Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“Ayollar daftari” tumanimizdagi minglab ayollarga yangi hayotga yo‘l ochib bermoqda
2025-01-10 10:20:03 464
Qo‘shtepa tumanida, o‘tgan 2024 yil davomida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 6485 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlanib, asosiy va qo‘shimcha yordamlar ko‘rsatildi. Ushbu maqsadlar uchun 3 milliyard 410 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Jumladan, 5744 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar iqtisodiyotning turli tarmoqlariga ishga joylashtirildi.
Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarning 147 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishlari uchun 1173.9 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashildi. Natijada ushbu ayollarning o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlariga erishildi.
“Ayollar daftari”ning 3, 4 va 6 toifalariga olingan opa-singillarimizga esa “Ayollar daftari” jamg‘arma mablag‘laridan 760,2 million so‘mlik bir martalik moddiy yordam hamda xomiylik mablag‘lari hisobidan 34.6 million so‘m oziq-ovqat va boshqa yordamlar ham ko‘rsatildi.
Shuningdek, 1813 nafar xotin-qizlarga 191.2 million so‘mlik hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 96 nafar farzandlariga stasionar yoki ambulator tartibda davolanish, bepul dori-darmon bilan ta’minlash hisobiga 25.3 million so‘mlik tibbiy yordam ko‘rsatildi. 528 nafar xotin-qizlarga esa ma’sul tashkilotlar tomonidan psixologik hamda huquqiy yordamlar berildi.
Respublika Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Paxtakor” mahallasida yashovchi I.Mamajonovaga 34.0 million so‘m, “Qorajiyda” MFYda yashovchi M.Normatovaga 31.7 million so‘m, “Namuna” MFYda yashovchi M.Mingboyevga
5.0 million so‘m dori-darmon hamda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun mablag‘lar o‘tkazib berildi.
Qolaversa, oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan 9 nafar xotin-qizlar va “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarning 1 nafar farzandlariga kontrakt to‘lovining bir qismi uchun jami 49,9 mln so‘m to‘lab berildi.
Yuqorida ko‘rsatilgan yordamlardan ko‘rinib turibdiki, “Ayollar daftari” jamiyatga katta ta’sir ko‘rsatadi, nafaqat ayollarga, balki ularning oilalariga ham yordam beradi. U ayollarning hayot sifatini yaxshilashga ko‘maklashadi, ularga rivojlanish, ishlash va o‘zlarini hamda farzandlarini ta’minlash imkonini beradi. Bir so‘z bilan aytganda ushbu dastur yurtimizning minglab ayollariga yangi hayotga yo‘l ochib, inqirozli vaziyatlardan chiqishga yordam bermoqda.