Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
G’ALLA URUG’INI TEZROQ YERGA QADAB, 2025 YILDA G’ALLADAN YANADA MO’L HOSIL OLAYLIK
2024-08-26 14:36:09 139
O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosati a’zolarining g‘allachilik fermerlari va klasterlariga MUROJAATI
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha fidoiylari!
Dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sharoitda qishloq xo‘jaligidagi mavjud resurslar
va imkoniyatlardan unumli foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga ko‘paytirish, yuqori hosil olish, agrar sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim vazifalardan biri ekanligini barchamiz his etib turibmiz.
Shunday murakkab pallada biz dehqonu fermerlar hamda klaster korxonalari tomonidan har qachongidan ko‘ra ko‘proq mas’uliyat bilan ter to‘kib ishlashni davr taqozo etmoqda.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Azaldan xalqimiz nonni eng ulug‘ ne’mat bilib qadrlaydi. Yangi O’zbekistonimizning bu yilgi ulkan g‘alla xirmoni omilkor dehqon
va fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar, g‘allachilik klasterlari rahbarlari, sohaning fidoiy olimu tajribali mutaxassislarining zahmatli mehnatlari evaziga yaratildi.
Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, g‘allachilikni rivojlantirish borasidagi iqtisodiy tub islohotlarning amaliy natijasidir.
2020 yildan davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bekor qilinib, sohada bosqichma-bosqich bozor tamoyillari joriy etildi.
Fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘laridan erkin foydalanish hamda xizmat ko‘rsatuvchi va resurs yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlash huquqining berilishi, shuningdek, donni xarid qilish hamda sotishda birja mexanizmining joriy etilishi yuqori manfaatdorlikni ta’minlamoqda.
Davlat resursi va birja savdolarida sotish uchun g‘alla topshirish ko‘proq manfaat keltirayotganini biz fermerlar his etmoqdamiz.
Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilish uchun subsidiya ajratilishi natijasida yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgan g‘alla maydonlari yildan-yilga kengayib bormoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan yili g‘allani erta ekib, tezroq unib chiqqani va soha olimlarining ilmiy tavsiyalari hamda g‘alla ekish
va yetishtirishning har bir bosqichida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarlar, shuningdek, bobodehqonlar ta’biri bilan aytganda,
“Erta ekkan – erta o‘radi” deb bejiz aytmaganligining isboti tasdiqlandi, bu yil har yilgidan mo‘l hosil yetishtirish imkonini berdi.
Himmati baland mirishkor fermerlar!
O’zbekistonning tabiiy iqlim sharoiti dehqonchilik, jumladan kuzgi bug‘doy yetishtirish uchun juda qulay hisoblanadi.
2025 yilda har bir gektar g‘alladan 90-100 tsentnerdan hosil olish uchun biz dehqon va fermerlar bugundan ishni boshlashimiz zarur bo‘lmoqda.
Buning uchun quyidagi tadbirlarni o‘z muddatlarida mas’uliyat bilan yondoshib amalga oshiraylik!
birinchidan, kuzgi bug‘doy ekish oldidan ekiladigan maydonni sifatli tayyorlang, buning uchun dala maydonini begona
o‘t qoldiqlaridan to‘liq tozalang;
ikkinchidan, yer maydoniga nam berib, tobiga kelgan maydonni kamida 30-35-sm chuqurlikda haydab, tekislagichlar bilan sifatli qilib tekislang, kesakli maydonlarda kesaklarni maydalang, dala atrofi va chetlarini yaxshilab yumshating, yerga-er qo‘shib, to‘liq kontur va to‘liq gektarni ta’minlang;
Maydon kesakli qilib tayyorlansa urug‘lar bir tekis joylashmaydi, yerning yuzasida qolgan hamda ko‘milmagan urug‘lar nobud bo‘ladi. Natijada, ko‘chat siyraklashishi yuzaga keladi
va hosildorlikning pasayishiga sabab bo‘ladi.
uchinchidan, sho‘r yuviladigan maydonlarni sho‘rini yuvishni va yer yetilishi bilan sifatli qilib boshoqli don ekishga tayyorlang;
to‘rtinchidan, mexanizatorlarga shart-sharoit yarating, tungi
yer haydashni yo‘lga qo‘ying;
beshinchidan, bug‘doydan yuqori hosil olish uchun tuproq iqlimga mos, serhosil navlarni tanlashda adashmang va bunga jiddiy e’tibor qarating;
oltinchidan bug‘doyni asosan maxsus don ekish seyalkalarida gektariga 200 kg dan kam bo‘lmagan me’yorda ekilishini ta’minlang;
ettinchidan, bug‘doyni ekishdan avval o‘simlik ildiz tizimi yaxshi rivojlanishi va chuqur ketishi uchun har bir gektarga kamida
200 kg dan fosforli va 100 kg dan kaliyli o‘g‘it seping va g‘alladan barakali hosil olishga erishing;
sakkizinchidan, sentyabr oyida bug‘doyni to‘liq ekib oling, bug‘doy ekilgan maydonlarda uzunligi 50-60 metr bo‘lgan masofada o‘qariq
va shoxariqlar olinib, birinchi suv qo‘yilishini ta’minlang hamda sog‘lom ko‘chat oling;
to‘qqizinchidan, 5 oktyabrga qadar bug‘doyni to‘liq undirib oling, unib chiqqan ko‘chat 45-55 kunda tuplash fazasiga o‘tadi hamda qishlovga tuplagan holda kiradi.
Noyabr oyining boshlarida tuplagan bug‘doy yuqori hosil berishini aslo unutmang.
o‘ninchidan, har bir fermer xo‘jaligi rahbari g‘allachilik klasterlari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, g‘allaga qo‘shimcha ozuqa berib, yuqoridagi tadbirlarni og‘ishmay amalga oshirib 2025 yil g‘alla hosilini 90-100 tsentnerga oshirib, yuqori daromad olishga erishing.
Habaringiz bor, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda asosiy e’tibor
suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, xo‘jalik va korxonalarning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash,
eng muhimi dehqon va fermerlarning og‘irini yengil qilishga qaratilmoqda.
Hurmatli klaster korxonalari rahbarlari!
Sizlarning biz fermerlar bilan hamjihat bo‘lib ishlashimiz natijasida bu yil g‘alladan misli ko‘rilmagan darajada hosil ko‘tardik.
2025 yil g‘alladan 90-100 tsentnerdan hosil olish uchun biz fermerlar bilan bugundan boshlab hamkorlikda ishlarni yanada samarali tashkil eting.
Buning uchun quyidagi tadbirlarni og‘ishmay amalga oshiring!
birinchidan, fermer xo‘jaliklariga yuqori hosil beradigan g‘alla urug‘lik tanlashda hamda o‘z vaqtida ekilishida amaliy yordam ko‘rsating;
ikkinchidan, fermerlar bilan birga g‘allani yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishda shart-sharoitlar yarating;
uchinchidan, 2025 yil hosili uchun g‘allani ekish ishlarini qisqa fursatlarda va sifatli tashkillashda butun mas’uliyat fermerlar va klasterlar zimmasida ekanligini unutmang!
Aziz fermer va dehqonlar!
Xalqimiz bugun biz dehqon va fermerlarning shijoati, g‘ayrat
va matonatiga ko‘z tikib turibdi. Buni bir zum bo‘lsa-da, yoddan ko‘tarmaylik.
Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz yanada farovon bo‘lishi ayni paytdagi mashaqqatli mehnatimizga bog‘liq.
Yurtboshimizning ishonchini oqlab, mamlakatimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan ishlashga, fidoyilik namunasini ko‘rsatishga chaqiramiz!
O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosat a’zolari