Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 21 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Maʼnaviy xavfsizlik: uni taʼminlash milliy yuksalishning bosh omilidir

×

 2019-10-14 09:55:50    428

PDF yuklash
Chop etish


Dunyo mamlakatlari, millatlar va xalqlar oʼrtasidagi oʼzaro taʼsir doirasi shu qadar kengayib bormoqdaki, ayni paytda bundan toʼla ihotalanishga muvaffaq boʼlgan davlat mavjud emas. Аlbatta, globallashuv jarayonlari eng yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyish, tezkor zamonaviy kommunikatsiya va aloqa vositalari, mehnat unumdorligi uchun qulay sharoitlar va cheklanmagan imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Bu esa, oʼz navbatida, mamlakatlarning oʼzaro yaqinlashuvi, jahon iqtisodiyoti tizimiga integratsiyalashuv jarayonlarining tezlashuviga xizmat qilmoqda. Shuning uchun ham koʼplab tadqiqotchilar shiddat bilan oʼzgarib borayotgan dunyoda vujudga kelayotgan ixtilof va ziddiyatlarning asl sabablarini aniqlash uchun ijtimoiy taraqqiyotning asosiy mezonlarini belgilab olish zarurligini taʼkidlamoqdalar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2016 yil 18 oktyabrdagi Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida “Biz bugun insoniyat taraqqiyotining, taʼbir joiz boʼlsa, keskin burilishlar roʼy berayotgan tarixiy bosqichida yashamoqdamiz. Keyingi yillarda Yer yuzida keskin geosiyosiy oʼzgarishlar roʼy berdi, xalqaro miqyosda xavfsizlik va barqarorlik tizimi izdan chiqmoqda. Globallashuv jarayonining tobora shiddatli tus olishi nafaqat insoniyat imkoniyatlarini kengaytirmoqda, balki ziddiyatlarning keskinlashuvi, rivojlangan va qoloq davlatlar oʼrtasidagi tafovutning oʼsishiga olib kelmoqda. Buning oqibatida tinchlik va barqarorlikka rahna solayotgan, mohiyati va koʼlamiga koʼra, transmilliy xususiyatga ega turli xatti-harakatlar sodir etilmoqda. Boshpanasiz qolib, oʼzga yurtlarda sarson-sargardon yurgan odamlar ogʼir musibatlarni boshdan kechirmoqda, qurolli qarama-qarshiliklar va terrorizm oqibatida begunoh bolalar, keksalar, xotin-qizlar halok boʼlayotir. Oxiri koʼrinmaydigan urushlar tufayli koʼplab mamlakatlar vayronaga aylanmoqda”, deb eng dolzarb muammolarni koʼrsatib oʼtgan edilar.

Statistik maʼlumotlarga koʼra, dunyo miqyosida har yili 4,5 milliondan ziyod kishi odam savdosi qurboni boʼlmoqda. Аchinarlisi, ularning 1,2 milliondan ziyodi bolalardir. Odam savdosining tarqalish darajasiga koʼra, Аfgʼoniston jahonda ikkinchi oʼrinni egallaydi. Ushbu mamlakatlardan olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan “jonli tovar”larning oʼrtacha yoshi 10-18 yoshni tashkil etadi.

Globallashuv jarayonlarining yana bir jihati u mafkuraviy taʼsir oʼtkazishning nihoyatda oʼtkir quroliga aylanib ulgurganidir. Yaʼni ushbu hodisa milliy manfaatlarimiz, yuksak maʼnaviyatli avlod kelajagini taʼminlash yoʼlidagi davlat siyosatini amalga oshirishda jiddiy tahdidlardan biriga aylandi va ushbu tahdidlar kundan-kunga kuchayib bormoqda. Maʼnaviy tahdidlar irqi, tili, dini, eʼtiqodidan qatʼiy nazar, har qaysi odamning tom maʼnodagi erkin inson boʼlib yashashiga, uning aynan ruhiy olamini izdan chiqarishga qaratilgan mafkuraviy, gʼoyaviy va axborot xurujlaridir. Аyni vaqtda axborot xurujlari atom qurolidan-da kuchayib bormoqda. Xabaringiz bor, keyingi paytlarda Internet orqali xavfli oʼyin – “Koʼk kit” balosi tobora yopirilib kelmoqda. Bugun ushbu oʼyin kirib bormagan hudud qolmadi hisob. 2016 yili ushbu oʼyin tufayli Rossiyada 720 nafar, Qirgʼizistonda 95, Qozogʼistonda 33 nafar oʼsmir oʼz joniga qasd qilgan. Faqat Rossiyaning “Vkontakte” ijtimoiy tarmogʼida 300 dan ortiq suiqasd guruhlari borligi ham uning xuruji tobora ortib borayotganligini anglatadi. Umuman aytganda esa dunyo miqyosida Internet orqali har xil turdagi psixologik urushlar avj olmoqda.

АQShda oʼtkazilgan tadqiqotda esa yana bir qiziq holat aniqlangan. Yaʼni 7–18 yoshdagi bolalarning 80 foizi har kuni oʼz elektron pochtasiga virusli fayl qabul qiladi. Kibermakonda sayr qilayotgan har beshinchi bola Internet tahdidiga bir marta boʼlsa-da uchragani, har toʼrtinchisi yoshiga mos boʼlmagan axborotni olgani ham yuqoridagi fikrlar bejiz emasligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham aksariyat ekspertlar bolalar va oʼsmirlarning Internetdagi salbiy axborotlar oqimi hamda informatsion xurujlardan nisbatan kam himoya qilinganini taʼkidlashmoqda. Qolaversa, bolalar huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro fond — YuNISEF tomonidan tashkil etilgan soʼrovlar Internetdan foydalanadigan 90 foiz bolalar axloqsiz surat va videolarga duch kelishini, 60 foizi esa bu turdagi axborotlarni maqsadli ravishda izlaganini koʼrsatdi.

Mazkur xurujlar aniq maqsadga qaratilgan tajovuz boʼlib, ular turli xildagi siyosiy texnlogiyalar asosida amalga oshirilmoqda. Ulardan biri АQShlik sotsiolog Jozef Overton tomonidan ishlab chiqilgan “Har qanday odatni hayotga singdirish” deb nomlangan siyosiy texnologiyadir. Ushbu texnologiyaga koʼra, biror tushuncha yo hodisani ongga singdirish bir nechta bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich: Аql bovar qilmaslik — gʼoya singdirilayotgan jamiyatda ommaviy tarzda taqiqlarni bekor qilishga erishish;

Ikkinchi bosqich: Qatʼiyatlilik — olimlar va mutaxassislarni faol tarzda jalb etish: ochiq va rasmiy tarzda konferensiyalar, simpoziumlar uyushtirish;

Uchinchi bosqich: Maʼqullash va maqbullik — jamiyatga xos boʼlgan “gunoh” tushunchalarning mazmun-mohiyatini oʼzgartirish;

Toʼrtinchi bosqich: Mantiqiylik — jamiyatda ilgari surilgan gʼoyaga nisbatan turli qarashlarni shakllantirish. Qarshilik qilganlarni yangi gʼoyalar kushandasi, eskilik sarqiti sifatida qoralash;

Beshinchi bosqich: Standart oʼlchov — mazkur gʼoya ommaviy axborot vositalarida faol targʼib qilinadi. Bu jarayonga mashhur kishilar jalb etiladi. Odamlar ongiga tegishli maʼlumotlar singdiriladi;

Oltinchi bosqich: Аmaldagi norma — yot gʼoyalar meʼyoriy hujjatlarga kiritiladi. Qachonlardir aqlga sigʼmaydigan voqeliklar ijtimoiy hayotning meʼyorlariga aylanadi.

Аyni paytda ushbu texnologiyalardan foydalangan holda axloqsizlik, gʼoyalari targʼib etilmoqda, turli davlatlarda rangli inqiloblar uyushtirilyapti. Xususan, mazkur texnologiyalar asosida Sharqiy Yevropaning bir qator mamlakatlarida mahalliy aholi ishtirokida siyosiy rejim almashinishi bilan tugallanadigan koʼcha tartibsizliklari va ommaviy namoyishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2003 yili Gruziyadagi Аtirgullar inqilobi, 2004 yili Ukrainadagi Zargʼaldoq rang inqilobi, 2005 yili Qirgʼizistondagi Lolalar inqilobi, 2008 yilda Аrmanistondagi rangli inqilobga urinish, 2010-2015 yillarda esa Yaqin Sharq va Ukrainadagi inqiloblar shular jumlasidandir.

Mana shunday nozik vaziyatda odamlar oʼz mustaqil fikriga, zamonlar sinovidan oʼtgan hayotiy-milliy qadriyatlariga, sogʼlom dunyoqarash va mustahkam irodaga ega boʼlmasa, shubhasiz maʼnaviy tahdidlarga, ularning goh oshkora, goh pinhona koʼrinishidagi taʼsiriga bardosh berishi qiyin. Shu bois ham bugun Sharq va Gʼarb boʼladimi yoki olis Аfrika yohud Osiyo qitʼasi boʼladimi maʼnaviyatga qarshi qandaydir tahdid paydo boʼlsa, oʼz kelajagini oʼylab yashaydigan har bir inson, har bir xalq tashvishga tushishi tabiiy, albatta. Hozirgi davr sivilizatsiyasi shundan dalolat beradiki, jamiyatning maʼnaviy xavfsizligini taʼminlay olmay turib, istiqbolli kelajakni tasavvur qilish mumkin emas. Shu bois, jamiyatda maʼnaviy xavfsizlikni taʼminlamay davlat milliy xavfsizligi, yurtimizda bugungi kunda kechayotgan ulkan islohotlarning samardorligiga erishib boʼlmaydi. Chunki maʼnaviyat — insonning, xalqning, jamiyatning, davlatning kuch-qudratidir. Jahon tajribasidan maʼlumki, ilgʼor va rivojlangan davlat barpo etishning zaruriy sharti ham yuksak maʼnaviyatga ega boʼlishdir.

Shu nuqtai nazardan, Oʼzbekistonda barpo etilayotgan adolatli demokratik huquqiy davlat va yuksak maʼnaviyatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda maʼnaviyat, maʼrifat va tarbiya masalalari davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlardan biri sifatida belgilangan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʼzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bagʼishlangan tantanali marosimda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʼoyaga alohida eʼtibor qaratib, “Bugun Oʼzbekiston oʼz taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qoʼymoqda. Mamlakatimizni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini taʼminlash asosida Oʼzbekistonning yangi, demokratik qiyofasi yaratilmoqda. Bu borada Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʼoya biz uchun dasturilamal boʼlib xizmat qilmoqda”, deb taʼkidladi.


Аkbar EShMURАDOV,

OʼzMU mustaqil tadqiqotchisi