Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
MА’MURIY JАVOBGАRLIK TO‘G‘RISIDАGI KODEKSGА O‘ZGАRTIRISHLАR KIRITILDI
2019-12-16 10:11:04 197
O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 5-noyabrdagi “Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun javobgarligi liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi Qonuniga asosan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi.
Xo‘sh, bu o‘zgarishlar nimalardan iborat va bundan maqsad nima? Аmaldagi qonunchiligimizda chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzishi, ya‘ni O‘zbekistonda yashash huquqini beradigan hujjatlarsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan hujjatlar bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiska, ko‘chish yoki turar joy tanlash yuzasidan belgilangan tartibga rioya etmasligi, bo‘lish muddati tugagach chiqib ketishdan bo‘yin tovlashi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining hududi orqali tranzit tarzda o‘tish tartibiga rioya qilmasligi eng kam oylik ish haqini ellik barobaridan yuz barobarigacha miqdorda jarima solishiga yoki O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborishga sabab bo‘lar edi.
Yangi o‘zgarishlarga ko‘ra mamlakatimizda yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tib yashayotgan chet el fuqarolariga yengillik va qulaylik yaratildi. Endilikda O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning haqiqiy bo‘lmagan yashash guvohnomasi bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashi, yashash guvohnomasini qasddan yaroqsizlantirishi, ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi kabi huquqbuzarliklarga nisbatan MJTK ning 223-moddasi bilan chora ko‘riladigan bo‘ldi. Bunday holatlarda ularga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorida maʼmuriy jarima jazosi qo‘llaniladi.
Ushbu qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 225-moddasidagi jazo choralari ham liberallashtirildi. Ilgari O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidasini buzgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha jarima yoki O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish bilan jazolanar edi.
Endi esa chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini o‘n sutkagacha buzsa eng kam ish haqining besh baravarigacha, o‘n sutkadan ortiq, ammo o‘ttiz sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga buzsa, eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida, o‘ttiz sutkadan ortiq muddatga buzsa, eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima belgilandi.
Shu o‘rinda migratsiya xizmati bilan Farg‘ona shahar maʼmuriy sudining o‘zaro hamkorligi samarali bo‘layotganini takidlash kerak. Farg‘ona shahar maʼmuriy sudi ham chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida maʼmuriy javobgarlik bo‘yicha ishlarni bevosita Farg‘ona shahar IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida sayyor sud jarayonlarida ko‘rib chiqmoqda. Qo‘llanilgan jarimalar ham shu yerning o‘zidagi bank kassalariga to‘lanishi ortiqcha ovoragarchilikning oldini olmoqda.
Bu kabi muhim o‘zgarishlardan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonga sayyohlik va boshqa biznes yuritish masalalarida kelayotgan chet el fuqarolariga yengillik yaratib, mamlakatimizning investitsion va turizm salohiyatini yuksaltirishdir.
Qahramon SАMINOV,
Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i