, qadimgi ajdodlarimiz erta ko’klamda kelayotgan yilning barakali bo’lishini niyat qilib, muqaddas o’simliklardan birini tuyib, shirasini olganlar va marosim amallarini bajarish chog’ida uni tanovul etganlar.
Sumalak tayyorlashda dastavval bug’doy ma'lum vaqt o’stiriladi. Tayyor holga kelgan bug’doyning shirasi olinib, doshqozonga ozroq yog’dan so’ng solinadi. Bug’doy shirasidan so’ng un solinadi. Shu tariqa sumalak 24 soat davomida pishiriladi.
Ko’k somsani inson organizmiga eng kerakli quvvat beruvchi vitaminlar mavjud, deya bejizga aytilmagan. Ha, uni tayyorlashda bekalarimizdan anchayin mehnat talab etiladi. Avval xamir qorib olinadi. Undan so’ng ichidagi qaylasini tayyorlashga kirishiladi.
Ko’katlar va piyozni yaxshilab to’g’rab, o’simlik yog’i, tuz va murch qo’shib aralashtiriladi. Xamirni doimgidek yoyib, ichiga masalliqlar solinadi. Har kim o’ziga qulay shaklda tugishi mumkin. Tugilgan somsalarning ustiga tuxum surtib, sedana sepiladi va pishiriladi.
Halim (Halisa) bug’doy va mol go’shtidan tayyorlanadigan qadimiy milliy taomlarimizdan biri. Halim tayyorlash uchun qayroqi bug’doy bir oz namlanib, yog’ochda tuyilib, sovuq suvda yuviladi, so’ng 5-6 soat davomida iliq suvda ivitiladi.
O’simlik yog’i qizdirilgan qozonda lo’nda-lo’nda to’g’ralgan go’sht qovuriladi, so’ng tayyorlangan bug’doy solinib, darhol suv quyiladi va 2-3 soat davomida past olovda qaynatiladi. Taomni to’xtovsiz kovlab turish lozim. Ming dardga davo bo’lgan milliy taomlarimiz Navro’z dasturxoniga o’zgacha kayfiyat, shukuh bag’ishlaydi.
Navro’z bayrami o’yinlari.
Ko’kda varrak uchirayotgan bolani ko’rib xavas qilasan kishi. Shu onda bolaning yuzidagi quvonchga beihtiyor sherik bo’lging keladi. Ha, bu ham bahor kelganidan darak. Navro’z bayramida ham juda ko’pgina milliy o’yinlarimiz bo’y ko’rsatadi. Bu shodiyona «Kurash», «Ko’pkari», «Arqon tortish», «Chillak», «Xo’roz urishtirish», «Oq terakmi, ko’k terak», «Beshtosh», «Tez aytish», «Kim oladi-yo, shuginani-yo?» kabi quvnoq o’yinlar bilan yanada gashtli va unutilmas o’tadi.
Muhimi shundaki, bu o’yinlarning hech biri shunchaki ermak yoki vaqt o’tkazish uchun o’ylab topilmagan. Ular o’g’il-qizlarning jismonan va ruhan sog’lom, chidamli bo’lib o’sishlariga yordam beradi. Demak, xalqimizning oddiy o’yinlarida ham ajdodlar zakosi, ruhiy va jismoniy komillikka intilish niyati mujassam.
Azizlar barchangizga bahor bayrami Navro’zi olam muborak bo’lsin. Axir Navro’z - yangi rejalar, maqsadlarning qaror topishi. Navro’z shukuhi doimo dillarda mangu bo’lsin!