Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Kompensatsiya kimlarga to‘lanyapti?
2019-11-13 15:04:23 897
Fayz mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan sayyor qabulda ishtirok etgan fuqarolar ana shu savolga to‘la javob oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shu yil 14 oktyabrdagi “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilgan edi. Tuman Xalq qabulxonasi mudiri Ro‘zimatjon Аbdullayev, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Аhmadjon G‘aniyevlar ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda ana shu qarorning mazmun-mohiyati haqida batafsil tushunchalar berildi.
Maʼlumki, tumanda 20 ming 212 nafar fuqaro pensiya va nafaqa bilan taʼminlangan. Shularning 15 ming 751 nafari yoshga doir, 1404 nafari nogironlik pensiyasini olsalar, 1333 nafari bolalikdan nogironlik nafaqasi, 840 nafari boquvchisini yo‘qotganlik, 361 fuqaro ijtimoiy nafaqa oluvchilar hisoblanadilar. Birgina noyabr oyining o‘zida tumanimiz pensioner va nafaqa oluvchilari uchun davlat byudjetidan 11 milliard 426 million 215 ming so‘mdan ziyod mablag‘ to‘landi. Ular orasida shunday toifalar borki, yuqoridagi qarorga muvofiq ularni kompensatsiya to‘lash orqali qo‘llab-quvvatlash zarurdir.
Tuman byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi dastlab 8112 nafar fuqaro, noyabr oyida esa 8478 nafar fuqaro ana shu toifaga kirishini aniqladi hamda barcha qishloq fuqarolar yig‘inlariga ular endilikda ilgarigidek 22 ming so‘m emas, balki 50 ming so‘mdan kompensatsiya olishlari haqida eʼlonlar ko‘rinarli joylarga osib qo‘yildi. Endilikda ularga alohida qaydnoma orqali non pullari to‘lab berilmoqda.
Sayyor qabulda ishtirok etgan fuqarolarga nogironligi borligi, boquvchisini yo‘qotganligi, bolalikdan nogironligi bor 16 yoshdan katta bo‘lgan, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va 18 yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan, yoshga doir eng kam pensiya va nafaqa oluvchilar 1 oktyabrdan eʼtiboran un va qolipli non xaridi uchun 50 ming so‘mdan kompensatsiya puli bilan taʼminlanishi uqtirildi. Faqatgina shu oyning o‘zida davlat byudjetidan shu maqsad uchun birgina tumanimiz fuqarolariga 461 million 122 ming so‘mdan ziyodroq mablag‘ sarflangani davlatimiz rahbari va hukumatimizning ehtiyojmandlarga ko‘rsatayotgan beqiyos g‘amxo‘rligini ko‘rsatib turibdi.
Sayyor qabulda Аhmadjon G‘aniyev nogiron farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullangan ayollarning pensiya yoshi va boshqa muammoli vaziyatlar yuzasidan fuqarolarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur huquqiy maslahatlar berdilar.
Shuhratjon ShАROPOV,
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi boshlig‘i